Dard, iztirob, azob…
Bu tushunchalar bilan ko’plab boshqa turli so’z va tushunchalarni bog’lash mumkin : qiynoq, kasallik, ayriliq, muhabbat, she’r, hijrat, hijron… Bu tushunchalarni "ichkari"dan turib tarif eta olmayman, chunki haqiqiy ma'noda bu tushunchalarni yashadim deb ayta olmayman. Lekin, so’z va sifatlari, hol va kayfiyatlari bilan shu tushunchalarni yashab o'tganligi bilingan insonlarni ko'rib "tashqari"dan turib ba'zi fikr-xulosalarga kelish mumkin.
Dard, iztirob chekayotgan insonlarni umumiy qilib ikkiga bo'lish mumkin:
Birinchi holatda, bu aksariyatga tegishli dard, azob - bu no-ixtiyoriy bo'ladi. Biror kishi o'zi hohlamagan va kutmagan vaqtda dard-iztirobga uchraydi va azob chekadi. Bunga masalan, sevgan farzandini nogahon yo'qotgan ona, sevgilisidan o'z ixtiyorida bo'lmagan sabablarga (o'lim, safar, yo'qotish) ko'ra ayrilgan oshiq, yoki kengroq ravishda, mamlakat boshiga tushgan iqtisodiy bo'hron natijasida oilasini tebrata olmay azob chekayotgan otalarni sanab o'tish mumkin. Bu insonlarni hech qaysinisi o'zlari chekayotgan dard-iztirobni o'z ixtiyorlari bilan so'rab olishmagan va agar ularga oldindan shunday tanlov huquqi berilganda ham hech qachon bunday holatni tanlmasliklari ma'lum hol.
Ikkinchi holatda o'z ixtiyorlari bilan yoki shaxsiy yoki bir jamoat yoki bir jamiyat hattoki butun bir insoniyat dardini o'z dardi qilib olgan va bu dard bilan yonib-kuygan va bu dard yo'lida juda qattiq, hatto g'ayri oddiy yoki xorijiy kalima bilan aytganda "supranatural" qiyinchilik, azob, iztiroblarni yashab o'tgan shaxslarni ko'rish mumkin. Bunday shaxslar ro'yhati boshida Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam boshchiligidagi barcha payg'ambarlar hamda hoh havoriylar, hoh sahobalar (r.a.) bo'lsin payg'ambarlarga ilk ishongan va ularga ilk onlarda dastak bo'lib umrini fido qilgan insonlar va tarix bo'yicha shunday insonlarga ergashgan shaxslar kiradi. Bunday insonlar qatoriga yuqorida zikr etib o'tilganlarchalik keng ko'lamda bo'lmasa ham ma'lum bir jamiyat, millat uchun jon chekkan milliy istiqlol kurashchilari (samimiy "bosmachilar", falastinliklarning ba'zilari, Bolivar vh), ma'lum bir ideologiya uchun qayg'urganlar(umrini qamoqlarda o'tkizgan intellektuallarni misol qilip keltirish mumkin; bular qamoqdagi azob-uqubatlar ichida o'z fikr g'oyalarini shakllantirdilar: Gramsci, Said Qutb kabi), ma'lum bir ijtimoiy guruhlarning dardlari uchun yashab o'tgan insonlar (turli "NGO"larning samimiy va aktiv a'zolari, bundaylar bazida qonunga qarshi borib qamoqqa borishi malum bo'lsa ham o'z g'oyalari uchun aksiyalar o'tkizishadi), ma'lum bir soha uchun mehnat chekkanlar (ayniqsa ilm sohasida ba'zi olimlarning qanchalik dardlar chekkani hammaga ma'lum) va shu kabi insonlarni kiritish mumkin.
Bu insonlarni birinchi guruhdagilardan ajratib turgan xususiyatlarning eng asosiysi ushbu holatni yashashdan oldin tanlash huquqi bo'lganligida: ular hohlasa ma'lum bir da'vo, ma'lum bir millat yoki guruh, yoki ilm-madaniyat uchun kurashni boshlamasliklari va boshqa ko'pchilik insonlar qatori shaxsiy g'amlari bilan ovora bo'lib o'tishlari mumkin edi. Hamda hayotlari davomida bunday tanlov huquqi bir necha marta ularga taklif qilingan. Lekin ular har doim dard-iztirobni davom ettirishga qaror qabul qilganlar.
Masalan, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tarixda eng ko'p azob-uqubatlarga duchor etilgan shaxs hisoblanadi: bu azob-uqubatlar ham jismoniy, ham no-jismoniy edi. Da'vosining boshida ho'rlab-tahqirlandi, hatto ko'p marotaba do'pposlandi, toshbo'ron qilindi, keyinchalik urushlarda bu muborak Inson vujudining yaralanmagan va qonamagan yeri qolmadi, yillar davomida tarafdorlari bilan mash'um blokadada tutildi, eng qiyin onlarda darmoni bo'lgan eng yaqin insonlaridan judo bo'lib huzun yilini ham yashadi, umrining so'nggi qismlarida esa balki qandaydir ma'noda yengillikka imkon bo'lgan davrda ham ba'zida ochlikdan, ba'zida ibodatdan jismoniy qiyinchliklarni boshidan o'tkazdi va eng muhimi nafaqat o'z atrofidagi zamonadoshlari uchun qayg'urdi, balki kelajakda keladigan butun insonlarning saodati uchun qayg'urdi, yig'ladi, dard chekdi.
Boshqa payg'ambarlarning tarixi ham azob-uqubatlarga to'la bo'ldi: kimining oilasi azolari zalolatda o'tip ketdi, kimining farzandini ataylap ajratdilar, kimnidir sog'ligi, mol-mulki qo'ldan olindi, kimdir qavmi tomonidan tahqirlandi, bazilarini hatto arra bilan bo'lip tashladilar. Lekin ular hech qachon o'z da'volaridan qaytmadilar. Ularga ergashgan sahobalar, havoriylarning ham umrlari azob-uqubat bilan to'la bo'ldi. Bir umr dard bilan o'tdilar. Lekin ular ham da'vodan voz kechmadilar.
Millat istiqboli, istiqloli uchun kurashgan insonlar ham o'z hohishlari bilan kelajakni anglab turgan holda umrlarini dard-iztirob, azob-uqubat ichida o'tkizishga qaror berishdi va shunday yashab ham o'tdilar. Bazi olimlarning ilm yo'lida, ma'rifat yo'lida chekkan qiyinchiliklari odamni lol qoldiradi.
Ikki guruhga bo'lganimiz bu insonlarning dard chekishlari ham ikki xil natijaga olib keladi. Ko'pincha no-ixtiyoriy dard ostiga tuship qolgan insonlar ma'lum bir vaqt mobaynida yoki butun umr davomida ham ma'nan ham moddan dard chekip o'tadilar va ularning dardi asosan o'zlariga ta'sir qiladi. Ular yo bu dardni keyinchalik unutishga erishadilar, yoki ushbu dard orqali bir umr baxtsiz o'tadilar va hattoki kimilari o'z umriga qasd qiladilar. O'zini o'zi o'ldirgan yoridan ayrilgan oshiq, bolasini boqaolmay o'zini osib qo'ygan ota yoki ona va boshqa bazi misollarni keltirish mumkin. Bundaylarning dardi qanchalik cho'zilsa, ular ham shunchalik ezilishadi, azob chekishadi. Bu azoblari ham jismoniy ham ma'naviy bo'ladi. Bunday dard chekuvchilar ko'paysa va bularning dardiga malham bo'ladigan tashqi ta'sirlar bo'lmasa jamiyatda dard-iztirob, rohatsizlik ham ko'payadi. Va maydonni umumiy baxtsizlik, mamnunsizlik qoplab oladi: misol qilib ba'zilarimiz yashagan yoki yashab turgan jamiyatlarni keltirishimiz mumkin.
Ikkinchi guruhdagi insonlarning dard-iztirob chekishlari esa ko'pincha ham o'zlari ham boshqalari uchun oxirat saodat mevalari va o'zlari uchun bo'lmasa ham boshqalari uchun dunyoviy rohat-farog'at meyvalari paydo bo'lishi bilan natijalanadi. Payg'amblarlarning dard-iztirobi bu ummatlarning ikki dunyo saodatiga erishish uchundir. Hattoki Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o'lim yotog'ida yotganlarida ham "Ummati" deb ummatining saodati haqida qayg'urganlar va u muborak Zotga salovoti shariflar bo'lsinki, insoniyatning buyuk bir qit'asi ham dunyo ham oxirat saodat, rohat-farog'atiga erishdi.
Millat istiqloli kurashchilari dard-iztirob chekishlari, hatto bu yo'lda qurbon bo'lishlari ular qayg'urgan millatning ozod bo'lishi va rivojlanish yo'liga qadam boshlashi bilan yakunlanadi. Ilmiy izlanishlar yo'lida ming azob chekkan olimlarnin mehnati natijasida yangi-yangi ilmiy yutuqlar, kashfiyotlar qilindi va bu bilan insonlarning hayoti ma'lum bir manoda yengillashadi.
Bu insonlarning dard-iztirobini balki "creative suffering" ya'ni bunyodkor dard chekish deb tariflasa bo'ladi. Bular qanchalik ko'p va uzoq dard chekishsa, ulardagi bunyodkorlik samaradorligi ham shunchalik oshadi. Bir jamiyatda bunday dardli insonlar qancha ko'paysa, bu jamiyatning kelajagi saodat ichida kechishi uchun "shanslar" shuncha ko'payadi.