Benamozning ro'zasi qabulmi?
Savol: Men Ramazon oyida ro‘za tutdim, lekin namoz o‘qimayman. Mening ro‘zam qabulmi?
Javob: Barcha hamdlar Allohga.?
Namoz o‘qimaydigan kishining Ramazon oyidagi ro‘zasi va boshqa har qanday hayrli amallari qabul bo‘lmaydi. Sababi namoz o‘qimagan kishi kufr amali qilgan bo‘ladi. Bunga dalil Rasulalloh sallalohu alayhi vasallamning: “Albatta kishi bilan kufr va shirkning o‘rtasida namozni tark qilish turadi” degan so‘zlaridir (Imom Muslim rivoyatlari).
Alloh kufr qilguvchilarning esa hayrli amallarini qabul qilmaydi. Zero Alloh taolo Qur’oni karimda bunday kishilar haqida shunday deydi:
“Va qilgan amaliga kelib, ularni to‘zon kabi sochib yuborurmiz” (Furqon, 23).
“Agar shirk keltirsang, albatta, amaling behuda ketur va, albatta, ziyonkorlardan bo‘lursan” (Zumar,65).
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasulalloh sallalohu alayhi vasallam: “Asr o‘qimagan kishi, biror ishi barbod bo‘lgan kishi kabidir”, deb aytganlar. Bu erda “ishi barbod” bo‘ldi deyilishining ma’nosi kishining bu ishlari qabul bo‘lmaganini bildiradi. Ya’ni qilgan amallari rad etiladi va unga foyda bermaydi.
Yuqoridagi hadis benamoz kishining qilgan amallari Alloh tomonidan qabul bo‘lmasligiga dalildir. Demak namoz o‘qimagan kishining biror hayri amali unga foyda bermaydi hamda uning bu amallari Allohga ko‘tarilmaydi.
Ibn al-Qayyim (rahimahulloh) yuqoridagi hadisni sharhlab shunday deydilar: “Bu hadisdan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, benamozlar ikki turli bo‘ladi: umuman namoz o‘qimaydiganlar – bundaylarning barcha qilgan amallari bekordir, hamda ba’zi kunlarda namozni tark qiladiganlar – bundaylarning o‘sha kuni qilgan amallari rad etiladur. Demak umuman namoz o‘qimaydiganlar barcha hayri amallari bekor bo‘lsa, goh-gohida namozni tark qiladiganlarning ba’zi amallari rad etiladi” (Kitab as-Salaah, 65 bet).
Mana shunday namoz o‘qimay yurganlarga maslahatimiz ular qilgan ishlariga pushaymon bo‘lishlari hamda Allohning g‘azabi va azobidan panoh so‘rab, qilgan osiyliklari uchun tavba qilishlari lozim. Alloh tavba qilganlarning tavbasini qabul qiladi va ularning gunohlarini kechiradi. Banda tavba qilganida Alloh juda ham hursand bo‘ladi. Rasulalloh sallalohu alayhi vasallam tavba qilganlarga hushhabar berib: “Gunohlardan tavba qilganlar umuman gunoh qilmaganlar bilan barobardirlar”, dedilar. (Ibn Moja rivoyatlari, Alboniy sahih degan).
Demak bunday kishilar teg‘da g‘usl qilib namozni qoim qilishlari, qalbari va badanlarini poklashlari lozim. Tavba qilishni ham “Ertaga tavba qilaman, indinga tavba qilaman” deb kechiktirmaslik kerak, sababi kishi qachon o‘lishini bilmaydi. Tavbani esa o‘lim kelguniga qadar qilish lozim.
U kunda zolim ikki qo‘lini tishlab: “Ey voh!!! Payg‘ambar ila bir yo‘lni tutganimda edi!” der. “Ey voh!!! Koshki falonchini do‘st tutmasam edi. Batahqiq, menga zikr (Qur’on) kelgandan so‘ng u (do‘st) meni adashtirdi. Shayton insonni yordamsiz tashlab ketguvchidir”, der. (Furqon, 27-29)
Muhammad Solih al-Munajjid; Tarjima: Islom olami
|