Qachonlardir yarim tonnagacha semirgan meksikalik fuqaro 5 yil deganda uyidan tashqariga chiqdi. O’sha paytda u parhez tutish va turli mashqlar tufayli taxminan 200 kg. vaznidan xalos bo’lgan edi.
Shunga qaramay, 41 yoshli Manuel Uribe hali ham bahaybat. O’zi mustaqil ravishda yura olmaydi. Shuning uchun uni yuk mashinasiga yuklash uchun ko’tarma krandan foydalanishga to’g'ri keldi. Bungacha esa do’st-birodarlari Manuelni tashqariga karovatda o’tirgan holda olib chiqishdi. Yaqinlari Manuelni o’zi yashaydigan ko’cha bo’ylab sayr qildirdilar. Keyin esa pahlavonni shahar maydoniga olib borishdi. Shahar aholisi Manuelni olqishladi. Axir, uning ortiqcha vazn bilan kurash tarixi shov-shuvga aylangandi-da. Uyiga qaytganda esa ostonada uni haqiqiy orkestr qarshi oldi. "Men 5 yil jamiyatdan ajralib qolganimdan so’ng hozir o’zimni juda yaxshi his qilyapman”, - deydi Manuel jurnalistlarga. Manuelning aytishicha, 200 kgdan xalos bo’lishiga "Zona” nomli parhez ko’mak bergan. Jismoniy mashq sifatida esa u yotoqxonasidagi maxsus qurilmadan foydalangan. Bu unga og’irlikni ko’tarishga yordam bergan. Manuel 22 yoshgacha 132 kg. tosh bosgan edi. Shundan so’ng yiliga 25 kilodan vazn to’play boshlagan. 2007-yilning may oyida uning vazni hammasidan oshib tushdi - 550 kg.
Ajablanarlisi, Manuel bu darajada semirsa-da, uning qonidagi xolesterin va qand miqdori me’yorida bo’lgan. O’tgan yili Manuel jarrohlik yo’li bilan ichaklarni qisqartirish uchun Italiyaga bormoqchi edi. Biroq uyida qo’lga kiritgan natijalari sabab Manuel bu qaroridan qaytdi, yana avvalgi mashqlarni bajarish va parhez tutishni davom ettira boshladi.
|