O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zalida "Bugungi Xitoy” mavzuidagi fotoko‘rgazma ochildi. U «O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi» jamg‘armasi, Xitoy Xalq Respublikasining Inson huquqlarini o‘rganish jamiyati va XXRning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi...
Tadbirning ochilishida Xitoyning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Xunszyun mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.
Xitoy mamlakatimizning eng yaqin va ishonchli hamkorlaridandir. O‘zbekiston-Xitoy aloqalari boshqa sohalar singari san’at va madaniyat jabhasida ham izchil mustahkamlanib borayotir.
Ko‘rgazmada xitoylik foto ustalari tomonidan olingan to‘rt yuzga yaqin fotosurat namoyish etilmoqda. Ular Chin yurtining tarixi, xalqining turmush tarzi, urf-odatlari, an’ana va qadriyatlari, san’ati va madaniyati haqida hikoya qiladi.
- Ko‘rgazmani tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad suratlar orqali o‘zbekistonliklarni Xitoy xalqining bugungi hayoti bilan yaqindan tanishtirishdan iborat, – dedi XXRning Inson huquqlarini o‘rganish jamiyati bosh kotibining o‘rinbosari Chen Jengong. – Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar an’anaviy do‘stlik va o‘zaro ishonch ruhida jadal rivojlanmoqda. Kelgusida munosabatlarimiz yanada mustahkamlanib, hamkorlikda ko‘plab sohalarda ulkan yutuqlarga erishishimizga ishonamiz.
Ko‘rgazmada Xyu Changmingning "Shanxay tongi”, Jang Chunxayning "Xitoylikning to‘yi”, Lyu Fengning "Biz egizaklarmiz”, Lyu Janmingning "Pekin operasi”, Kang Taysenning "Tibetcha raqs” kabi suratlari tomoshabinlarda ayniqsa katta qiziqish uyg‘otmoqda.
O‘zA, Iroda Umarova
|