Sulaymon alayhissalom butun dunyoga insu jinlar, hayvonlaru qushlar va shamollarga ham hukmron bo‘lganlari sababli o‘zlaridan g‘ururlanib: «Yo Parvardigoro, menga izn berginki, bir yil davomida rizqlanuvchilarning rizqini men berayin», deb izn so‘radilar. Alloh: «Sen bunga qodir emassan», dedi. Sulaymon alayhissalom: «Yo Parvardigoro, bir kunga ruxsat bergin», dedilar. Bas, Alloh izn berdi.
Shunda Sulaymon alayhissalom butun insu jinlarni to‘planib, qirq kun davomida ovqat pishirishga va oziqlar tayyorlashga buyuribdilar. Shamollarga ovqatlar ustida esmaslikni buyurdilarki, toki taomlar buzilib, aynib qolmasin. So‘ng oziqovqatlarni keng sahroga joylab chiqishni buyuribdilar. Ovqatlar joylangan maydonning uzunligi ham, kengligi ham bir oylik yo‘l edi. Alloh Sulaymon alayhissalomga: «Qaysi maxluqotlardan boshlaysan?» deb vahiy qilibdi. Sulaymon alayhissalom: «Dengizu quruqliklarda yashovchilardan», debdilar.
Shunda Alloh dengizu ummonlardagi baliqlarga Sulaymon alayhissalomning chaqiriqlariga borishni buyuribdi. Ulkan baliqlar kelib: «Ey Sulaymon, Alloh bizlarni bugungi rizqimizni senga topshirgan ekan», deyishganda, Sulaymon alayhissalom: «Oldilaringizda taom turibdi, xohlaganingizni yenglar», debdilar. Nahang baliqlar butun ozuqalarni yutib yuboribdilarda, «Ey Sulaymon, bizlarni to‘ydirgin, biz ochmiz», debdilar. Sulaymon alayhissalom: «To‘ymadinglarmi?» deb hayratlanibdilar. «Hali to‘yganimiz yo‘q», deb javob berishibdi. Shunda Sulaymon alayhissalom sajdaga yiqildilarda: «Maxluqotlarning barchasini o‘zlari sezmagan joylardan rizqlarini yetkazib turguvchi Alloh! Seni poklayman», debdilar.
|