Rasuli akram (s.a.v.) aytadilar: — Eski qavmlardan bir odam bor edi. Hech gunoh qilishdan toymas edi. Bir kun uning yoniga bir xotin kelib, muhtojligini aytib, pul so‘radi. U odam: “Agar men bilan birga bo‘lsang, senga oltmish dinor oltin beraman”, dedi. Ayol chorasiz edi. Majburlikdan rozi bo‘ldi. Erkak ayolga pulni berib, unga yaqinlik qilishni boshlayotganda, ayol titrab yig‘lay boshladi. Haligi odam: “Nega yig‘laysan? Mendan jirkanyapsanmi?” deb so‘radi. Xotin: “Yo‘q, men bugungacha hech qilmagan yomon bir amalni qilyapman. Meni bu ishga moddiy qiyinchilik majbur etyapti”, dedi. Shunda u odam: “Shu paytgacha bu ishni qilmaganmisan?” deb so‘radi. Ayol: “Yo‘q”, dedi. So‘ng: “Bizni hech kim ko‘rmayaptimi?” deb so‘radi. Erkak: “Yo‘q, hamma joy yopiq”, deb javob qildi. Ayol esa: “Olloh ham bizni ko‘rmayaptimi?” deb so‘radi. Bu gapni eshitgan odam: “Bergan pullarim seniki. Ketaver, — deb ayolga ruxsat berdi, so‘ng qo‘shimcha qildi: — Qasamyod etamanki, to o‘lgunimcha Ollohga qarshi isyon qilmayman!”
Shu kecha u odam o‘ldi. Ertalab uning eshigiga shunday lavha yozildi: “Olloh uni afv etdi!..”
Ibn Mas’uddan rivoyat qilinadi: “Ikki qishloq bor edi. Birining xalqi solih kishilar, boshqasining xalqi esa buzuq kishilar edi. Xalqi buzuq kishilardan bir odam yo‘lga chiqdi. Maqsadi — xalqi sof kishilar bo‘lgan qishloqqa ketish edi. Ammo yo‘lda ajali yetib, ko‘ngli tilagan qishloqqa yetisholmay o‘ldi. Farishta bilan shayton uning boshida bahslashib ketishdi. Shayton dediki: “Qasamki, bu kishi aslo menga isyon etmadi!” Farishta esa: “U tavba qilish va ortiq takrorlamaslik uchun gunohlardan qaytish yo‘liga chiqqan edi!” dedi.
Olloh azza va jalla buyurdiki: “Qaysi qishloqqa yaqinroq ekanligiga qarang!..” Qaradilar. Xalqi solih kishilardan iborat qishloqqa yaqinroq ekan. Shu tariqa Olloh uni afv etdi”.
Imom Buxoriy rivoyat qiladilar: “Eski qavmlardan bir odam bor edi. U to‘qson to‘qqiz jonga zomin bo‘lgan edi. Mintaqaning eng olim odamini surishtirdi. Uni bir rohibning oldiga yubordilar. U o‘zining to‘qson to‘qqiz odamni o‘ldirganini, tavba qilsa tavbasi qabul bo‘lish-bo‘lmasligini so‘radi. Rohib: “Yo‘q, sening tavbang qabul bo‘lmaydi!” dedi. U odam rohibni ham o‘ldirdi. So‘ngra yana mintaqaning eng donishmand odamini surishtirdi. Uni bir olimga yubordilar. Odam olimning huzuriga bordi. Yuz kishini o‘ldirganligini, endi o‘zi uchun tavba eshigining ochiq-ochiqmasligini so‘radi. Olim: “Ha, ochiq! — dedi. — Falon yerga bor. U yerda Ollohga ibodat qilguvchi insonlar bor. Sen ham ular bilan birga Ollohga oid vazifalaringni ado et. Avvalgi joyingga qaytma. Zero, u yer yomon bir joydir”.
Odam, u yerni topib borsin uchun, yo‘lga solib yuborildi. Lekin yarim yo‘lga kelganda o‘lim uning yoqasidan oldi. Uning o‘ligi tepasida rahmat farishtalari bilan azob farishtalari bahslashib qoldilar. Rahmat farishtalari: “U tavba qilib, qalbi bilan Ollohga yuz tutgan edi”, deyishsa, azob farishtalari: “U umrida aslo yaxshilik qilmadi”, deyishdi. Ularga hakamlik qilish uchun bir farishta keldi. Oralariga kirib dediki: “Ikki yer — o‘z yurti bilan ketayotgan yurti — orasini o‘lchangiz. Qay tomonga yaqin bo‘lsa, u o‘sha tomonga oiddir”. Ikki yer orasini o‘lchadilar. Ketayotgan joyiga yaqinroq ekanligini ko‘rdilar. Shu tariqa uni rahmat farishtalariga qoldirish kerakligi ma’lum bo‘ldi”.
Inson zoti borki, xato qiladi. Agar xato qilmaganida Odam (a.s.) jannatdan haydalmagan bo‘lardi. Demak, xato qilish inson qonida bor. Biroq Olloh azza va jallaning marhamati keng, muruvvati buyuk. Gunoh qilgan bandasi tavba qilsa, uni kechirishini marhamat etadi. Yaratgan Olloh: “Bandamning tavbasini, to uning joni halqumiga kelmaguncha qabul qilaman”, deydi. Ammo hech birimiz ruhimiz qachon tanimizni tark etishini bilmaymiz. Bas, shunday ekan, har soniyani g‘animat bilaylik, qilgan gunohlarimizga (xoh katta, xoh kichik bo‘lsin) tavba qilaylik...
manbaa: HordiqPlus Gazetasi.