Bir kuni Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bomdod namozidan keyin aytdilar: — Bu kecha men tush ko‘rdim, tushimda ikki kishi keldi. Meni qo‘limdan tutib: “Yur!” deyishdi. Ular bilan yurib ketdim. Yo‘lda ikki odamga duch keldik. Biri yonboshlab yotardi, ikkinchisi oyoqda turar va qo‘liga kattakon tosh ko‘tarib olgan edi. Bu toshni u chirpirak qilib aylantirib, yotganning boshiga urib yorar, keyin yana toshni aylantira boshlar edi. Yorilgan bosh to avvalgi holiga kelgunicha tosh chir-chir aylanaverar, keyin yana boshga kelib urilib, uni qaytadan yorardi. Bu ish shu tariqa davom etar edi. Meni olib kelganlarga:
— Subhanolloh, bu nima? — dedim. Ular menga:
— Yur, ketdik! — deyishdi. Yurib ketdik. Bir yerda ikki odamga duch keldik. Biri o‘tiribdi, ikkinchisi tik turibdi, turganning qo‘lida temir changak bor edi. U changakni o‘tirganning og‘ziga tiqib, bo‘ynidan chiqarar, so‘ng og‘iz-burnini tilka-pora qilib, changakni sug‘urib olardi. So‘ngra u changagini ko‘targanning goh qulog‘iga, goh ko‘ziga tiqar, bu asnoda og‘iz-burun eski holiga kelar va tik turgan kishi temir changagini yana kishining og‘ziga tiqib sug‘urishda davom etardi. Meni olib kelganlarga:
— Subhanolloh, bu nima? — dedim. Ular menga:
— Yur, yur, ketdik! — deyishdi. Bir joyga yetganda biz og‘zi tor, tubi keng, tandirsimon chuqurlik ustidan chiqdik. Uning ichida olov yonardi, u alangalanganda chuqurda o‘tinga o‘xshab yonayotgan bir to‘da odam chuqurning og‘zigacha uchib chiqar, olov pasayganda yana chuqur tagiga tushib ketardi. Bular yalang‘och erkak va xotinlar edi. Men kuzatuvchilarimdan:
— Bular kimlar? — deb so‘radim. Ular menga:
— Yur, ketdik, — deb, o‘zlari bilan olib ketishdi. Biz qon daryosi bo‘yiga borib qoldik. Daryoda bir odam turibdi, qirg‘og‘ida boshqa bir odam. Uning atrofiga bir to‘p tosh yig‘ilgan... Daryodagi odam qirg‘oqqa chiqaman desa, qirg‘oqdagisi uning og‘ziga tosh bilan urib, daryoga qaytarib tushirib yuborardi. U yana chiqaman desa, tag‘in urib tushirib yuborardi. Va shu tariqa azoblash davom etardi. Men kuzatuvchilarimdan:
— Bu nima? — deb so‘radim. Ular esa yana:
— Yur, ketdik, — deyishdi. Yurib ketdik. Biz bu gal yam-yashil bir bog‘ oldidan chiqib qoldik. Bog‘dagi katta bir daraxt tagida bir chol va bir to‘da bolalar o‘tirishar edi. Undan tashqari, bir o‘zi o‘t yoqib o‘tirgan yana bir kishi ham bor edi. Men:
— Bu nima? Kim bular? — deb so‘radim.
— Yur, ketdik, — deyishdi yonimdagilar. Biz yana yo‘lda davom etdik. Yanada azamat bir daraxt oldidan chiqdik. Bu qadar mahobatli, bu qadar go‘zal daraxtni umrimda ko‘rmagandim. Menga:
— Daraxtga chiq! — deyishdi. Birga daraxtga chiqdik. U yerda oltin va kumush g‘ishtlardan qurilgan bir uy bor edi. Eshigini taqillatdik. Eshik ochildi, kirdik. Bizni bir to‘da kishilar kutib olishdi. Badanlarining yarmi men ko‘rgan go‘zal narsalarning eng go‘zali singari edi, qolgan yarmi men ko‘rgan xunuk narsalarning eng xunugidek edi. Meni olib kelganlar ularga dedilarki:
— Boringlar, anov daryoga sakranglar!
Bundoq qarasam, qarshimda suvi tiniq bir daryo oqmoqda. Odamlar yugurib ketdilar va daryoga sakrab tushib, cho‘mildilar, so‘ngra yana bizning yonimizga qaytib keldilar. Endi ularning yarim xunukliklari qolmagan, butunlay go‘zal va komil qiyofaga qaytgandilar. Meni olib kelganlar menga dedilarki:
— Bu adn Jannatdir. Bu esa Sizning maqomingizdir.
Boshimni ko‘tarib osmonga qaradim. Yuqorida oppoq bulutga o‘xshash bir ko‘shk ko‘rindi. Meni keltirganlar:
— Mana shu sizning maqomingiz! — deyishdi. Men:
— Olloh sizlarga barokat bersin, meni o‘z holimga qoldiring. U yerga kirib ko‘ray! — dedim. Dedilar:
— Endi bo‘lmaydi, keyin kirasiz!
Men so‘radim:
— Men shomdan buyon ko‘p g‘aroyib narsalar ko‘rdim. Nima edi u ko‘rganlarim?
Ular:
— Aytib beramiz, — deb, sharhlab berishdi:
1. Boshiga tosh urilayotgan birinchi ko‘rgan odamingiz Qur’on o‘qigan bo‘lsa ham unga amal qilmagan va farz bo‘lgan namozdan g‘ofil qolgan bir kishi edi.
2. Og‘ziga temir changak tiqilayotgan odam g‘irt yolg‘onchi bo‘lib, uyidan chiqqan zahoti yolg‘on so‘zlaydigan va bu yolg‘onni to‘rt tarafiga yoyib yuradigan kishi edi.
3. Tandirsimon chuqurda ko‘rganingiz yalang‘och erkaklar va xotinlar zinogar buzuqlar edi.
4. Daraxtga yaqin joyda olov yoqib o‘tirgan yot kishi: “Jahannam” soqchilarining boshlig‘i edi.
5. Azim daraxt tagida o‘tirgan chol Ibrohim (a.s.) edi. Yonidagi bolalar esa odamlarning norasida yoshda vafot etgan bolalari edi.
6. Qon daryosidagi odam foiz bilan xalqning qonini so‘rib yotgan kishi, ya’ni, sudxo‘r edi.
7. Badanlarining bir qismi g‘oyat go‘zal, qolgan qismi bag‘oyat xunuk bo‘lganlar esa, ba’zan yaxshi amal, ba’zan yomon amal qilgan kimsalardir. Olloh ularga yomon amallari uchun jazo berishdan voz kechdi.