YIGIRMA TO’RTINCHI JUZ’ 32. Axir Alloh sha’niga (Uning sherigi va bola-chaqasi bor», deb yolg‘on so‘zlagan va Rost-Qur’onni o‘ziga kelib-etgan paytidayoq (o‘ylamay-netmay) yolg‘on degan kimsadan ham zolimroq biron kimsa bormi?! Yo jahannamda kofirlar uchun joy yo‘qmi?!
33. Rost Qur’onni keltirgan zot (ya’ni, Muhammad alayhis-salom) va uni tasdiq etgan (mo‘minlar) – ana o‘shalar taqvodor zotlardir.
34. Ular uchun Parvardigorlari huzurida (ya’ni jannatda) o‘zlari xohlagan narsalari bordir. Bu chiroyli amal qilguvchi kishilarning mukofotidir.
35. Zero Alloh ularning qilgan yomon amallarini o‘chirib, qilib o‘tgan eng chiroyli amallarining ajri bilan mukofotlar.
36. Alloh O’z bandasiga (ya’ni Muhammad alayhis-salomga, u kishini barcha balo-qazodan asrash uchun) yetarli emasmi?! (Ey Muhammad), ular sizni (Allohdan) o‘zga butlari bilan qo‘rqiturlar.
I z o h. Quraysh kofirlari payg‘ambar alayxis-salomni «Sen bizning xudolarimizni ayblayotganing sababli ular seni halok qilmasalar edi», deb qo‘rqitmoqchi bo‘lganlarida ushbu oyat nozil bo‘lib, Alloh O’z bandasini har qanday yomonlikdan asrashga qodir ekanini uqtiradi va jonsiz but-sanamlarga sig‘inadiganlarni yo‘ldan ozgan kimsalar deb ataydi. Kimni Alloh yo‘ldan ozdirsa, bas, uning uchun biron hidoyat qilguvchi bo‘lmas.
37. Kimni Alloh hidoyat qilsa, bas uning uchun biron yo‘ldan ozdirguvchi bo‘lmas. Alloh qudratli va (O’z dushmanlaridan) intiqom olguvchi emasmi?!
38. Qasamki, agar siz ulardan «Osmonlar va yerni kim yaratgan», deb so‘rasangiz, ular albatta «Alloh» derlar. Ayting: «Endi xabar beringlar-chi, sizlar Allohni qo‘yib duo-iltijo qilayotgan butlaringiz – agar Alloh menga biron ziyon yetkazishni istasa, o‘sha (butlar) U zotning ziyonini arita olguvchimilar? Yoki (Alloh) menga biron marhamat qilishni iroda qilsa, o‘sha (butlar) U zotning marhamatini ushlab qolguvchimilar?!» Ayting: «Menga Allohning O’zi yetarlidir. Tavakkul qilguvchi – suyanguvchi zotlar yolg‘iz Unga tavakkul qilurlar».
39-40. Ayting: «Ey qavmim, joyingizdan jilmay (ya’ni kufringizdan qaytmay) amalingizni qilavering. Men ham (Parvardigorim buyurgan) amalni qilguvchiman. Bas yaqinda kimga rasvo qiladigan azob kelishini va mangu azob tushishini bilajaksizlar!»
41. Albatta, Biz sizga bu Kitobni barcha odamlar (bilib, amal qilishlari) uchun haqqi-rost nozil qildik. Bas kim hidoyat yo‘liga yursa, o‘z foydasiga yurgan bo‘lur. Kim (bu hidoyat yo‘lidan) ozsa, faqat o‘zining ziyoniga adashgan bo‘lur. Siz ularning ustida vakil – qo‘riqchi emassiz.
42. Jonlarni o‘lim vaqtlarida, (hali-hanuz) o‘lmaganlarini esa uxlayotgan paytlarida Alloh olur. Bas O’zi o‘limga hukm qilgan jonlarni (badanlarga qaytarmasdan) ushlab qolur, boshqalarini esa belgilangan bir muddatgacha (ya’ni ajallari yetgunicha) qo‘yib yuborur. Albatta bunda tafakkur qiladigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir.
43. (Yo‘q, mushriklar tafakkur qilmadilar), balki ular Allohdan o‘zga «oqlovchilar»ni (ya’ni o‘zlarining gumonlaricha ularni Alloh huzurida shafoat qiladigan «oqlovchilar»ni — butlarni) ushladilar. (Ey Muhammad), ayting: «(O’sha jonsiz butlar sizlarni oqlaydimi?!) Agar ular biron narsaga ega bo‘la olmaydigan va (biron narsani) anglamaydigan bo‘lsalar ham-a!».
44. Ayting: «Barcha shafoat-oqlov yolg‘iz Allohnikidir. Osmonlar va yerning podshohligi ham Unikidir. So‘ngra (barchalaringiz) yolg‘iz Ungagina qaytarilursizlar».
45. Qachon yolg‘iz Alloh zikr qilinsa, oxiratga iymon keltirmaydigan kimsalarning dillari siqilib ketar. Qachon U zotdan o‘zga butlar zikr qilinganida esa banogoh ular shodlanib keturlar.
46. Ayting: «Allohim,—(ey) osmonlar va yerni ilk yaratguvchi zot (ey) g‘aybu shahodatni (ya’ni yashirin va oshkor narsalarni) bilguvchi zot, yolg‘iz O’zinggina bandalaring o‘rtasida ular ixtilof qilib o‘tgan narsalar haqida hukm qilursan».
47. Agar zolim-kofir kimsalar uchun yerdagi bor narsa va u bilan birga yana o‘shaning mislicha narsa bo‘lsa, albatta ular qiyomat Kunidagi azobning yomonligidan, o‘sha (qo‘llaridagi bor narsalarini) to‘lov qilib berib yuborgan bo‘lur edilar. (Chunki u Kunda) ularga Alloh tomonidan ular o‘ylab ham ko‘rmagan narsalar — azoblar ko‘rindi.
48. Ularga o‘zlari kasb qilgan yomonliklari oshkor bo‘ldi va ularni o‘zlari (dunyodalik chog‘larida) masxara qilib o‘tgan azob o‘rab oldi.
49. Bas qachon insonni biron ziyon ushlasa, U bizga duo-iltijo qilur. So‘ngra qachon Biz O’z tomonimizdan unga biron ne’mat ato etsak, u «Hech shakshubhasiz bu (ne’mat) menga o‘zimning bilimdonligim sababli berildi», der. (Yo‘q, u ne’mat o‘sha insonning sa’y-harakati va donoligi uchun berilgan emas), balki u (o‘sha bandaning shukr yo ko‘rnamaklik qilishini bilish uchun) bir sinov – imtihondir. Lekin ularning ko‘plari bilmaslar.
50. U (so‘z)ni ulardan avvalgilar ham aytgan edilar. Bas, ularga o‘zlari kasb qilib topgan narsalari asqotgani yo‘q.
51. Bas, ularga qilgan yomonliklari yetdi. Ana ulardan (Makka mushriklaridan) bo‘lgan zolim kimsalarga ham yaqinda qilgan yomonliklari yetar. Ular ham qochib qutulguvchi emasdirlar.
52. Axir ular Alloh O’zi xoxlagan kishining rizqini keng qilishini va (O’zi xohlagan kishining rizqini) tang qilishini bilmadilarmi?! Albatta bunda iymon keltiradigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir.
53. (Ey Muhammad), Mening o‘z jonlariga jinoyat qilgan (turli gunohma’siyatlar qilish bilan) bandalarimga ayting: «Allohning rahmatmarhamatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta Alloh (O’zi xohlagan bandalarining) barcha gunoxlarini mag‘firat qilur. Albatta Uning O’zigina mag‘firatli, mehribondir.
54. Sizlarga azob kelib, so‘ngra yordam berilmay qolishidan ilgari (ya’ni Allohning biron balo-qazosiga duchor bo‘lmay turib), Parvardigorlaringizga qaytinglar – Unga bo‘yinsuninglar!
55. Sizlarga, o‘zlaringiz sezmagan holingizda to‘satdan azob kelib qolishidan ilgari Parvardigorlaringiz tomonidan sizlarga nozil qilingan eng go‘zal narsa — Qur’onga ergashinglar!
56-57. Biron jon: «Alloh haqqida (ya’ni U zotga toat-ibodat qilishda) sustkashlik qilganimga nadomat bo‘lgay! Rostdan ham men (Uning dinini va Qur’onini masxara qilguvchilardan bo‘lgan edim», deb qolmasligi uchun; «Agar Alloh meni hidoyat qilganida, albatta taqvodorlardan bo‘lur edim», deb qolmasligi uchun;
58. Yoki azobni ko‘rgan chog‘ida: «Qani endi men uchun yana bir karra (yashashning imkoni) bo‘lsa-yu, men ham chiroyli amal qilguvchilardan bo‘lsam», deb qolmasligi uchun (Qur’onsa ergashinglar!)
59. (Aks holda unga Alloh tomonidan aytilur): «Yo‘q, (Men senga hidoyat yo‘lini ko‘rsatgan edim, aniqki senga Mening oyatlarim kelganida, sen ularni yolg‘on degan eding va kibr-havo qilib, kofirlardan bo‘lgan eding».
60. Qiyomat Kunida Alloh sha’niga yolg‘on so‘zlagan kimsalarni yuzlari qora holda ko‘rursiz. Yo jahannamda mutakabbir kimsalar uchun joy yo‘qmi?!
61. Alloh, taqvo qilgan zotlarni (jannatga) erishganlari sababli (jahannam azobidan) qutqarur va ularga biron yomonlik ham yetmas va ular g‘amgin ham bo‘lmaslar.
62. Alloh barcha narsaning Yaratguvchisidir. U barcha narsaning ustida vakilhomiydir.
63. Osmonlar va yerning ochqichlari Uning (qo‘l ostidadir). Alloh oyatlariga kofir bo‘lgan kimsalar – ana o‘shalargina – ziyon ko‘rguvchilardir.
64. (Ey Muhammad, u mushriklarga) ayting: «Hali sizlar meni Allohdan o‘zgaga ibodat qilishga buyururmisizlar, ey nodonlar!».
65. Darhaqiqat sizga ham, sizdan avvalgi (payg‘ambarlarga ham shunday) vahiy qilingandir: «Qasamki: agar mushrik bo‘lsang, albatta qilgan amaling behuda ketur va albatta ziyon ko‘rguvchilardan bo‘lib kolursan!
66. Yo‘q, sen yolg‘iz Allohgagina ibodat qilgin va shukr qilguvchilardan bo‘lgin!»
67. Ular Allohni to‘g‘ri taniy olmadilar! Butun yer qiyomat kunida Uning qabzasi – changali(dadir). Osmonlar esa Uning qudrat qo‘liga yig‘ilgandir U zot ularning shirklaridan pok va yuksakdir.
68. Sur chalindi-yu, osmonlar va yerdagi bor jonzot o‘ldi, magar Alloh xohlagan zotlargina (tirik qoldilar). So‘ngra u ikkinchi bor chalindi-da, banogoh ular (ya’ni barcha xaloyiq qayta tirildi, qabrlaridan) turib, (Allohning amriga) ko‘z tutarlar.
69. Yer (ya’ni mahshargoh) Parvardigorining nuri bilan yorishdi; kitob – nomai a’mol (hisob-kitob qilish uchun hozirlab) qo‘yildi; payg‘ambarlar va guvohlar keltirildi va ularning (ya’ni barcha bandalarning) o‘rtalarida (birontalariga) zulm qilinmagan holda haq (hukm) bilan hukm qilindi.
70. Va har bir jonga qilgan amali(ning mukofot yoki jazosi) komil qilib berildi, (Alloh) ularning qilar ishlarini juda yaxshi bilur;
71. Va kofir bulgan kimsa to‘da-to‘da qilinib jahannamga haydaldi. To qachon ular (jahannamga) kelib yetganlarida, uning darvozalari ochildi va uning qo‘riqchilari (kofirlariga): «Sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan payg‘ambarlar – Parvardigorlaringizning oyatlarini sizlarga tilovat qilgan hollarida va sizlarni mana shu Kuningizdagi muloqotdan ogohlantirgan hollarida kelmaganmidilar», deganlarida ular: «Ha, (kelganlar), lekin azob So‘zi kofirlar ustiga haq bo‘lgandir, (bas, bizlar ham ularni yolg‘onchi qilganimiz sababli mana shu azobga giriftor bo‘ldik)», dedilar.
72. (Shunda ularga) aytildi: «Jahannam darvozalaridan kiringlar! Sizlar o‘sha joyda mangu qolursizlar!» Bas kibr-havo qilguvchi kimsalarning joylari naqadar yomondir!
73. Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar esa to‘p-to‘p holda jannatga «haydaladilar». To qachon ular darvozalari ochilgan holdagi (jannatga) kelib yetganlarida va uning qo‘riqchilari; «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz», deganlarida (ular behad shodlanurlar).
74. Va «Bizlarga va’dasini rost qilgan va bizlarni bu (jannat) yeriga voris qilgan hamda jannatdan o‘zimiz xohlagan tarafda o‘rin olishimizga (muvaffaq qilgan) Allohga hamdu sano bo‘lsin», derlar. Bas (chiroyli) amal qilguvchi zotlarning ajr-mukofoti naqadar yaxshidir!
75. (Ey Muhammad), siz (o‘sha Kunda) farishtalar arsh atrofini o‘rab olgan hollarida Parvardigorlariga hamdu sano aytish bilan (U zotni) poklab-tasbeh aytayotganlarini ko‘rursiz. (Zero) ularning (ya’ni barcha bandalarning) o‘rtalaridan haq (hukm) bilan hukm qilindi. Va «Hamdu sano barcha olamlarning Parvardigori bo‘lmish Alloh uchundir», deyildi.