Bir paytlar qaysidir yurtda bir faqih olim, obid va mujtahid odam bo‘lgan ekan. U kishining oqila va dono ayoli bo‘lib, olim o‘z zavjasini juda yaxshi ko‘rar va e’zozlar ekan. Shu ayol to‘satdan olamdan o‘tibdi. Er xotiniga qattiq kuyunib, shu darajaga boribdiki, bir uyga qamalib olib, oldiga hech kimni kirgizmay qo‘yibdi. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, hech kimni ko‘rgisi kelmay qolibdi. Bu haqda eshitib qolgan bir oqila ayol uning eshigi yoniga kelibdi va kirishga izn so‘rabdi. So‘ng: “Men bir masalada u kishidan fatvo so‘ramoqchiman”,— debdi. Bu haqda haligi kishiga xabar qilinibdi va u ayolga ichkariga kirishga ruxsat beribdi. Ayol kirib, debdi: — Men sizdan bir narsa to‘g‘risida fatvo so‘ramoqchiman.
— Nima narsa to‘g‘risida, — debdi haligi olim.
Ayol:
— Men bir ayol qo‘shnimdan tilla taqinchog‘ini so‘rab olgan edim, anchadan beri taqib yuribman. Kecha qo‘shnim odam chiqarib, taqinchoqni qaytarib berishimni so‘rabdi. Men uni qaytarib berishim kerakmi? — debdi.
Olim: “Albatta”, deb so‘zini tasdiqlabdi.
— Bu taqinchoq menikida turganiga ancha bo‘lgan bo‘lsa ham-a? — debdi ayol.
U kishi qizishib:
— Allohga qasamki, shuning uchun ham tezroq qaytarib berishingiz kerak, — debdi.
Shunda ayol:
— Barakalla, Alloh sizga ham vaqtincha berib, keyin qaytarib olgan narsasiga shuncha kuyunasizmi? O‘sha narsaga Alloh sizdan ko‘ra haqliroq emasmidi? — debdi.
Shu gapdan so‘ng haligi olim kishi o‘z holiga e’tibor berib, o‘zini tuzatibdi.
Ko‘rdingizmi, Yaratgan egam haligi ayolni sababchi qilib, uning so‘zlari bilan haligi kishiga ta’lim berdi. Shuning uchun ham har narsaga sabrli bo‘lish lozim. Qanchalar achchiq bo‘lmasin, usiz muvaffaqiyatga erisha olmaysiz. Besabr bo‘lganlar ana shu achchiqlikni xohlamaganlari uchun ham o‘zlariga ko‘proq ziyon keltiradilar. Teran aql va farosat bilan ish yuritgan har bir ahli inson vaqti kelib, qalbi armon va pushaymondan xoli bo‘lib, ko‘ngilda shodlik tuyadi, faraxbaxsh kunlarda yashaydi.
manbaa: Hordiq Plus Gazetasi.