XAMR (MAST QILUVCHI ICHIMLIK) ICHISH Alloh taolo aytadi:
«Ey mo‘minlar, aroq (mast qiluvchi ichkilik ichish), qimor (o‘ynash), butlar(ga sig‘inish) va cho‘plar (bilan fol ochish) shayton amalidan bo‘lgan harom ishdir. Bas, ularning har biridan uzoq bo‘lingiz, shoyad najot topsangiz! Aroq, qimor sababli shayton o‘rtalaringizga bug‘zu adovat solishni hamda sizlarni Allohni zikr qilishdan va namoz o‘qishdan to‘sishni istaydi, xolos! Endi to‘xtarsizlar!» (Moida surasi, 90–91).
Alloh azza va jalla mazkur oyatlarda xamrdan ogohlantirdi, qaytardi.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Xamrdan saqlaninglar. Zero, u barcha yomonlikning kalitidir», deganlar (Hokim rivoyati).
Kimda-kim undan saqlanmas ekan, batahqiq, u Alloh va Rasuliga osiylik qilgan va bu bilan azobga sazovor bo‘lgan bo‘ladi. Alloh taolo aytadi:
«Kim Alloh va Rasuliga itoatsizlik qilib, Allohning belgilab qo‘ygan hadlaridan tajovuz qilsa, uni abadiy qoladigan joyi bo‘lmish do‘zaxga kiritur. Va uning uchun xor qilguvchi azob bordir» (Niso surasi, 14).
Jobir roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir mast qiluvchi narsa haromdir. Mast qiluvchi ichimlikni ichgan kishini «Tiynatul xobal»dan (chiqindilar aralashmasi) sug‘orish xususida Alloh huzurida ahd, qat’iy qaror bor», dedilar. «Yo Rasululloh, «Tiynatul xobal» nima?» deb so‘rashgan edi, «Do‘zax ahlining terlari yoki do‘zax ahlidan ajralgan suyuqliklar», deya javob berdilar» (Muslim rivoyati).
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilarki: «Kim bu dunyoda xamr ichsa-yu, so‘ng u uchun tavba qilmasa, oxiratda sharobdan mahrum bo‘ladi» (Muslim rivoyati).
Boshqa bir hadisda: «Uch toifa odam jannatga kirmaydi: xamrga mukkasidan ketgan, qarindosh-urug‘chilik aloqalarini uzgan va sehrni tasdiq qilgan kimsa», deyilgan (Imom Ahmad, Tabaroniy va Abu Ya’lo rivoyati).
Alloh mastning bironta yaxshiligini qabul qilmaydi. Bu xususda Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Uch toifa odamning namozini Alloh qabul qilmaydi va ularning bironta yaxshiligi osmonga ko‘tarilmaydi: qochoq qulning, to xo‘jayiniga qaytib, qo‘lini uning qo‘liga qo‘ymagunicha, erini g‘azablantirgan – norozi qilgan ayolning, to eri undan rozi bo‘lmagunicha va mastning, to o‘ziga kelmagunicha» (Tabaroniy, Ibn Hibbon, Ibn Huzayma, Bayhaqiy rivoyati).
Ibn Umar rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim xamr ichsa, qirq kungacha namozi qabul qilinmaydi. Agar tavba qilsa, Alloh tavbasini qabul qiladi. Bordi-yu qaytib ichsa, qirq kungacha namozi qabul qilinmaydi. Agar tavba qilsa, Alloh tavbasini qabul qiladi. Yana ichsa, qirq tong uning namozi qabul qilinmaydi. Agar tavba qilsa, Alloh tavbasini qabul qiladi. Mabodo, to‘rtinchi marta qaytib ichsa, qirq kungacha namozi qabul qilinmaydi. Agar tavba qilsa, Alloh tavbasini qabul qilmaydi. Alloh undan g‘azablanadi va uni Xobal daryosidan sug‘oradi», dedilar».
Bir kishi Ibn Umar roziyallohu anhudan: «Ey Abu Abdurahmon, Xobal daryosi nima?» deb so‘ragan edi, u: «Do‘zax ahlining yiringlari oqadigan daryo», deb javob berdilar (Termiziy, Hokim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki zino qilsa yoki xamr ichsa, xuddi inson boshidan ko‘ylagini yechib olganidek, Alloh undan iymonni yechib oladi» (Hokim rivoyati).