Nima uchun musulmonlar mazhablarga ergashadi?
| | | Sana: Shanba, 29-Ноября-2008, 19:05 | Xatlari # 1 |
Ism:
| [sultan]
| Maqomi:
| [Super User]
| Guruxi:
| [ENG ENG ENG]
| Postlari:
| [10067]
| Xulqi: +
| [492] ±
| Xulqi: -
| [0%] ±
| User xozir:
| [Forumda emas]
| Yurt:
| [Соединенные Штаты]
| Jins:
| [Erkak]
| |
| ©Nuh Ha Mim Keller 1995 Mazkur maqola 1994 va 1995-yillarda AQSH, Kanada va Angliyada berilgan suhbatlar asosida tayyorlangan. Bu marosimlarda tushgan savollar orasidan eng ko'p uchraydiganlariga quyidagi satrlarda javoblar beriladi. Qur'on va hadisdan shar'iy hukmlar chiqaruvchi mujtahid imomlarning ishlari bir necha yillardan buyon mening tadqiqot mavzum bo'lib keladi. Mazkur davr mobaynida mendan ba'zan shunday savol so'rashadi: "Qur'on va hadis turganda Shariat imomlarining bizga nima keragi bor? Nima uchun Islomimizni Alloh va Rasulining salallohu alayhi vasallam ilohiy taqdirga ko'ra xatolardan pok bo'lgan so'zidan olmasdan, aksincha xatolardan xoli bo'lmagan Abu Hanifa, Molik, Shofeiy and Ahmad kabi mujtahid imomlarning Fiqh maktablari yoki mazhablariga ergashamiz?" Bu mavzuning qanchalar muhim ekanligi yoki shu kunlarda masjidlarimizda biz ko'rayotgan va eshitayotgan ko'plab munozaralarning Fiqh ilmini va uning umumiy holda Islomga aloqasini bilmaslikdan yuzaga kelayotganligi hammangizga yaxshi ma'lum. Asoslarga qaytish va o'zimizdan Allohning buyruqlarini qanday tushunayotganimiz va amal qilayotganimiz haqida so'rash hozir ehtimol har doimgidan ham ko'ra ko'proq muhim ekanligini anglash vaqti yetib keldi. Avvalo, hammamizga ma'lum bo'lgan Islom ilmlarini tahlil qilamiz, so'ng bunda Fiqhning o'rni qayerda ekanini ko'rsatamiz. Fiqh bilan shug'ullanuvchi mujtahid ulamolar uchun Qur'on va sunnatda kelgan talablarga qaraymiz. Dastlab, mujtahid ulamoning ilmi darajasiga e'tibor qaratamiz - qancha hadis bilishi kerak kabi - va keyin ulamolar qat'iy hukm chiqarish uchun turli xil va hatto qarama qarshi bo'lgan hadislarni bir-biriga qanday bog'lashlarini ko'rsatuvchi aniq dalil-misollar orqali uning ilmi qanchalar chuqur bo'lishi lozimligini ko'rib chiqamiz. Hadis darajasini tekshirish ilmiga va uni qabul qilish hamda unga ergashish uchun hadisning sahihligini belgilaydigan shartlarga mujtahidning aloqasini tahlil qilish bilan suhbatimizga yakun yasaymiz. Qur'on va Hadis Siz va men Qur'on va hadisdan olishimiz mumkin bo'lgan ilmlar bir necha xil bo'ladi: birinchi va eng muhimi Iymon ilmi bo'lib, u Alloh va Uning sifatlarini hamda Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam risolati, Qiyomat kabi Islom Aqidasining tamal asoslarini o'rgatadi. Har bir musulmon bu ilmni Allohning Kitobi va sunnatdan o'rgana oladi va o'rganishi kerak. Bu narsa ikkinchi turdagi umumiy ilmga ham tegishli, U Iymon masalalaridan ko'ra amallarni - yaxshilik qilish, yomonlikdan saqlanish, ibodat qilish, zakot berish, ramazonda ro'za tutish, yaxshilikda boshqalar bilan hamkorlik qilish kabi Islomning umumiy qonunlarini - o'z ichiga oladi. Har qanday odam dinimizning to'g'ri yo'lini yoki sirot al-mustaqimni ko'rsatuvchi mazkur umumiy qoidalarni o'rganib tushuna oladi. Fiqh - uchinchi tur ilm, amaliy Islomning xos tafsilotlarini o'rgatadi. Birinchi kelgan ikki Qur'on va Sunnat ilmini har qanday odam o'zi tushuna olsa ham, lug'aviy ma'nosi "anglash" bo'lgan maxsus fiqh nomidagi uchinchi ilmni fahmlashda odamlar iqtidoriga qarab turlicha bo'ladi. Masalan, Iordaniyada kunlarning birida oldimga bir kishi keldi. Uning nima uchun hanuz hajga bormagani haqida gaplashganimizda, u Anas ibn Molik (ra) rivoyat qilgan hadisni eslatdi. Unda Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam, "Kimki bomdod namozini jamoat bilan o'qib, so'ng o'tirgan joyida quyosh chiqquncha zikr bilan mashg'ul bo'lsa, so'ng ikki rakat namoz o'qisa, haj va umraning savobini oladi", deb aytadilar. Anas, "Rosululloh sallallohu alayhi vasallam, "To'liq, to'liq, to'liq", deb aytganlar", deydi (Termiziy, 2.481). Tashrifimda bo'lgan bu kishi mazkur tongda shuni bajargandi va ishonardiki, u haj qilish majburiyatini bajardi va endi unga Makkaga borishning keragi yo'q. Hadis hasan edi. Men mehmonimga biror narsaning savobini olish va Islom o'rnatgan farzni amalda bajarish orqali soqit qilish o'rtasidagi farqni tushuntirdim. U meni angladi. Lekin bu yerda kattaroq dars bor. Qur'on va sunnat ilohiy taqdirga ko'ra xato-nuqsonlardan pok bo'lsa ham, ularni tushunish bunday xatoliklardan holi emas. Ijtihod qilishda malakasiz bo'lgan biror odam xuddi mening tashrifimdagi kishi kabi Qur'on va sunnatdan hukm chiqarsa, u buning uchun qiyomat kuni javobgar bo'ladi. Bu tibbiy maktab ko'rmagan havaskor do'xtirning jarrohlik amaliyotida pichoq bilan kimnidir o'ldirib qo'yib javobgar bo'lishi misoliga o'xshaydi. Nima uchun? Chunki Alloh Qur'onda anglatganki, Fiqh, ya'ni ilohiy buyruqni to'liq anglash Musulmon jamoatining maxsus tayyorlangan a'zolaridan ularni o'rganish va o'rgatishni talab qiladi. Alloh Tavba surasida shunday deydi: "Mo'minlar yoppasiga (jangga) chiqishlari shart emas. Ularning har bir guruhidan bir toifa chiqmaydimi?! (Qolganlari) dinni o'rganib, qavmlari ularga (jangdan) qaytib kelgach, (gunohdan) saqlanishlari uchun ularni ogohlantirmaydilarmi?!" (Qur'on, 9:122) Bu yerda "yatafaqqahu fi al-din", ya'ni "dinni o'rganib," iborasi fiqh so'zi bilan bir xil o'zakka ega (f-q-h) va uni Arab tilining g'arblik talabalari "beshinchi shakl fe'l" (tafa'ala) deb nomlashadi. Bu narsa anglashning diqqat bilan olib borilgan harakat orqali qo'lga kiritilishini ko'rsatadi. Mazkur Qur'on oyati dinini o'rgangan va natijada uni o'rgatishga layoqatli bo'lgan odamlar guruhi bo'lishi kerakligini ta'kidlamoqda. Alloh Nahl surasidagi bir oyatda Shariatdagi hukmni bilmaydiganlar biladiganlardan so'rashi lozimligi buyurgan: "Agar (bu haqda) bilmaydigan bo'lsangizlar, ahli zikrlardan so'rangizlar!" (Qur'on, 16:43) Bu oyatdagi "ahli zikr" ifodasi Qur'on va sunnat ilmiga ega bo'lganlarni, ya'ni ularning boshida turgan Ummatning mujtahid imomlarini ifodalaydi. Nima uchun? Chunki, avvalo, Qur'on va hadis arab tilida bo'lib, tarjimon sifatida sizga shu narsani ishonch bilan ayta olamanki, bu Arab tili bo'lganda ham shunchaki Arab tili emas. Qur'on va sunnatni anglash uchun mujtahid Arab tilini bu til nomahalliy so'zlashuvchilar tomonidan qo'llanila boshlamasdan oldingi ilk arablar o'zlari bilgan darajada mukammal bilishi shart. Bunday til talabi - bugun deyarli hech kim bu darajada bilmaydi - maqolamning bosh mavzusi emas. Lekin biz shu darajada bilgan taqdirimizda ham, siz yoki men, malakasiz mutaxassis bo'la turib, amaliy Islomning detallarini to'g'ridan-to'g'ri manbalardan chiqarishni xohlay olamizmi? Zero, Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam Buxoriy va Muslimda kelgan hadisda, "Agar qozi hukm chiqarib, ijtihod qilsa va u to'g'ri topsa, ikki savob oladi. Agar u hukm chiqarib, ijtihod qilsa, lekin u xato bo'lsa, bitta savob oladi", degan bo'lsalar (Buxoriy, 9.133). Bunga javob shuki, mazkur hadisdagi ijtihod atamasi har qanday odam tomonidan Islomiy hukmni anglash va ishlab chiqishga qaratilgan harakatini bildirmaydi, balki unda savolga aloqador Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam o'rgatgan har bir narsaning to'liq ilmiga ega inson haqida gap ketyapti. Mazkur o'lchovlarga talab bermaydigan odamning ijtihod qilishi jinoyatdir. Buning dalilini sahobiy Jobir ibn Abdulloh rivoyat qilgan bir hadisdan ko'rishimiz mumkin: Biz safarda edik, hamrohlarimizdan biri toshga urilib boshi yorildi. Keyinroq u uyqusida ehtilom bo'lib, birodarlaridan, "Mening tayammum qilishimga ruxsat bormi? (ya'ni, g'usl qilmasdan)", deb so'radi. Ular, "Agar suv ishlatishga qodir bo'lsang, ruxsat yo'q", deyishdi. Shunday qilib u to'liq g'usl qildi va jarohati ochilib, vafot etdi. Biz Payg'ambar sallallohu alayhi vasallamning oldilariga kelgach, bo'lgan voqea ularga yetkazildi va ul zot, "Ular uni o'ldirishibdi, Alloh ularni o'ldirsin. Bilishmasa, nega so'rashmaydi? Bilmaslikning davosi so'rashdir", dedilar (Abu Dovud, 1.93). Abu Dovuddan rivoyat qilingan bu hadis hasandir va taqvo sohibi bo'lgan har bir musulmon u haqda jiddiy o'ylamog'i kerak. Chunki Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam unda ma'lum qilyaptilarki, - qattiq ta'kid tili bilan - yetarli bo'lmagan ilm bilan Islomda fatvo berish jinoyatdir. Shunga o'xshash yana bir hasan hadisda, "Kimgaki ilmsiz tarzda olingan fatvo berilsa, uning gunohi bu fatvoni bergan odamning bo'ynigadir", deb aytilgan (Abu Dovud, 3.321). Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam yana shunday deganlar: Hukmlar uch xildir: ularning ikkitasi jahannamda va bittasi jannatdadir. Haqiqatni bilgan va unga ko'ra hukm qilgan odam jannatga kiradi. Johil, lekin odamlarga fatvolar beruvchi odam jahannamga kiradi. Hamda haqiqatni bilgan, lekin nohaq hukm beruvchi odam jahannamga kiradi (Sharh al-sunna, 10.94). Abu Dawud, Tirmidhi, Ibn Majah va boshqalar tomonidan rivoyat etilgan bu hadis sahihdir va jahannam olovidan o'zini saqlashni istagan har bir musulmon Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam so'zlaridagi "johil, lekin odamlarga fatvolar beruvchi" odamning taqdiri haqida xushyor va jiddiy o'ylamog'i kerak. Bizda axir Yusuf Alining Qur'on tafsiri va Sahih al-Buxoriyning tarjimalari bor-ku. Bular yetarli ilmiy manbalar bo'lolmaydimi? Bular qimmatli kitoblar va ehtimol, dinimizning eng katta va eng muhim qismini tashkil etuvchi aqida va dinning umumiy qonunlarini o'z ichiga oladi. Bu yerda bizning suhbatimiz mazkur keng tamoyillar haqida emas, balki amaliy Islomning Fiqh deb nomlanuvchi maxsus detallarini anglash haqidadir. O'ylaymanki, mazkur masalalarni o'rganuvchi har bir xolis tadqiqotchi buning uchun ingliz tilidagi tarjimalar kifoya emasligini tasdiqlaydi. Darhaqiqat, bular kifoya emas, chunki dinning asosi bo'lgan Qur'on va hadisning to'liq matnlari yig'indisini anglash uchun olimdan ikki o'lchamli ilm talab etiladi: kenglik o'lchami, ya'ni barcha matnlarni puxta bilishlik hamda chuqurlik o'lchami, ya'ni barcha Qur'on oyatlari va hadislarni, hatto bir-biriga zid ko'ringanlarini jamlash va bog'lash uchun zarur bo'lgan uslubiy (metodologik, T) qurollarni bilish. Bosh matnlar ilmi Mujtahid ilmining kengligi borasida Imom Ahmad ibn Hanbalning shogirdi Muhammad ibn Ubaydulloh ibn al-Munadi bir kishining Imom Ahmaddan shunday so'raganini eshitadi: "Agar bir kishi 100 000 hadisni yod olsa, u faqih bo'la oladimi?". U "Yo'q", deb javob beradi. U kishi, "200 000 bilsachi?", deb so'raydi. U "Yo'q", deydi. U kishi, "300 000 bilsachi?", deb so'raydi. Va u "Yo'q", deb javob beradi. U kishi, "400 000 bilsachi", deb so'raydi. Imom Ahmad, "Taxminan shuncha", deganday qo'li bilan ishora qiladi (Ibn al-Qayyim: I'lam al-muwaqqi'in, 4.205). Haqiqatda Imom Ahmad "hadis" atamasi orqali Payg'ambar sallallohu alayhi vasallamning barcha turli xil rivoyat sanadlarida kelgan hadislarini har birini alohida hadis sifatida va ehtimol sahobalarning so'zlarini ham sanagan holda aytyaptilar. Lekin bu yerdagi muhimroq nuqta shuki, agar biz turli sanadlarni ayirib, faqat Payg'ambar sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat etilgan dalil sifatida mavjud sahih yoki hasan (ijtihod maqsadida hasan sahihga tenglashtirilishi mumkin) hadislarning o'zi haqida gapirgan taqdirimizda ham, biz atiga 10 000 dan ortiq hadislar haqida gapirayotgan bo'lamiz. Bularni nafaqat Buxoriyning o'zi yoki Buxoriy va Muslim, balki oltita va va hatto to'qqizta mo'tabar kitoblar ham qamrab ololmaydi. Xullas, halol yoki harom, farz yoki sunnatga aloqador masalada odamlar uchun hukm chiqarmoqchi yoki fatvo bermoqchi bo'lgan odam unga daxldor bo'lgan barcha bosh matnlarni bilmog'i shart. Chunki mujtahid uchun ehtimol 10 000 sahih bo'lgan hadis bir sahih hadis kabidir va u Allohning qat'iy buyrug'ini tushuntirish uchun ular orasini bog'lash maqsadida, avvalo, mazkur hadislarni bilishi kerak. Men, "orasini bog'lash", deb aytyapman, chunki ko'pchiligingizga ma'lumki, ayrim sahih hadislar boshqa bir shunday sahih hadisni inkor etayotganday ko'rinadi. Bunday holatda mujtahid nima qiladi? Ijtihod. Keling, misollarga murojaat etaylik. Aksariyatimiz haj qilmaganlar uchun arafa kuni ro'za tutish haqida "u oldingi va keying yil gunohlari uchun kafforat bo'ladi" (Muslim, 2.819), deb aytilgan hadislarni bilamiz. Lekin boshqa bir sahih hadis faqatgina Juma kuni ro'za tutishni taqiqlaydi (Bukhari, 3.54), yoki boshqa bir hasan hadis faqat Shanba kuni ro'za tutishni taqiqlaydi (Termiziy, 3.120). Buni Termiziy, "Bundagi makruhlikning ma'nosi shuki, kishi faqat Shanba kunini ro'za tutish uchun xoslab olmasligi kerak. Chunki yahudiylar bu kunni bayram qilib olishgan", deb tushuntiradi. Ayrim ulamolar Yakshanba kunini ham xuddi shu sabab bilan, ya'ni uni nomusulmonlar bayram qilishlari bois unda ro'za tutishni makruh deb hisoblashgan (boshqa hadislar bu kunlarda bir kun oldingi yoki keyingi kunlarni qo'shib ro'za tutishga ruxsat beradi, chunki, ehtimol, hech qaysi din bu kunlarning ikkitasini birin-ketin bayram qilmagan). Shu yerda savol tug'iladi: Agar arafa Juma, Shanba yoki Yakshanbaga to'g'ri kelib qolsa, odam nima qiladi? Arafa kuni ro'za tutishga bo'lgan umumiy talab bu kunlarning birida ro'za tutish haqidagi maxsus ta'qiqqa duch kelishi mumkin. Lekin barcha hadis matnlaridan xabardor mujtahid uchinchi bir hadisni, ya'ni Muslim rivoyat qilgan, "Boshqa kunlar orasidan ro'za tutish uchun Jumani, u siz odatda tutadigan ro'zangizga to'g'ri kelmaguncha, ajratib olmanglar" hadisini aniq biladi (Muslim, 2.801).Keyingi hadis mujtahidga, ro'za tutish ta'qiqlangan kun agar odatda tutiladigan ro'zaga to'g'ri kelib qolsa o'zgarishi haqidagi umumiy tamoyilni beradi - shunday qilib Arafa Juma, Shanba yoki Yakshanbaga to'g'ri kelishidan qat'i nazar bu kunlar ro'za tutishda muammo bo'lmaydi. Hamma joyda bo'lgani kabi bu yerda ham Islomdagi bir amalni qilish hukmini tushunmoqchi bo'lgan odam unga aloqador hamma matnlarni bilishi kerak bo'ladi. Chunki siz va biz oddiy musulmonlar sifatida faqat o'zimizga ma'lum bo'lgan Qur'on oyatlari va hadislargagina bo'ysunmaymiz. Biz ularning barchasiga, butun shariatga bo'ysunishga mas'ulmiz. Va agar biz shaxsan uning barcha matnlari orasini bog'lay olish salohiyatiga ega bo'lmasak - buning uchun qancha ilm kerakligini Ahmad ibn Hanbaldan eshitdik - biz shunga qodir bo'lgan boshqa bir insonga ergashishimiz kerak bo'ladi. Shuning uchun Alloh bizga, "Agar (bu haqda) bilmaydigan bo'lsangizlar, ahli zikrlardan so'rangizlar!" deb aytgan. Mazkur ilmning salmog'i va mohiyati mutaxassis bo'lmagan odamdan, agar u Fiqh maktablariga zid keluvchi biror hadis topsa - u Buxoriyda bo'ladimi yoki boshqa joyda -Fiqh ulamolariga nisbatan odob saqlab turmog'ini shart qiladi. Ilmsiz odam, masalan, Sahih al-Buxoriyni o'qish davomida Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam ning Xaybardan qaytishda sonlarini ochib kelganlari haqidagi hadisga duch keladi (Bukhari, 1.103--4) va u, to'rt mazhab - Hanafiy, Molikiy, Shofeiy va Hanbaliy - sonni avrat deb hukm chiqarishda adashgan ekan, deb tasavvur qilishi mumkin. Haqiqatda esa barchasi hasan yoki sahih bo'lgan boshqa bir necha hadis bo'lib, ularda Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam ochiq-oydin turli sahobalarga sonlarini avrat bo'lganligi uchun yopishga buyurganlar. Hokim rivoyat qilgan hadisda Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam masjidda Jarhadni yengsiz ko'ylak (mantle)da sonini ochib yurganini ko'rib, unga, "Son kishining avratidandir", deb aytadilar (al-Mustadrak). Bu haqda Hokim, "Bu sanadi sahih bo'lgan hadisdir", deb aytgan. Buni Imam Zahabi ham tasdiqlagan (yuqoridagi asar). Imam al-Bag'avi rivoyat qilgan sahih hadisda, "Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam ikki soni ko'rinib turgan Ma'marning oldidan o'tadilar va unga, "Ey, Ma'mar, ikki soningni berkit, chunki ikki son avratdir", deb aytadilar (Sharh al-sunna 9.21). Ahmad ibn Hanbal keltirgan hasan sanadli rivoyatda Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam, "Agar birortangiz xizmatkoringiz yoki yollagan kishingizni uylantirsangiz, u avratiga qaramasin, chunki kindigi va ikki tizzasi orasi avratdir", deb aytganlar (Ahmad, 2.187). To'rt mazhabning mujtahid ulamolari bu hadislarni bilishgan va ularni "Payg'ambar sallallohu alayhi vasallamning so'zlardagi ochiq-oydin buyrug'i ul zotning harakatidan ustun ko'riladi" metodologik tamoyiliga ko'ra Buxoriyda kelgan Xaybar hadisi bilan bog'lashgan. Nima uchun? Sabablardan biri, Shariatning ayrim qonunlari faqat Payg'ambar sallallohu alayhi vasallamgagina tegishli bo'lgan. Masalan, jangga kirganlarida, dushman soni ko'p bo'lishidan qat'i nazar, ortga chekinishlariga ruxsat bo'lmaganligi. Yoki tongga yaqin uyqudan uyg'onib o'qiladigan biz uchun sunnat bo'lgan tahajjud namozining faqat ul zotga farz bo'lgani. Yoki ro'za kunlari orasida kechasi ham og'iz ochmaslikning ul zotga joizligi. Yoki to'rttadan ortiq xotin olishning faqat u kishiga ruxsat etilganligi - bunda Alloh biz uchun O'z Hikmati bilan Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam kundalik sunnatining daqiq nuqtalarigacha ko'rsatib qo'ygan… Shariat ma'lum qonunlarining faqat ul zotgagina taalluqli bo'lgani bois mujtahid ulamolar quyidagi tamoyilni ishlab chiqqanlar: Agar Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam biror amalni shaxsan bajarsalar, masalan, Xaybardan so'ng sonlari ochiq ko'rinishi; va bizga boshqa ishni qilishga ochiq buyruq bersalar, bu masalada sonni yopishga buyurganlar; o'zimiz uchun buyruqni qabul qilamiz, ular qilgan amalni esa o'zlari sallallohu alayhi vasallam uchungina xos, deb hisoblaymiz. Mazkur misoldan biz shunday bir ulamolikni ko'rishimiz mumkinki, u ilmning kengligi va fiqhning chuqurligida barcha hadislarni qamrab oladi va Sahih al-Buxoriydagi Xaybar hadisiga asosan, "Ulamolar nohaq, hadis to'g'ri", deb fatvo bermoqchi bo'lgan odam johilligi uchun jinoyat darajasidagi e'tiborsizlik aybdori hisoblanadi. Agar kishi Qur'on va hadis borasida keng ilmga ega bo'lmasa va ular orasini bog'lash uchun Fiqh metodologiyasidan bexabar bo'lsa, u o'qigan hadislar kifoya emas. Boshqa misol oladigan bo'lsak, bir hasan hadisda, "Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam qabrga boruvchi ayollarni la'natlaganlar" (Termiziy, 3.371). Lekin ulamolar ayollarning qabrga borishlari haqidagi ta'qiq boshqa bir sahih, "Sizlarga qabrlarga borishni taqiqlagan edim, endi ularga boringlar" hadisi orqali bekor qilinganini aytishadi (Muslim, 2.672). Bu yerda "endi ularga boringlar" ifodasi (fa zuruha) erkaklarga (yoki kamida aksariyati erkaklar bo'lgan guruhga) buyruq bo'lsa ham, haqiqatda hadisning endi erkaklarga ham, ayollarga ham qabrlarga borishni ruxsat berishi Muslimdan rivoyat qilingan boshqa bir hadisdan anglashiladi. Oisha (ra) Payg'ambar sallallohu alayhi vasallamdan qabrlarga borganda nima aytishi kerakligi haqida so'raydi. Ul zot unga, "Bu maskanlar xalqining mo'min va muslimlariga tinchlik bo'lsin: Alloh bizlardan ketganlarga va hali ketmay orqada qolganlarga rahm qilsin: Inshaalloh, biz ham shak-shubhasiz sizlarga qo'shilamiz", deb ayt", deydilar (Muslim, 2.671). Bu hadis ayolning mazkur duoni o'qish uchun qabrlarga borishi joiz ekanligini ko'rsatadi, chunki agar bularni aytish uchun qabrlarga tashrif buyurish itoatsizlik bo'lganda, Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam unga hech qachon bu so'zlarni o'rgatmagan bo'lardilar. Yoki boshqacha qilib aytadigan bo'lsak, mazkur barcha hadislarni nasx, ya'ni bekor qilish metodologik uslubi bilan birgalikda bilish to'g'ri fiqhiy xulosaga kelish uchun juda muhimdir; "Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam qabrga boruvchi ayollarni la'natlaganlar" hadisi ikkinchi hadis orqali bekor qilingan va bu uchinchi hadis orqali tasdiqlangan. Yoki Moida surasidagi Qur'on matniga nazar tashlang: "Shuningdek, Ahli Kitoblarning taomi sizlar uchun halol va taomingiz ular uchun haloldir" (Qur'on, 5:5). Bu zohiran ularning barcha taomlariga tegishli umumiy qoidadir. Lekin mazkur qoida taxsis ga, ya'ni cheklovga muhtoj. Maxsus xos qoidalar Ahli kitoblarning ayrim taomlari, masalan, to'ng'iz yoki shar'iy usulda so'yilmagan hayvonlar go'shti bizlar uchun halol emasligini bildiradi. Taxsis, ya'ni cheklov qoidasidan bexabarlik bugungi zamon mujtahidlik da'vosidagi kishilar orasida ko'p uchramoqda, nazarimizda. Ko'pincha ulardan "Lekin Qur'on bunday deydi", yoki "Lekin hadis bunday deydi" kabi umumiy qoidalarni ularni cheklovchi boshqa xosroq Qur'on oyatlari va hadislarni eslatmasdan turib ishlatishlarini eshitamiz. Bularga javob faqat shunday bo'ladi: "To'g'ri, birodar, Qur'on, "Ahli Kitoblarning taomi sizlar uchun halol" deydi. Ammo u yana nima deydi?" yoki, "To'g'ri, Sahih al-Buxoriydagi hadisga ko'ra, Payg'ambar sallallohu alayhi vasallamning Xaybardan qaytishda sonlari ochiq bo'lgan. Ammo hadislar yana nima deydi va muhimrog'i, buni bilishingizga ishonchingiz komilmi?" Yuqoridagi misollar mujtahidga dalillarni bog'lash orqali Islomni tushunish va amaliy hukm chiqarish uchun zarur bo'lgan ayrim metodologik qoidalarni ochib beradi, xolos. Avvalo, biz umumiy qoidalarning ko'proq xususiy holatlar orqali taxsis, ya'ni cheklanishi tamoyilini Arafa kuni ro'za tutish va Ahli kitoblarning taomlari misolida ko'rdik. Ikkinchidan, Sahih al-Buxoriydagi sonning yopilmaganligi haqidagi Xaybar hadisi va sonni yopishni ochiq buyruq beruvchi hadislarda, agar ziddiyat yuzaga kelsa, so'zlarda ifodalangan Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam buyrug'ining oddiy harakatda kelgan amaldan ustun ko'rilishi tamoyilini ko'rdik. Uchinchidan, ayollarning avval qabrlarga borishi taqiqlanganligi va keyinroq ruxsat berilgani misolida "avvalgi qoidaning keyingi biri tomonidan bekor qilinishi", ya'ni nosix va mansux tamoyillarini ko'rdik. Bular ikki yoki undan ortiq Qur'on va hadis matnlarining bir-biriga bog'lanishi va bir-birini taqozo etishi uchun zarur bo'lgan yo'llarning uchtasi xolos. Matnlardan shariat hukmlarini olmoqchi bo'lgan odam bularni bilishi shart. Boshqacha qilib aytganda, yuqoridagilar to'liq metodologik asboblar qutisining uchta quroli xolos. Bugun bizda barcha qurollarni detallari bilan ko'rib chiqishga yetarli vaqt yo'q. Quyida ayrimlarini, dastlab arabcha ismini yozgan holda eslatib o'tishimiz mumkin: * Omm, ko'plab qoidalar uchun umumiy tatbiqotda bo'lgan matn va uning ziddi; * Xos, buni faqat bir hukm yoki hukm turi uchun tatbiq qilish mumkin; * Mujmal, bu to'la anglanishi uchun boshqa matnlarni talab qiladi va uning ziddi; * Mubayyan, bu boshqa matnlarsiz o'zi aniq-lo'nda bo'ladi; * Mutlaq, bu cheklovsiz tatbiq qilinadi va uning ziddi; * Muqayyad, bu boshqa matnlarda kelgan cheklovlarga bo'ysunadi; * Nosix, bu oldin kelgan hukmlarni bekor qiladi va uning ziddi; * Mansux, bekor qilingan hukm; * Nass, bu biror hukmiy masalani qat'iy hal qiladi va uning ziddi; * Zohir, bu birdan ortiq ma'no va tarjimaga ega bo'lishi mumkin.
|
| |
|
| | Sana: Shanba, 29-Ноября-2008, 19:07 | Xatlari # 2 |
Ism:
| [sultan]
| Maqomi:
| [Super User]
| Guruxi:
| [ENG ENG ENG]
| Postlari:
| [10067]
| Xulqi: +
| [492] ±
| Xulqi: -
| [0%] ±
| User xozir:
| [Forumda emas]
| Yurt:
| [Соединенные Штаты]
| Jins:
| [Erkak]
| |
| (2-qism) Mujtahid kim, fiqh nima, Alloh buyruqlarini o'zida mujassam etuvchi matn turlari qanday kabi savollarni ularga oydinlik kirituvchi misollar bilan eslatishdan maqsadim o'zimizning asl savolimizga javob topishdir: Nima uchun Islomiy amaliyotimizni xatolardan xoli bo'lmagan mujtahid imomlardan olgandan ko'ra, Alloh va Rasulining sallallohu alayhi vasallam ilohiy taqdirga ko'ra xatolardan pok bo'lgan so'zidan olmaymiz? Bunga javob shuki, biz ko'rib chiqqanimizdek, ilohiy matnlarga ularni anglamasdan turib to'g'ri amal qilib bo'lmaydi va anglash, avvalo, kishidan ularning barchasida mutaxassislikning keng ko'lamiga ega bo'lishni talab etadi; ikkinchidan, qismlarning bir-biriga qanday aloqadorligi haqidagi ilmga ega bo'lish kerak. Ilohiy matnlar ilmining mazkur ikki qirrasini bir-biriga qo'sha olgan odam o'zining Islom amaliyotini Alloh va Payg'ambarining so'zidan olayotgan bo'ladi. Buni u mujtahid imom sifatida shaxsan o'zi amalga oshirishi mumkin yoki boshqalar orqali, ya'ni shunday imomga ergashish bilan bajarishi mumkin. Ulamolarga ergashish (Taqlid) Qur'on ochiqchasiga ikki daraja orasidagi farqni ko'rsatib bergan: yo'li taqlid yoki "ulamolar chiqargan hukmlarga barcha dalillarini surishtirmasdan ergashish" bo'lgan nomutaxassislar va vazifasi bilish hamda dalillarni o'rganish bo'lgan ulamolar. Alloh taolo Niso surasida shunday deydi: "Agar uni Payg'ambarga va o'zlaridan bo'lgan ishboshilarga havola qilganlarida edi, ulardan ish negizini biladiganlari uni anglab yetar edilar" (Qur'on 4:83). bu yerda allazina yastanbitunahu minhum, ya'ni "ulardan ish negizini biladiganlari" ifodasi dalildan to'g'ridan-tog'ri shar'iy hukmlar chiqarishga qodir insonlarni ifodalaydi. Bu arab tilida istinbat deb ataladi. Mufassir ar-Roziy aytganidek, "Alloh ma'nan mas'ul kishilar amaliy dalillarni ularga oid hukmni chiqara (yastanbitu) oladigan kishilarga havola etishlarini buyurgan" (Tafsir al-Fakhr al-Razi, 10.205). Mana shu darajaga erishgan odam dalildan to'g'ridan-to'g'ri hukm chiqara oladi va aslida shunday qilishi kerak. U dalilni tekshirmasdan boshqa olim chiqargan xulosalarga shunchaki ergashishi (taqlid qilishi) mumkin emas. Bu qoida Fiqhning uslubiy tamoyillari haqidagi kitoblarda o'z ifodasini topgan: Laysa li al-'alim an yuqallida, ya'ni "Olim (ya'ni, yuqoridagi Qur'on oyatida ishora etilgan istinbat darajasiga yetgan mujtahid) boshqa olimga shunchaki ergashishi mumkin emas" (al-Juvayni: Sharh al-Varaqat, 75), ya'ni mujtahidning boshqa mujtahidga ergashishi, agar uning dalillarini bilmasa va ma'qullamasa, shar'an mumkin emas. Mujtahid Imomlar mana shu darajada bo'lgan ko'plab ulamolarni yetishtirganlar. Imom Shofeiyning al-Muzani va Imom Abu Hanifaning Abu Yusuf, Muhammad ibn al-Hasan al-Shayboniy kabi shogirdlari bor edi. Abu Hanifaning quyidagi so'zlari mana shunday shogirdlarga qaratilgan edi: "Dalillarimni bilmagan odamning mening hukmimni fatvo qilib berishi haromdir" (al-Hamid: Luzum ittiba' madhahib al-a'imma, 6) va "Qayerdan olganimizni bilmagan odamga bizning qarorimizni fatvo qilib berishi halol emasdir" (yuqoridagi asar). Bu so'zlarni xuddi oddiy musulmonlarga aytilgandek qilib bugun iqtibos keltirishlar zamonamizning ahmoqona xatolaridan biridir. Agar to'quvchi, dengizchi, kompyuter operatori yoki doctor uchun Qur'on va minglab hadislar to'liq matnini dalillarni dastaklash va ular orasini bog'lash uchun zarur bo'lgan metodologik tamoyillar bilan birgalikda keng qamrovli o'rganmasdan turib biror ibodat amalini qilish nojoiz bo'ladigan bo'lsa, unda u yo kasbini yoki dinini tark etishi kerak bo'ladi. Buning uchun bir umrlik o'rganish ham yetarli bo'lishi qiyin. Buni Abu Hanifa hammadan ham ko'ra yaxshiroq bilgan va u shuning uchun faqat istinbat ulamolari, ya'ni mujtahidlarga qarata so'zlagan. Kimki yuqoridagi so'zlarni, Abu Hanifa oddiy musulmonlar uchun ulamolarga bilmasdan taqlid qilish noto'g'ri deganini anglatish maqsadida iqtibos etsa, u bir lahza naqadar mantiqsiz bir gap qilayotgani haqida jiddiy o'ylab ko'rsin. Xususan, Abu Hanifaning boshidan oxirigacha bo'lgan hayot faoliyati misolida ko'rsin. Zero, uning butun hayoti oddiy musulmonlar ergashishlari va manfaat topishlari uchun dinning fiqhiy hukmlarini ixchamlashtirishdan iborat bo'lgan. Imom Shofeiy ham quyidagi so'zlarini aytganda yuqori darajali olimlarni nazarda tutgan: "Agar hadis sahih bo'lsa, u mening mazhabimdir" - buni ko'pchilik, agar kishi, masalan, Sahih al-Buxoriyda Shofeiy hukmiga zid bo'lgan hadis topsa, bu Shofeiyning bundan bexabar bo'lganini bildiradi va hadisni qabul qilish kerak, deb noto'g'ri tushunishgan. O'ylaymanki, bu kecha biz ko'rib chiqqan yagona hukmga kelish uchun ko'plab hadislar orasini bog'lash haqidagi misollar Shofeiyni noto'g'ri tushunishlari sabablarini ochib beradi. Shofeiy bu yerda o'zi ilgari xabardor bo'lmagan hadislar haqida gapiryapti va olimlar u hukm chiqarganda bu hadisdan xabarsiz bo'lganini bilishlari lozim. Bu esa, Imom Navaviy aytishicha, "juda qiyindir", chunki Shofeiy juda katta miqdorda hadis bilardi. Biz faqih qancha hadis bilishi kerakligi haqida Shofeiyning talabasi bo'lgan Ahmad ibn Hanbalning fikrini eshitdik va u Shofeiyni shak-shubhasiz mana shunday ulamo deb bilgan. Chunki Shofeiy fiqhda uning ustozi bo'lgan. Hadis yod olishda "Imomlar imomi" nomi bilan mashhur ibn Xuzaymadan bir marta so'rashgan ekan: "Siz Shofeiy o'z kitoblariga kiritmagan biror sahih hadisni bilasizmi?" Va u, "Yo'q", deb javob beradi (Navaviy: al-Majmu', 1.10). Imom Zahabi shunday degan, "Shofeiy hadis borasida birorta ham xato qilmadi" (Ibn Subki: Tabaqat al-Shafi'iyya, 9.114). Bularning barchasidan shu ravshanki, Imom Shofeiyning "Agar hadis sahih bo'lsa, u mening mazhabimdir", degan gapi o'zi kabi hadis imomi darajasidagi ulamolarga aytilgandagina biror ma'no kasb etadi. Hadis ishonchliligi So'nggi nuqta bugun ko'pchilikka noma'lum bo'lgan boshqa bir masalani o'rtaga ko'taradi. Men nutqimning so'nggi qismini shunga bag'ishlamoqchiman. Mujtahid imom Qur'on va hadis dalillari hamda ular orasini bog'lash va undan hukm chiqarish uchun zarur bo'lgan tamoyillar bilan ishlashda bizdan farqli bo'lgani kabi, hadislar ishonchliligini tekshirishda ham u bizlar kabi emasdir. Agar hadis mutaxassisi bo'lmagan bir kishi hadisning darajasini bilmoqchi bo'lsa, u odatda hadisning, masalan, Sahih al-Buxoriy yoki Sahihi Muslimda kelishiga yoki boshqa hadis ulamolarining uni sahih yoki hasanligini ta'kidlaganlariga qaraydi. Mujtahid esa bunday qilmaydi. U biror hadisning darhaqiqat Payg'ambar sallallohu alayhi vasallamdan ekanligi haqidagi xulosaga biror "hadis olimining fikriga ergashib" yoki taqlid qilib emas, balki o'zining hadis roviylari haqidagi va boshqa hadis ilmlari orqali mustaqil hukm chiqarish yo'li bilan erishadi. Shuning uchun Buxoriy, Muslim yoki boshqa birortasidagi mujtahid daliliga zid keluvchi hadis mujtahidlar tutgan mavqega qarshi dalil bo'lolmaydi. Nima uchun? Chunki muhaddislar orasida hadis sanadidagi roviylarning ishonchlilik darajasi borasida ixtiloflar bor va shuning uchun hadislar ham shu yo'sinda turli muhaddislar tomonidan xuddi fiqhdagi ayrim masalalar borasida ixtiloflar bo'lgani kabi turlicha baholanishi mumkin. Fiqh mazhablari kabi bu boradagi ixtiloflar umumiy holatga nisbatan kam, lekin uning mavjudligini eslab qo'yish kerak. Chunki mujtahid ulamo biror hadis borasida boshqa bir mujtahidning hukmini qabul qilishga majbur emas. Masalan, bugungi zamon hadis mutaxassisining o'z ijtihodiga ko'ra bir hadisni zaif deb topishi uni ishonchli deb topgan ilgarigi mujtahidning ijtihodiga qarshi dalil bo'lolmaydi. Xususan, bu narsa bugungi kunda hadis sohasidagi mutaxassislarning hadis ilmlarida ham, ularni yod olishda ham o'tgan mujtahidlar darajasiga teng kelolmasligi bois to'g'ridir. Biz sahih nima ma'no anglatishini ham eslatishimiz kerak. Men maqolamni hadis sahih hisoblanishi uchun zarur bo'lgan besh shartni eslatish bilan yakunlamoqchiman va inshaalloh, muhaddislarning ular haqida qanday ixtilof qilganlarini ko'rib chiqamiz. Bular zamonaviy suriyalik muhaddis Muhammad 'Avvamaning Athar al-hadith al-sharif fi ikhtilaf al-A'imma al-fuqaha [Fiqh imomlarining ixtiloflariga hadisning ta'siri] (21-23) asarida shunday bayon etiladi: (a) Birinchi shart shuki, hadis davomiy roviylar silsilasi orqali Payg'ambar sallallohu alayhi vasallamgacha borishi kerak. Bu masala bo'yicha Buxoriy va Muslim o'rtasida ixtilof bor. Buxoriyga ko'ra, sanaddagi ikki yonma yon kelgan roviyning haqiqatda uchrashganligi tarixda aniq qayd etilgan bo'lishi kerak. Muslim va boshqalarga ko'ra esa, bir roviy yashagan shaharga ikkinchi roviyning umrida bir marta bo'lsa ham tashrif buyurishi ularning uchrashganligi uchun dalil sifatida olingan. Shuning uchun Muslim nazdidagi ayrim sahih hadislar Buxoriy va unga ergashgan mujtahid imomlar nazdida qabul bo'lmagan. (b) Sahih hadis uchun ikkinchi shart shuki, roviylar axloqan to'g'ri bo'lishi kerak. Ulamolar buning ta'rifida ixtilof qilganlar. Ayrimlar qabul qilib bo'lmasligi isbotlanmagan tarzda roviyning musulmon bo'lishi kifoya deyishgan bo'lsa, ba'zilar roviy tashqi tomondan axloqan to'g 'ri bo'lishi kerak, deb hisoblashgan. Boshqa ulamolar esa u ichki tomondan ham to'g'ri inson bo'lishi kerakligini shart qilishgan. Mazkur turli yondashuvlar nima uchun ikki mujtahidning bir hadis ishonchliligi borasida farq qilishlarining tabiiy sabablaridir. © Uchinchi shart shuki, roviylarning sog'lom xotiraga ega ekanliklari ma'lum bo'lishi kerak. Buni aniqlash ham hadis imomlari o'rtasida ayrim ixtiloflar mavzusi bo'lib, shu boisdan ma'lum roviylarning va bundan kelib chiqib ma'lum hadislarning ishonchlilik darajasi borasida farqlar mavjud. (d) Sahih hadis uchun to'rtinchi shart shuki, matn va hadis sanadi "shuzuz"dan xoli bo'lishi kerak, ya'ni u "o'rnatilgan standart rivoyatlardan farqli" bo'lmasligi kerak. Masalan, bir hadis bir-biriga zamondosh bo'lgan turli besh roviy tomonidan sanadi Payg'ambar sallallohu alayhi vasallamgacha boruvchi bir shayxdan rivoyat qilinishi mumkin. Bu yerda agar biz hadislarning to'rttasi bir xil so'zlarga ega bo'lib, qolgan bittasi farqli so'zlarga ega ekanligini topsak, mana shu farqli so'zlardan iborat bo'lgan hadis shazz, ya'ni "o'zgargan" deb nomlanadi va u qabul qilinmaydi. Chunki hamma roviylar hadisni bir shayxdan eshitishgan zamonda, farq tabiiy ravishda bir roviyning xatosi deb hisoblanadi. Ahmad (4.318), Bayhaqi (2.132), Ibn Xuzayma (1.354) va Ibn Hibban tomonidan ishonchli roviylar sanadi bilan (thiqat) - Kulayb ibn Hishamdan tashqari, u oddiy "qabul qilinadigan" roviy (saduq), "ishonchli" (siqat) emas - rivoyat etilgan bir hadisni (bizning hadis ustozimiz shayx Shu'ayb al-Arna'ut tomonidan tadqiq etilgan bir misolni ko'rish maqsadida) keltiramiz. Unda sahobiy Va'il ibn Hujr al-Hadrami shunday deydi, u Payg'ambar sallallohu alayhi vasallamning namozda tashahhudda o'tirganlarini kuzatganda, Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam ko'rsatkich barmog'ini ko'taradilar va men, u bilan duo qilib uni harakatlantirganlarini ko'rdim. Men bundan so'ng [bir payt] kelib [qishda] chopondagi odamlarning qo'llarini choponlari ostidan harakatlantirayotganlarini ko'rdim (Ibn Hibban, 5.170--71). Payg'ambar sallallohu alayhi vasallamning barmoqlarini harakatlantirganlari haqidagi hadisning barcha turdagi rivoyatlari bizga Za'ida ibn Qudama al-Thaqafi orqali yetib kelgan. U ishonchli roviy bo'lib, hadisni shayx Asim ibn Kulaybdan, u otasi Kulayb ibn Shihab, u esa Va'il ibn Hujr al-Hadramidan olgan. Lekin biz xuddi shu shayx Asim ibn Kulaybdan uning ishonchli roviy bo'lgan boshqa kamida o'nta talabasidan rivoyat qilingan hadisda, Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam barmoqlarini harakatlantirmaganlarini, balki ko'rsatkich barmoqlari bilan ishora (ashara) qilganlarini ko'ramiz (qiblaga qarab), bu barmoqlarini harakatlantirdilar, deb kelgan hadisga ziddir. Asimning bu shogirdlari (barchasi hasan bo'lgan hadislar bilan birga) quyidagilardir: Sufyon as-Savriy: "keyin u bosh barmog'ini doira qilish uchun o'rta barmog'iga qo'yib, ko'rsatkich barmog'i bilan ishora qildi" (al-Musannaf 2.68--69); Sufyan ibn 'Uyayna: "u bosh va o'rta barmoqlarini doira qilish uchun birlashtirdi va ko'rsatkich barmog'i bilan ishora qildi" (Ahmad, 4.318); Shu'ba ibn al-Hajjaj: "u ko'rsatkich barmog'i bilan ishora qildi va o'rta barmog'i bilan doira hosil qildi" (Ahmad, 4.319); Qays ibn al-Rabi': "so'ng u bosh va o'rta barmoqlarini doira qilish uchun birlashtirdi va ko'rsatkich barmog'i bilan ishora qildi" (Tabarani, 22.33--34); 'Abd al-Vahid ibn Ziyad al-'Abdi: "u bir barmog'i bilan doira qildi va ko'rsatkich barmog'i bilan ishora qildi" (Ahmad, 4.316); 'Abdullah ibn Idris al-Avdi: "tashahhudda u bosh va o'rta barmoqlarini doira qilish uchun birlashtirgan edi va duo qilish uchun ular o'rtasidagi barmoqni ko'tardi" (Ibn Majah, 1.295); Zuhayr ibn Mu'aviya: "va men uning [Asimning] "Mana bunday", deganini ko'rdim - va Zuhayr ikki barmoqlarini tutib birinchi ko'rsatkich barmog'i bilan ishora qildi hamda bosh va ikkinchi ko'rsatkich [o'rta] barmog'i bilan doira qildi" (Ahmad, 4.318--19); Abu al-Ahvas Sallam ibn Sulaym: "u mana bunday duo qilishni boshladi - ko'rsatkich barmog'i bilan ishora qilganini ko'rsatyapti - " (Musnad al-Tayalisi, 137); Bishr ibn al-Mufaddal: "va men uning [Asimning] "Mana bunday", deganini ko'rdim - va Bishr bosh va o'rta barmoqlarini doira qilish uchun birlashtirdi hamda ko'rsatkich barmog'i bilan ishora qildi" (Abu Davud, 1.251); va Xolid ibn Abdulloh al-Vasiti: "so'ng u bosh va o'rta barmog'ini doira qilish uchun birlashtirdi va ko'rsatkich barmog'i bilan ishora qildi" (Bayhaqi, 2.131). Bu roviylarning hammasi ishonchli (siqat) va barchasi Asim ibn Kulaybning Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam namozda tashahhudda "ko'rsatkich barmoqlarini ishora qildilar (ashara bi)" deb rivoyat etganini eshitishgan. "Ko'rsatkich barmoq bilan ishora qilganlik" haqida Asimdan boshqa shayxlar orqali kelgan rivoyatlar ham ko'p, bu yerda so'zni qisqaroq qilish uchun eslatmadik (masalan ulardan to'rttasi Sahih Muslimda keladi, 1.408--9). Shazz, ya'ni "o'zgargan hadis" ma'nosini keng bayon etishdan maqsad shuki, barmoqni harakatlantirish haqidagi rivoyat Asimdan faqat Za'ida ibn Qudama orqali kelgan. Ibn Xuzayma, "Za'ida tomonidan rivoyat etilgan bu hadisdan boshqa yuharrikuha (u uni harakatlantirdi) ifodasiga ega boshqa birorta ham hadis yo'q", deb aytgan. Demak, bizga ma'lum bo'ladiki, Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam ko'rsatkich barmoqlari bilan ishora qilardilar. "Barmoqlarini harakatlantirdilar" shaklidagi rivoyat esa shazz, ya'ni "o'zgargan"dir va bu roviyning yanglishganini ifodalaydi. Chunki ishara so'zi ko'pchilikning talqinida faqat "ishora qilmoq" yoki "qo'l bilan ko'rsatmoq" ma'nolarini ifodalaydi va barmoqni bir joydan ikkinchi joyga harakatlantirmoq, silkitmoq kabi lug'aviy ma'nolarga ega emas (Lisan al-'Arab, 4.437 va al-Qamus al-muhit (540). Mazkur tarjimani Abdulloh ibn Zubayr tomonidan rivoyat etilgan sahih hadisda ochiq-oydin ko'rish mumkin. Unda "Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam duo qilganlarida [tashahhudda] ko'rsatkich barmoqlari bilan ishora qilardilar, uni harakatlantirmas edilar" (Abu Dovud, 1.260) va yana birida ul zot "duo qilganlarida bosh barmoqlari bilan uni harakatlantirmasdan ishora qilardilar" (Bayhaqi, 2.131--32) deyiladi. Nihoyat, shuni eslatishimiz mumkinki, Imom Bayhaqi yuqorida eslatilgan Za'ida ibn Qudama hadisi va unga zohiran zid keluvchi boshqa ko'plab hadislar orasini bog'lab, hadisda kelgan so'z harakatlantirish emas, balki uni ko'tarish ma'nosini ifodalaydi, deb xulosa qilgan. Chunki Muslimdan rivoyat qilingan boshqa shaklida Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam "bosh barmoq yonida bo'lgan to'g'ri barmoqlarini ko'tardilar va u bilan duo qildilar", deb keladi (Muslim, 1.408). Demak, Bayhaqiga ko'ra, ziddiyat faqat zohirdadir va barmoqni ko'tarish, Va'ilga ko'ra, Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam va odamlarning chopon ostidagi qo'llarida ko'rgan "harakat"dir. Baribir, bu hadis mazkur cheklovchi ma'noda tushunilmasa, shazz, ya'ni "o'zgargan" bo'lib qolaveradi. (e) Sahih hadis uchun beshinchi va so'nggi shart shuki, hadis matni va sanadi mutaxassislarda uning ishonchliligiga shubha uyg'otuvchi "illa" dan, ya'ni "yashirin xatoliklar"dan xoli bo'lishi kerak. Mana shu nuqtaga bir muddat diqqat qilamiz. Bunga uning ihtihod jarayonlarini kengroq ochib berishga xizmat qilishi uchungina emas, balki bu shartdagi chuqur malaka hatto ulug' muhaddislar orasida ham kamyob bo'lganligi uchun ham diqqat qilamiz. Bu sohadagi eng ulug' olim Imom Buxoriyning ustozlaridan biri bo'lgan 'Ali al-Madini hisoblangan. Ammo, afsuski, uning bu mavzudagi yirik asari saqlanib qolmagan. Yana bir eng mashhur mutaxassis, ehtimol, Daraqutni bo'lib, uning asari hozirda ham mavjud. Hadis hofizi (kamida 100 000 hadisni yoddan biladigan odam) Ibn al-Salahning so'zlariga ko'ra, "illa", ya'ni "yashirin xatoliklar" ilmi: Hadis ilmining eng ulug', oliy va eng ko'p diqqat talab etadigan turidan bo'lib, faqat kuchli xotira, hadis malakasi va o'tkir zehnga ega bo'lgan ulamolargina uning mukammal ilmiga ega bo'lgan. Bu ilm sahih bo'lgan hadislarning ishonchliligiga putur yetkazuvchi noma'lum va yashirin xatoliklarni o'rganadi. Bu zohiran sahih hadisning barcha shartlariga javob beruvchi, ishonchli roviylar sanadi bilan kelgan hadislarga ta'sir ko'rsatadi ('Ulum al-hadith). Mana shunday yashirin xatoliklarga ilmiy kitoblarda Sahihi Muslimdan misol qilib keltirish ayrim odamlarni taajjubga solishi mumkin. Chunki undagi barcha hadislar sahihdir, lekin Ibn al-Salah aytadiki, "oz miqdordagi so'zlar bundan mustasno bo'lib, ularni matn tahlili (naqd) mutaxassislari bo'lgan Daraqutni va boshqalar tanqid qilishgan va bu shu darajaga yetishgan ulamolargagina ma'lumdir" ('Ulum al-hadith). Bunga misol bo'ladigan hadis Muslimda Anas ibn Molik tomonidan rivoyat qilinadi, undagi yashirin xatodan bexabar bo'lganlar namozda "Fotiha" surasini o'qishdan oldin Basmalani tark etish kerak ekan, deb o'ylashlari mumkin. Hadisga ko'ra, Anas ibn Molik (ra) shunday rivoyat qiladi: Men Rosululloh sallallohu alayhi vasallam, Abu Bakr, Umar va Usmon bilan namoz o'qidim va ular qiroatning boshida yoki oxirida "Bismi Llahi r-Rahmani r-Rahim" ni aytmasdan "al-Hamdu li Llahi Rabbi l-'Alamin" bilan boshlashdi [boshqa bir shaklida, "Men ularning birortasi 'Bismi Llahi r-Rahmani r-Rahim' ni o'qiganini eshitmadim", deb keladi] (Muslim, 1.299). Ulamolarga ko'ra, hadisdagi xato oxiridagi Basmalaning zid kelishida, ya'ni u Anasning so'zlari emas, o'rtadagi roviylardan biri Anas nimani ifodalamoqchi bo'lganini o'z so'zi bilan tushuntirgan. Ibn al-Salah aytadiki, "Uning o'rtadagi roviysi hadisni o'zi tushungani bo'yicha yuqoridagi so'zlar bilan rivoyat qilgan" (Muqaddima Ibn al-Salah (b01), 99). Muhaddis (hofiz) Suyutining Tadrib al-ravi (1.254--57); muhadis Ibn al-Salahning Ulum al-hadis; muhaddis Zayn al-Din al-'Iraqining al-Taqyid va al-idah (98--103) va boshqa ulamolarning Hadis atamashunosligi bo'yicha bitilgan qo'lyozmalarida bu hadis "yashirin xatolik"ning misoli sifatida keltiriladi. Al-'Iraqi, "Ko'plab muhaddislar (huffaz), xususan, Shofeiy, Daraqutni, Bayhaqi va Ibn 'Abd al-Barr uni xatolikka ega deb hukm qilishgan" (yuqoridagi asar, 98), deb aytadi. Buxoriy bu hadisni Basmalaning aytilmaganini eslatmasdan, "va ular 'al-Hamdu li Llahi Rabbi l-'Alamin' bilan boshlashdi", so'zigacha rivoyat qilgan (Bukhari, 1.189). Termiziy va Abu Dovudda boshqacha shakli yo'q. Ulamolar, bu o'rinda "al-Hamdu li Llahi Rabbi l-'Alamin" so'zlari aslida "Fotiha" ning nomidir, chunki Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam va ul zotning sahobalari ko'pincha suralarning ochiluvchi so'zlarini ular uchun nom sifatida ishlatishgan, deb aytishadi; masalan, Sahih al-Buxoriyda Abu Sa'id ibn al-Mu'alladan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar: "Men sizlarga masjidni tark etmaslaringizdan oldin Qur'onning eng ulug' surasi bo'lgan bir surani o'rgataman". So'ng ul zot mening qo'limni oldilar va ketayotgan paytlari men so'radim, "Siz, "Men sizlarga masjidni tark etmaslaringizdan oldin Qur'onning eng ulug' surasi bo'lgan bir surani o'rgataman", demadingizmi?" Va ul zot dedilar: "'Al-Hamdu li Llahi Rabbi l-'Alamin': Bu eng ko'p o'qiladigan yetti [oyatlardir] (al-Sab' al-Masani) va men sizlarga bergan Ulug' Qur'ondir (al-Qur'on al-Azim)" (yuqoridagi asar, 6.20-21). Bu hadisda "Al-Hamdu li Llahi Rabbi l-'Alamin"ning Fotihaga berilgan nom ekanligi ochiq namoyon bo'lyapti va u bundan boshqa ma'noga ega emas, chunki u faqat bir oyat bo'lib, yetti oyatni qamrab olmaydi. Oisha (ra) - sahobalar orasidagi ulamolardan bo'lgan - Buxoriyda kelgan hadisda ham suralarni shu yo'sinda nomlaydi: Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam har kecha uyquga yotishlarida qo'llarini bir qilib, unga tuf-tuflab, "Qul huva Llahu Ahad," "Qul a'uzu bi Rabbi l-Falaq," va "Qul a'uzu bi Rabbi n-Nas" ni o'qirdilar; so'ng u bilan imkonlari yetgancha badanlarining hamma qasmiga surtib chiqardilar (yuqoridagi asar, 233--34). Bu hadis Oisha (ra) ning xuddi salaf musulmonlari kabi (masalan, Buxoriy o'z Sahihidagi "Qur'on fazilatlari" bo'limida bob nomlarini shunday nomlagan) suralarni ochuvchi oyatlar bilan nomlaganlarini (Basmaladan so'ng) ochiq-oydin ko'rsatadi. Anas rivoyat etgan hadisdagi so'zlarning bir qismi bo'yicha Buxoriy va Muslim ittifoqda bo'lishmagan. Ya'ni, "Men Rosululloh sallallohu alayhi vasallam, Abu Bakr, Umar va Usmon bilan namoz o'qidim va ular "al-Hamdu li Llahi Rabbi l-'Alamin" bilan boshlashdi", matnida Basmala jahriy aytilmagan. Termiziy shunday deydi: "Imom Shofeiy, "Uning ma'nosi shuki, ular suradan oldin Fotiha bilan boshlashardi, bu Basmalani aytishmasdi, degani emas", deb aytgan. Shofeiy, namoz 'Bismi Llahi r-Rahmani r-Rahim' bilan boshlanishi kerak, degan fikrda bo'lgan va u jahriy namozlarda jahriy o'qilgan" (Tirmidhi, 2.16). Matnlarni tanqidiy o'rganish bo'yicha yetuk bo'lgan Daraqutni va u kabi boshqa hadis ulamolari bu hadisdagi Anas so'zi bilan kelgan va zohiran Basmalani tark etishni taklif etuvchi "Bismi Llahi r-Rahmani r-Rahim" ni aytmasdan" ifodasini, ko'plab sabablarga ko'ra, "illa", ya'ni "yashirin xatolik" bilan buzilishga uchragan deb hisoblashadi. Sabablarning ayrimlari: - Tavatur darajasidagi hadisga ko'ra, Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam, "Fotihani o'qimagan odamning namozi namoz emas", deb aytganlar (Bukhari, 1.192). Basmalaning Fotiha surasi birinchi oyati ekanligini bir necha dalillar orqali bilish mumkin: 1. Avvalo, sahobalar Usmon (ra) davrida yig'ilgan Qur'onni tasdiqlashib, ijmoga ko'ra, Basmalani Tavba surasidan boshqa har bir suraning avvaliga qo'yib chiqishgan. 2. Ikkinchidan, Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: "Agar 'al-Hamdu li Llah' ni o'qisangiz, 'Bismi Llahi r-Rahmani r-Rahim' ni o'qing, chunki u Umm al-Qur'on va Umm al-Kitobdir hamda ko'p takrorlanadigan yeti [oyatdir] (al-Sab' al-Mathani) va 'Bismi Llahi r-Rahmani r-Rahim' uning oyatlaridan biridir" (Bayhaqi, 2.45; and Daraqutni, 1.312). Bu sanadi Payg'ambar sallallohu alayhi vasallamgacha boruvchi sahih hadisdir, boshqa bir sanadda esa u Abu Hurayra (ra) gacha boradi. 3. Uchinchidan, Ummu Salama rivoyat etgan hadisda shunday deyiladi: "Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam 'Bismi Llahi r-Rahmani r-Rahim. al-Hamdu li Llahi Rabbi l-'Alamin' ni har birini alohida ajratgan holda o'qirdilar". Hokim bu hadisni, Buxoriy va Muslim shartlariga ko'ra sahih, deb aytgan. Imom Zahabiy ham buni tasdiqlagan (al-Mustadrak, 1.232). Daraqutniy ham Ummu Salamadan shunday rivoyat qiladi: "Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam Qur'on o'qiganlarida har bir oyatda to'xtardilar: 'Bismi Llahi r-Rahmani r-Rahim: al-Hamdu li Llahi Rabbi l-'Alamin: ar-Rahmani r-Rahim: Maliki yavmi d-din'". Daraqutniy, "Uning ifodasi sahih, barcha roviylari ishonchli", deb aytgan (Daraqutni, 1.312--13). Mazkur hadislar Basmala Fotiha surasining bir qismi sifatida Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam tomonidan ovoz chiqarib o'qilganini ko'rsatadi. 4. To'rtinchidan, Buxoriyda kelgan bir hadisda, Anas (ra) dan Payg'ambar sallallohu alayhi vasallamning qanday qiroat qilganlari haqida so'rashadi. U, "[Unlilarni] cho'zib", deb javob beradi - so'ng u [Anas] 'Bismi Llahi r-Rahmani r-Rahim' ni Rahman va Rahim so'zlarini cho'zgan holda o'qib beradi (Bukhari, 6.241). Bu narsa Anasning Basmalani Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam o'qigan Qur'onning tarkibiy qismi deb hisoblaganini va uni ovoz chiqarib o'qiganini ko'rsatadi. 5. Beshinchidan, Daraqutni Ibn Abbosdan ikki hadis rivoyat qilgan bo'lib, har ikkisi haqida, "Bu sahih sanad bo'lib, roviylari orasida birorta ham zaifi yo'q", deb aytgan. Mazkur hadislarning birinchisi shunday keladi: "Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam 'Bismi Llahi r-Rahmani r-Rahim' ni ovoz chiqarib o'qirdilar"; ikkinchi hadisda esa, "Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam namozni 'Bismi Llahi r-Rahmani r-Rahim' bilan boshlardilar", deb aytiladi (al-Navavi: al-Majmu', 3.347). - Imom al-Mavardi shunday xulosa qiladi: "Chunki namozda Fotihani o'qish shart eklanligi va Basmala uning qismi ekanligi belgilab qo'yilgan. Basmalani o'zi uchun yoki ovoz chiqarib o'qish qoidasi Fotihani o'zi uchun yoki ovoz chiqarib o'qish uchun ham birday amal qiladi" (al-Havi al-kabir, 2.139). Imom Navaviy shunday deydi: "Bismi Llahi r-Rahmani r-Rahim ni ovoz chiqarib o'qish borasida bizning tutgan mavqemizga ko'ra, uni shunday o'qish mustahab ekanligini eslatib o'tdik. Biror kishi Fotiha va [qo'shimcha] surani ovoz chiqarib o'qisa, Basmalani ovoz chiqarib o'qish qoidasi Fotihaning qolgan qismi va [qo'shimcha] suraning ovoz chiqarib o'qilishi kabi bo'ladi. Bu Sahobiy ulamolar va ulardan ta'lim olgan tobeinlar hamda ulardan keyingilar aksariyatining tutgan yo'lidir. Hadis hofizi Abu Bakr al-Xatibning rivoyat qilishicha, namozda Basmalani ovoz chiqarib o'qigan sahobalar sirasiga Umar, Usmon, Ali, Ammor ibn Yosir, Ubay ibn Kab, ibn Umar, ibn Abbos, Abu Qatada, Abu Said, Qays ibn Malik, Abu Hurayra, Abdulloh ibn Abi Avfa, Shaddod ibn Avs, Abdulloh ibn Ja'far, Husain ibn Ali, Muoviyalar kirgan. Muoviya Madinada Basmalani ovoz chiqarmasdan o'qiganda, Muhojir va Ansorlar jamoasi uni qattiq tanqid qilishgan va u Basmalani ovoz chiqarib takror o'qigan" (al-Majmu', 3.341). Bular Sahihi Muslimda kelgan Anas hadisini nima uchun ulamolar mu'all, ya'ni xatolikka ega deb hisoblashlarining ayrim sabablaridir. Biz bu yerda hadisning boshqa qirralari, masalan, uning roviylar sanadidagi xatoliklari haqida fikr yuritmoqchi emasmiz, bular Zayn al-Din 'Iraqining al-Taqyid va al-idah (100-101) nomli asarida keng yoritilgan. Biz ko'rib o'tganlar nima uchun bu hadisning Suyuti, 'Iraqi, Ibn Salah, Ibn 'Abd al-Barr, Daraqutni va Bayhaqi kabi muhaddislar nazarida yashirin xatolikka ega deb hisoblanishi va nima uchun hadis so'ngida zohiran Basmalani tark etish tarzida kelgan ifodadan shar'iy hukm chiqarish Fotihani o'qiganda Basmala [ham] ovoz chiqarib o'qilishi kerak, degan mavqeni tutgan Shofeiy, Navaviy va boshqalar tomonidan rad etilgani haqida umumiy tushuncha bera oladi (shuni eslatib o'tish joizki, Abu Hanifa va Ahmad ibn Hanbalga ko'ra, Fotihadan avval Basmalani namozxon o'zi uchungina o'qiydi, ular har ikki tarafdagi hadislarni bog'lashib, Anas hadisidagi "tark etish" so'zini "o'zi uchun o'qish" deb talqin etganlar). Har qaysi holatda ham, shunisi aniqki, mazkur shar'iy hukm, bugun ayrim savodsizlar ta'kidlashayotganidek, imomlarning Sahihi Muslimdagi bu hadisni bilmaganligini emas, balki shari'at ilmining yuqori darajasiga daxldor bo'lgan hadislarning ishonchliligi borasidagi fikrlarda ixtilof bo'lganini ko'rsatadi. Sahih hadis uchun lozim bo'lgan yuqoridagi besh shartni va ular yuzasidan mutaxassislar orasida bo'lgan ixtiloflarni o'rganish bizga nima uchun mazhab mujtahid imomlari bir hadisning darhaqiqat Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam dan kelganligini aniqlash borasida ba'zan bir-birlaridan farqli qarashlarga ega bo'lganlari sabablarini ko'rsatib beradi. Kimki biror olim, xoh Buxoriy, xoh Muslim yoki bugungi zamonaviy muhaddis bo'lsin, hadislarning qabul qilinishi borasida ulamolar orasidagi farqlarni yo'q qilib, bir xulosaga kela oladi, deb ishonsa, u bu ehtirosli tasavvurini hadis ilmlarini o'qib-o'rganish bilan to'g'rilab olishi kerak. Bundan anglashimiz mumkin bo'lgan narsa shuki, agar biz Sahihi Buxoriyda bir mazhab qabul qilgan, ammo ikkinchi biri qabul qilmagan hadisga duch kelsak, bu narsa Fiqh metodologiyasidagi hamda Hadis metodologiyasidagi farqlar rol o'ynagani tufayli sodir bo'lgan bo'lishi mumkin. Xulosa Bu kecha so'zlaganim har bir narsa uchun xulosa qilishimga izn bergaysiz. Avvalo, shunga diqqat qaratdimki, Qur'on va hadisdan siz va men o'rganadigan ilmlar uch qismga bo'linadi. Birinchisi Alloh va Uning sifatlari hamda Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam risolati, oxirat kuniga ishonish kabi asosiy iymon haqiqatlarini o'rgatuvchi ilmdir. Har bir musulmon bu ilmni Allohning kitobi va sunnatdan o'rgana oladi va o'rganishi kerak. Bu narsa ikkinchi tur ilmlar uchun ham xos: yaxshilik qilish, yomonlikdan tiyilish, ibodat qilish, zakot to'lash, Ramazon oyida ro'za tutish, yaxshi ishlarda boshqalar bilan hamkorlik qilish kabi Islomning umumiy qonun-qoidalarini har haq qanday odam o'zi uchun o'rgana oladi va o'rganishi kerak. So'ng biz Fiqh, ya'ni Islom amaliyotining maxsus detallarini anglash haqida bo'lgan uchinchi tur ilm haqida gaplashdik. Qur'on va hadislarda shuni topdikki, bu borada odamlar ikki xil bo'larkan: ijtihod qilishga qodir bo'lganlar va qodir bo'lmaganlar. O'zicha mujtahidlik qiluvchilar malakasiz bo'laturib faoliyat yuritsalar jinoyatchilar ekanligini ko'rsatib, "Johil bo'laturib odamlar uchun hukm chiqargan odam jahannamga kiradi", degan sahih hadisni keltirdik. Biz Musulmon jamoatining ma'lum guruhi dinlarini sinchiklab o'rganishlari va boshqalarga ham o'rgatishlari shart ekanligini bir Qur'on oyatidan eshitdik. Bilmaganlar biladiganlardan so'rashi lozimligi haqidagi, masalalarni "vazifasi ularni tadqiq etish" bo'lganlarga topshirish ma'nosida kelgan Qur'on oyatini eshitdik. Biz mazkur ulamolar - mujtahid imomlar - haqida birinchidan, ularning Qur'on va Hadis matnlari bo'yicha keng qamrovli ilmlarini; ikkinchidan, ularning chuqur talqin va tadqiq qila olish mahoratlarini hisobga olgan holda fikr yuritdik hamda bu yerda mujtahid imomlarning turli matnlar orasini bog'lash va ziddiyat bo'lganda, ulardan birini tanlash jarayonini ochiqlab beruvchi Qur'on va hadisdan namunalar keltirdik. Ijtihod haqidagi aniq misollarimiz bizga Imomlar o'zlarining mashhur, dalillarni bilmasdan turib hukmlarini olmaslik haqidagi gaplarini kimlarga qarata aytganligini anglash imkonini berdi. Ular o'zlari o'qitgan va mazkur dalillarni qamrab olish va tahlil qilish qobiliyatiga ega bo'lgan birinchi darajali ulmaolarga qarata murojaat etgan. So'ng biz imomlar hadislarni sahih yoki sahih emasligini aniqlash borasida ham mujtahid bo'lganliklarini ko'rdik va mujtahid imom uchun taqlid qilish yoki "boshqa imomga uning dalilini bilmasdan turib ergashih" Fiqhda joiz bo'lmaganidek, ma'lum hadislarni qabul qilishda ham uning uchun taqlid joiz emasligini eslatib o'tdik. Va nihoyat, mujtahid ulamolar o'rtasida mavjud hadislarning ishonchliligi borasidagi ixtiloflar ayni paytda Islom fiqhi uchun ham xos ekanligini qayd ettik. Bu umumiy holatga qaraganda nisbatan ancha kichik miqdordagi ixtiloflardir. Bularning barchasidagi muhim nuqta shuki, har bir musulmon Islom asoslarini, xususan, o'zi ergashishi lozim bo'lgan asosiy e'tiqod va axloq tamoyillarini to'g'ridan-to'g'ri Qur'on va Hadisdan olishi mumkin bo'lgani holda, Islom amaliyoti fiqhining maxsus detallari uchun bir Qur'on oyati yoki hadisni bilish va shar'iy hukm chiqarish o'rtasida, mujtahid bo'lmagan odam uchun, juda katta farq mavjud. Biroz arabcha biladigan va hadis kitoblari bilan qurollangan havaskor mujtahidlar xuddi biz ilgariroq eslatib o'tgan havaskor jarrohlarga o'xshaydi: agar uning iqtidori faqat inglizcha o'qish va ayrim tibbiyotga oid kitoblarga egalik qilish bilan cheklangan bo'lsa, biz albatta uning tibbiyot bilan shug'ullanishiga, hatto biror kishining faqat barmog'i ustidagina amaliyot o'tkazmoqchi bo'lsa ham, qarshilik qilamiz. Shunday ekan, faqat arabcha biladigan va bir necha hadis kitoblarigagina ega bo'lgan va oxiratingiz ustida amaliyot o'tkazmoqchi bo'lgan odam haqida nima deyish kerak? Nima uchun musulmonlar mazhablarga ergashishini anglash uchun "ilohiy taqdirga ko'ra xatoliklardan pok bo'lganlar va xatoliklardan xoli bo'lmaganlar" haqidagi iddaolardan nariga o'tishimiz hamda Qur'on va Sunnatni hayotimizda qo'llash uchun shariat sifatida amaliyotga tatbiq qilib bergan Fiqh imomlarini tan olishimiz va o'zimizdan Allohning, "Agar (bu haqda) bilmaydigan bo'lsangizlar, ahli zikrlardan so'rangizlar!" (Qur'on, 16:43), degan buyrug'iga, darhaqiqat, "eshitdik va bo'ysundik", deb amal qilyapmizmi yoki yo'qmi, deb so'rab ko'rishimiz kerak. Tamom. http://www.uzislam.com saytidan olindi
|
| |
|
| | Sana: Seshanba, 23-Декабря-2008, 11:11 | Xatlari # 3 |
Ism:
| [MusLimA_FaTa]
| Maqomi:
| [USER]
| Guruxi:
| [Chaqqon Forumchi]
| Postlari:
| [1004]
| Xulqi: +
| [81] ±
| Xulqi: -
| [0%] ±
| User xozir:
| [Forumda emas]
| Yurt:
| []
| Jins:
| [Ayol]
| |
| michigan, jazakallohu xoyron
| |
|
| | Sana: Seshanba, 29-Декабря-2009, 13:29 | Xatlari # 4 |
Ism:
| [¯¨`*·~-..(\☻/)..-~*´¨¯]
| Maqomi:
| [Заблокированные]
| Guruxi:
| [Faol Forumchi]
| Postlari:
| [1188]
| Xulqi: +
| [118] ±
| Xulqi: -
| [40%] ±
| User xozir:
| [Forumda emas]
| Yurt:
| [Антарктика]
| Jins:
| [Erkak]
| |
|
| |
|
|
|