Bugun "Muqimiy" nomidagi o`zbek davlat musiqali drama teatri aktyori va bosh rejissyori, O`zbekiston xalq artisti Rustam Ma`diyev 51 yoshda hayotdan ko`z yumdi...
Ikki hafta oldin yurak infarki bilan shifoxonaga yotqizilgan aktyorimiz, umrining so`nggi lahzalarida Qashqadaryodagi uyiga olib ketilgan edi. O`tgan shanbada "Muqimiy" teatri rahbari boshchiligida Kasbi tumaniga yo`l olgan jamoa Rustam Ma`diyevning ahvolini ko`rib shoshib qoldi. Infarkdan so`ng insult bo`lib qolgan aktyorimizning og`ir ahvolidan kuyinmagan odamning o`zi qolmadi. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Boyir Xolmirzayev: - Men ustozimni shunchaki, dam olyapti, deb o`ylagandim. Borib yaxshilab bir hazillashsam turib ketadilar degan xayolda edim. Yonlariga borib o`tirganimda zo`rg`a ko`z ochib jilmayganlarini ko`rib, bo`g`zimga achchiq alam tiqildi. Nahotki... Qaytib kelar ekanman, o`sha tasavvur ko`z o`ngimdan ketmasdi. Bugun mudhish xabarni eshitib, anchagacha o`zimga kela olmadim. Bir necha kundan buyon shu so`zlarni eshitishdan qo`rqib yashadim. Ammo nachora, bandaning qo`lidan hech narsa kelmas ekan. Men bir shogird sifatida ustozdan ko`p narsa o`rgandim va shunday ustozim borligidan faxrlanaman. Joyingiz jannatda bo`lsin, uztoz!
- Men 2004 yilda Rustam akadan ilk marotaba intervyu oldim. Suhbatimiz anchaga cho`zildi. Shu vaqt oralig`ida men u kishining naqadar katta yurak sohibi ekanligiga amin bo`ldim. Keyin tez-tez teatrga boradigan Rustam akaning va boshqa rejissyorlarning spektakllarini tomosha qiladigan bo`ldim. Hatto yuqorida siz guvohi bo`lgan suratlarni ham o`sha paytlarda o`zim tushirib kelgandim. Ular Rustam akaga yoqqanligi uchun, rasm qilib ishlab berishni so`ragandilar. Ammo vaqti kelib aynan shu suratlarga qora belbog` taqib, Rustam akani xotirlayman, deb sira o`ylamagandim. Oradan ko`p o`tmasdan u kishining 19 yashar og`li Shoxrux to`satdan olamdan o`tdi. Bu Rustam akaga juda qattiq ta`sir qildi. Shundan so`ng, tez-tez yotib qoladigan bo`ldilar. Farzand dardini hech kimning boshiga solmasin ekan. Hozir shu so`zlarni yozyapman-u, ko`z o`ngimdan aktyorimizning jilmayib qarashlari, sahna haqida kuyinib gapirishlari ketmayapti. Inson umrini shamga qiyos qilishlari bekorga emas ekan. Bir yonib, bir o`chish... Bu oraliqda kimdir o`zini isbotlay oladi, kimdir esa yo`q. Rustam Ma`diyev esa o`tgan umri davomida o`zbek teatri uchun juda katta ishlarni qila oldi. Oddiy aktyor bo`la turib, teatr rejissyorsiz qolgan mahalda ham o`zi ssenariy yozib, o`zi sahnalashtirib, teatrni inqirozdan olib chiqqan bu inson haqida gapirmaslikning iloji bormi? Bugun butun teatr ahli Rustam Ma`diyev bilan vidolashdi. Hamma motamda. Chunki uning xizmatini qabri tepasida turgan barcha biladi, qadrlaydi. Barchamiz uchun og`ir ushbu lahzalarda biz portalimiz jamoasi va aktyorimizning butun boshli muxlislari nomidan uning oila a`zolariga va yaqinlariga chuqur hamdarlik bildirib qolamiz. Alloh u kishining joylarini jannatda qilib, ruhlarini shod qilsin. Alvido, Rustam aka!
Muallif: Baxtiyor RASULOV. Manba:mashhur.uz
|