«Agar sizlar man etilgan gunohlarning (Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish, birovni nohaq o‘ldirish kabi) kattalaridan saqlansangizlar, qilgan (kichik) gunohlaringizni o‘chirurmiz va sizlarni ulug‘ manzil – jannatga kiriturmiz» (Niso surasi, 31). «Ular katta gunohlardan va buzuqliklardan chetlanadigan, g‘azablangan vaqtlarida esa kechirib yuboradigan zotlardir» (Sho‘ro surasi, 37). «Ular (ya’ni, jannatga sazovor bo‘lganlar) kichik xatolardan boshqa katta gunohlardan va buzuqliklardan yiroq bo‘ladigan zotlardir. Albatta, Parvardigoringiz mag‘firati keng zotdir...» (Van-najm surasi, 32). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Modomiki, banda katta gunohlardan chetlanar ekan, besh vaqt namoz, juma keyingi jumagacha va ramazon keyingi ramazongacha bo‘lgan kichik gunohlarga kafforatdir» (Muslim va Termiziy rivoyati).
Demak, qaysi gunohlar kabira ekanini bilib olishimiz juda muhim. Toki ulardan chetlanaylik va Rabbimiz rahmatiga musharraf bo‘laylik.Bir toifa ulamolar gunohi kabiralarni yettita, deganlar va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi sharifini hujjat qilganlar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Halok qiluvchi yettita gunohdan saqlaninglar», dedilar. «Ular qaysilar, yo Rasululloh?» deb so‘rashganida, «Allohga shirk keltirish, sehr, Alloh (o‘ldirishni) harom qilgan jonni nohaq o‘ldirish, yetim molini yeyish, sudxo‘rlik, dushmandan ortga chekinish, buzuq xayol bilan pokdomon mo‘mina ayollarga tuhmat qilish», deya javob berganlar (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhu esa: «Gunohi kabiralar yettitadan ko‘ra, yetmishtaga yaqinroq», deganlar. Yuqoridagi hadisda esa, gunohi kabiralar soni yettita emas, balki mazkur yettita amal gunohi kabiralardan ekani bayon qilingan, xolos. «Albatta, kimda-kim Allohga shirk keltirsa, Alloh unga jannatni harom qilur, uning borar joyi do‘zaxdir. Zulm qilguvchilar uchun biron yordamchi bo‘lmas» (Moida surasi, 72).
GUNOHI KABIRALAR 02
Katta shirk – Allohga biron bir narsani sherik qilish, teng bilish va u zot bilan birga tosh, daraxt, quyosh kabi boshqa narsalarga ibodat qilishdir. U gunohi kabiralarning eng kattasidir. Allohning O‘zi saqlasin. «Albatta, Alloh O‘ziga (biron narsaning) sherik qilinishini kechirmas. Shundan boshqa gunohlarni O‘zi xohlagan kishilar uchun kechirur...» (Niso surasi, 48).
Ya’ni shirkni kechirmaydi. O‘zi xohlagan bandalarining shirkdan boshqa gunohlarini kechiradi. Shirk Alloh taoloning: «...Albatta, Alloh (O‘zi xohlagan bandalarining) barcha gunohlarini mag‘firat qilur. Albatta, Uning o‘zigina mag‘firatli, mehribondir» (Zumar surasi, 53), oyati karimasidagi «barcha gunohlar» sirasiga kirmaydi. «...Chunki shirk
keltirish katta zulmdir» (Luqmon surasi, 13). Ya’ni, shirk qabih amal va
yaqqol zulmdir, bir narsani o‘z o‘rnidan boshqa o‘ringa qo‘yish,
haqqini poymol qilishdir. Kimki yaratuvchi bilan yaralmish – maxluqni,
iloh bilan but-sanamni barobar deb bilsa, shak-shubhasiz, u aqlsiz,
ahmoqdir.
«Zolim» deb nomlanishga, hayvonlar qatorida sanalishga
loyiqdir. Buxoriy va Muslim rivoyatida kelgan hadisi nabaviyyada shunday
deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Sizlarga gunohi kabiralarning eng kattalari haqida xabar beraymi?» deb uch bor so‘radilar. Biz: «Ha», dedik. «Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish», dedilar. Suyangan holda edilar, shundan so‘ng o‘tirib oldilar-da: «Ogoh bo‘linglar, yolg‘on gapirish va yolg‘on guvohlik berish», deya takrorlayverdilar. Hattoki,
biz qaniydi, sukut qilsalar, dedik» (Muttafaqun alayh). Rasululloh
sollallohu alayhi vasallam: «Halok etuvchi yettita gunohdan
saqlaninglar», dedilar-da, birinchi navbatda Allohga shirk
keltirishni zikr qildilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam
aytdilar: «Ey Ibn Xattob, bor, odamlarga «jannatga faqatgina mo‘minlar kiradi», deb jar sol» (Muslim, Ahmad rivoyati).
Прикрепления: Rasm 1 |