Qadim zamonda bir dono podshoh o‘tgan ekan. Kunlardan bir kuni u ko‘zguga qarab soch-soqolining oqiga termilib, o‘lim sharpasi yaqinligini sezibdi. O‘z o‘rniga munosib odam topish lozimligini o‘ylab, vazirlari va o‘g‘illarini huzuriga chorlabdi. — Ey, farzandlarim va vazirlarim, — deya gap boshlabdi shoh. — Men o‘z o‘rnimga podshoh tanlashim va ko‘zim ochiqligida bu toju taxt ishonchli qo‘ldaligini sezishim kerak. Shuning uchun sizlarga uch savol beraman. Kim savollarga to‘liq javob topsa, taxt vorisi bo‘lgay. Savollarim — dunyodagi eng oliy haqiqat nima? Eng oliy yolg‘on-chi? Eng oliy maqsad nima? Sizlarga o‘n kun muhlat. Birinchi bo‘lib shu savollarga javob topib kelgan kishiga eng oliy majburiyat — podshohlik tojim kiydiriladi.
Hamma boshini xam qilib, uzoq o‘ylashibdi. Podshohning katta o‘g‘li Jahongir ko‘p farosatli, oqil yigit ekan. U ilk ikki savolga javob topibdi-yu, uchinchisiga aqli ojizlik qilib, onasi huzuriga borib maslahat so‘rabdi. Ona ham o‘ylab turib:
— O‘g‘lim, javobni qabristondan yoki sahrodan izla, — debdi.
Jahongir sahroga chiqib ketibdi. Uzoq yo‘l bosib, bir podachining qo‘rasi ro‘parasidan chiqibdi. Podachilar oqsoqoli nuroniy, oqil kishi ekan. Mehmonni tavoze bilan kutib olib:
— Bu sahroda yolg‘iz ne izlab yuribsiz? — deb so‘rabdi.
Yigit bo‘lgan ishlarni so‘zlab berib, cholga o‘zini tanitibdi. Va uchinchi savolga javob topishda yordam berishini so‘rabdi. Dono bobo kulimsirab debdi:
— Mayli, o‘g‘lim, yordam berganim bo‘lsin. Ayting-chi, birinchi va ikkinchi savolga ne javob topdingiz?
— Eh, otaxon, — debdi yigit, — birinchi savol javobi, dunyodagi oliy haqiqat, bu — o‘limdir, tug‘ilgan kishi o‘lmog‘i begumondir. Qachon va qay holda ekanligi faqat bir Ollohga ayon. Eng oliy yolg‘on esa, bu — dunyo, bevafo dunyodir. Hamma bu dunyo moliga aldanib umr o‘tkazur. U xuddi katta sahnadir. Hamma go‘yo qo‘g‘irchoqboz kabi bir-bir chiqish qilar va asta-asta o‘zi to‘plagan boyliklarini tashlab orttirgan gunohlarini olib bu dunyodan ketarlar.
— Balli, — debdi otaxon. — Endi, o‘g‘lim, ana shu qarshimizda turgan o‘tovda mening begunoh kelinim ikki norasida go‘dagi bilan yotibdi. Agar sizga podshohlik aziz bo‘lsa, shu kelinim va norasida go‘daklarni o‘ldirasiz, shunda men uchinchi savolga javob beraman, agar shuni qilmasangiz javob yo‘q, podshoh bo‘la olmaysiz.
— Yo‘q, otaxon, — debdi Jahongirning jahli chiqib. — Axir, begunoh insonlarni o‘ldirgan kishining oxirati kuyib ketmaydimi? Shu arzimas amalni deb oxiratimni kuydiraymi? Begunoh odam o‘ldirgan kishi hatto jannat hidini ham hidlamaydi-ku. Menga uchinchi savolning javobi ham, podshohlik ham kerak emas.
— Balli, — debdi shunda otaxon. — Siz podshohlikka loyiqsiz. Javobni o‘zingiz topdingiz. Ha, o‘g‘lim, eng oliy maqsad, bu — Ollohning jannatidir. Har bir mo‘min va mo‘minaning orzusi shudir. Jannatga intilib yashash eng buyuk kurash, gunoh va savoblar kurashidir. Kimning imoni baquvvat, savobi mo‘l, niyati xolis bo‘lsa, shubhasiz, jannat egasidir. Olloh jannatni o‘zi sevgan kishilar uchun yaratgan.
Yigit xursand bo‘lib otasi huzuriga qaytibdi va ilm majlisida hozir bo‘lgan olimlarga savollarning javobini aytib, hammani xushnud etibdi. Xursand bo‘lgan podshoh o‘g‘lini Jahongirshoh nomi bilan taxtga o‘tqazibdi.
Inson zotida orzular ko‘p. Biri tugamay, ikkinchi, uchinchisi paydo bo‘ladi. Bu xohishlar — yeb ichish, kiyinish, o‘rganish, umuman, zohiriy istaklar. Ammo eng oliy maqsadingiz haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? Aldamchi dunyoning yolg‘onlari ham bir kuni poyoniga yetadi-ku, axir. Undan so‘ng nimani orzulaysiz? Aslida, eng oliy istak — Ollohning jamoliga erishish, jannatning xushhavo bog‘larida sayr etish! Shunday emasmi, aziz yurtdoshim?!