Bir odam Iso (a.s.) bilan do‘stlashdi va unga: “Sen bilan birga bo‘lsam, suhbatlashsak”, dedi. Hazrat Iso qabul qildi. Birgalikda yo‘lga chiqdilar. Bir daryo bo‘yiga keldilar, tamaddi qilishga o‘tirdilar. Yonlarida yeyishga uchta yupqa non (lochira) bor edi. Ikkitasini yedilar, uchinchisi qoldi. Iso (a.s.) suv ichishga daryo labiga ketdi. Suv ichib keldi. Lekin qolgan bir dona lochira g‘oyib bo‘lganini ko‘rdi. Sherigidan: “Lochirani kim oldi?” deb so‘radi. U kishi: “Bilmayman”, dedi.
Turdilar. Birgalikda yo‘lga tushdilar. Biroz yurgandan so‘ng hazrat Iso yonida ikki bolasi bo‘lgan bir kiyikni ko‘rdi. Bolalaridan birini chaqirdi. Kiyik bola keldi. Iso (a.s.) uni so‘ydi. O‘zi va yonidagi odam yeyishdi. So‘ng hazrat Iso o‘zlari yegan kiyik bolasining qoldiqlariga qarab: “Ollohning izni bilan tiril, o‘rningdan tur!” dedi. Kiyik bola tirilib, o‘rnidan turdi va irg‘ishlab jo‘nab qoldi. Iso haligi odamga dediki: — Senga shu mo‘’jizani ko‘rsatgan zotning haqi uchun so‘rayman: lochirani kim oldi?
— Bilmayman, — dedi u odam.
Yo‘lda davom etdilar. Bir daryoga bordilar. Hazrat Iso odamning qo‘lidan ushlab oldi, suv ustidan yurib narigi qirg‘oqqa o‘tib ketdilar. Daryodan o‘tganda Iso (a.s.) so‘radi:
— Senga shu mo‘’jizani ko‘rsatgan zot haqi so‘rayman, ayt, lochirani kim yedi?
— Bilmayman, — dedi yana u.
Yo‘lda davom etdilar. Bir qumloq yerga keldilar. O‘tirdilar. Iso (a.s.) qumlarni to‘plab bir tepa holiga keltirdi. So‘ngra: “Ollohning izni bilan oltin bo‘l!” dedi. Qumtepa shu ondayoq oltin bo‘ldi. Hazrat Iso buni uchga taqsim etdi va:
— Biri meniki, biri seniki. Uchinchi hissa esa lochirani yeganniki! — dedi. Shunday deyishi bilan haligi odam qichqirib yubordi:
— Lochirani men yegandim!..
Hazrat Iso: “Hammasi seniki bo‘lsin”, dedi va undan ajralib, qoldirdi-ketdi. U odam oltinlarning boshida o‘tirganda, birozdan so‘ng ikki kishi keldi. Ular oltinlarni ko‘rdilar. Uni o‘ldirib boylikka egalik qilmoqchi bo‘ldilar. U dediki:
— Oltinlar uchovimizniki. O‘rtada bo‘lishib olaylik. Lekin avval uchalamizdan birimiz shaharga borib, yegulik keltirsin. Yaxshilab qornimizni to‘yg‘azib olaylik. Undan keyin oltinlarni bo‘lishib olib, tarqalishamiz!
Shartni qabul qildilar va bu uch kishidan biri shaharga yegulik keltirgani ketdi. Lekin yo‘lda shunday shaytoniy xayolga bordi: “Nega bu oltinlarni uchga bo‘lish kerak? Shahardan olgan yeguligimning ularga tegishli qismiga zahar qo‘shaman. Ular uni yeb o‘lishadi. Shu tariqa men bir o‘zim oltinlarga ega bo‘laman!” Shunday qildi ham. Ularga tegishli yegulikka zahar qo‘shib keltirdi.
Lekin, u shaharga ketganda qolgan ikkisi shunday o‘yga kelishgandi:
— Oltinlarni nega uchga bo‘lish kerak? Ikkiga bo‘lsak ko‘proqdan tegadi-ku. U shahardan kelganda bir bahona bilan uni o‘ldiraylik. Keltirgan yeguligini maza qilib yeylik. So‘ngra oltinlarni oramizda bo‘lishib olamiz!..
Va shunday bo‘ldi. Shaharga ketgan sherik qaytganda bir bahona bilan uni o‘ldirdilar. Keyin esa zaharli yegulikni yedilar va birozdan keyin oltinlarning yonida tipirchilay-tipirchilay jon berdilar. Oltin uyumi o‘rtada va uning yonida uch o‘lik.
Birozdan so‘ng hazrat Iso havoriylari bilan birgalikda bu manzara ustiga keldi va shunday dedi:
— Mana shu dunyo degani. Undan tiyiling!..
Qissadan hissa: Molu davlat, amal, mansab... ular inson ko‘zini ko‘r qilib qo‘yguvchi dunyo fitnasi. O‘ylab ko‘ring, bir burda nonga qornimiz to‘yadi. Ikki metr mato bilan u dunyoga ketamiz, agar nasib etsa... Biroq mana shu haqiqatni anglab turib ham qalbimizdagi havoyi istaklardan voz kecholmaymiz. Nafs ortidan ergashamiz. Yaratganning sinovlaridan o‘ta olyapmizmi-yo‘qmi, bilmaymiz, to‘g‘rirog‘i, bu haqda o‘ylashga fursat yo‘qdek... Ilohim, barchamizga boriga shukur qilib yashashni, qanoatli bo‘lishni nasib etsin.