Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v): “Duo eting, chunki duo ibodatning o‘zagi va mag‘zidir”, deganlar. Bandaga yarashgan ish o‘zining ojiz, Allohning yordamiga muhtoj ekanligini bilish va Allohning marhamat eshigiga bosh urib, Uning muruvvatidan umidvor bo‘lish va qo‘lini duoga ochishdir. Duo faqatgina namozda yoki diniy marosimlarda emas, balki har yerda qilinishi mumkin. Duoning zamoni va makoni yo‘qdir. Duo juda baland ovoz bilan qilinmaydi. Alloh Taolo Qur’oni Karimda: “Rabbingizga maxfiy va iltijo bilan duo qiling”, deb buyuradi. Alloh qalbdagi yashirin va oshkora har narsani, yaxshi niyat bilan duo qilganlarni ham, xohlamay duo qilganlarni ham biladi. Qalbingizni barcha gumonlardan xoli etib, pokiza ko‘ngil bilan iltijo qiling. Sahobai kiromlar Rasulloh (s.a.v)dan so‘radilar:
— Ey, Allohning rasuli, Rabbimiz bizga uzoqmi yoki yaqin? Agar yaqin bo‘lsa ovoz chiqarmay yolvoraylikmi yoki uzoq bo‘lsa Unga nido etaylikmi?
Ushbu savolga javob sifatida “Baqara” surasidagi shu oyat nozil bo‘ldi: “Ey, Muhammad! Qullarim sendan men haqimda so‘rasalar, men ularga yaqinman. Menga duo qilgan payt duogo‘ylarning duosini ijobat qilaman. Bas, haq yo‘lga yurishlari uchun (ular ham) mening (da’vatimga) javob qilsinlar va Menga iymon keltirsinlar”.
Abu Hurayra (r.a)dan rivoyat qilinishiga ko‘ra, Rasululloh shunday dedilar: “Uch kishining duosi shubhasiz qabul qilinadi:
1. Mazlumning duosi.
2. Yo‘lovchining duosi.
3. Ota-onaning farzandi haqiga qilgan duosi”.
Shuningdek Rasuli Akram quyidagi holatlarda ham duo qabul bo‘lishini marhamat etganlar:
— Otaning duosi tez vaqt ichida qabul bo‘ladi.
— Musulmon kishining boshqa musulmon haqiga qilgan g‘oyibona duosi albatta qabul qilinadi. Duo qilayotgan insonning boshi tepasiga bir farishta kelib: “Omin va senga ham shunday bo‘lsin”, der ekan.
— Alloh uchun sevishganlarning bir-birlari uchun qilgan duolari qabul qilinadi.
— Sen bir bemorning yoniga borgan vaqting undan seni duo qilishini so‘ra, chunki bemorning duosi farishtaning duosi bilan tengdir.
O‘zingiz uchun emas, balki o‘zgalar uchun ham duo qiling. Sizni tanigan-tanimaganlar, sizga zarradek yaxshiligi tekkan-tegmagan bandalar haqiga duo qiling.
Rasululloh (s.a.v.) buyuradilar: “Ey, sahobalarim! Sizlar gunohsiz og‘zingiz bilan duo qiling”.
Shunda sahobalar:
— Yo, Rasululloh (s.a.v), gunohsiz og‘iz qanday bo‘ladi? — deb so‘radilar.
Rasuli Akram:
— Hammaning og‘zi o‘zi uchun gunohkor, faqat boshqa uchun gunohkor emas, — deb javob berdilar.
Haq Taolo Muso (a.s)ga:
— Ey, Muso! Bir din birodaringga yaxshilik qilginki, u sening haqingga duo qilsin. O‘zi gunohkor bo‘lsa ham gunohi o‘zi uchundir. Uning duosini qabul qilaman, — deb buyurgan.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deb duo qilardilar: “Allohim, shu to‘rt narsadan Sendan panoh tilayman:
1. Foyda bermagan ilmdan.
2. Qo‘rquvni his qilib bo‘ysunmagan qalbdan.
3. To‘ymagan nafsdan.
4. Eshitilgan, lekin qabul qilinmagan duodan”.
Hazrati Iso alayhissalom buyuradilar: “Ko‘zlaringiz yoshlanguncha duo qiling”.
Ko‘pchilikni “Qaysi vaqtda duo qilgan ma’qul?” degan savol qiziqtiradi. Avvalo, yuqorida ta’kidlaganimizdek, ixlos bilan qilingan duo har qanday paytda ham ijobat bo‘ladi.
Duo qabul bo‘ladigan vaqtlar haqida ikki jahon sarvari Muhammad (s.a.v.) marhamat qiladilar:
— Ikki vaqt bordirki, u vaqtlarda osmon eshigi ochiq bo‘ladi. Rad etilgan duolar deyarli bo‘lmaydi. Birinchisi — azon aytilgan vaqt, ikkinchisi — dushman bilan yuzma-yuz kelgan payt.
Kechasi shunday bir vaqt borki, bir musulmon bu vaqtda duo qilsa, dunyo va oxirat uchun Alloh Taolodan nimaniki so‘rasa, albatta so‘ragani beriladi. Bunday muborak soat har bir kechada bordir.
Tunning yarmida osmon eshiklari ochiladi va bir nido keladi: “Duo qilgan bormi? Duosi qabul bo‘ladi. Bir narsa istagan bormi? Istagani beriladi”. Bu vaqtda zino qilgan va birovning haqini nohaq yeydiganlardan tashqari hamma musulmonning duosi qabul bo‘ladi.
Juma kuni shunday bir soat borki, ushbu soatda musulmon kishi Allohga duo qilib, nimani so‘rasa, albatta, duosi qabul bo‘ladi. Shuningdek, Arafa kuni qilingan duo ham tezda ijobat bo‘ladi.
Ramazon oyida Allohni ko‘p zikr etgan musulmonning gunohlari kechiriladi va duolari qabul bo‘ladi.
Allohdan istagi bo‘lgan inson farz namozidan so‘ng Allohga duo qilsin.