![](http://img821.imageshack.us/img821/5835/meethieidcardspics2011.jpg)
Otashkurak
Ramazonning o`ttiz kuni ko`z ochib yumguncha o`tdi-yu, Ramazon hayiti keldi. Hayit tongi qanchalar go`zal! Daraxtlar yana-da yashil. Osmon yana-da moviy, quyoshni aytmaysizmi, u ham odamlarni ulug` ayyom bilan tabriklagan kabi boshqa kunlardan ko`ra yorqinroq tus olgandek. Qishloq insonlarini tongdan beri o`zgacha bir hayajon egallagan. Ayollar tong saharlab nozik mehmon kutayotgandek hovli-uylarini chinnidek qilib tozalagan, ko`chalarga suvlar sepilgan. Bolajonlar qalbida quvonch ila yangi kiyimlar kiygan. Erkaklar Hayit namoziga xozirlik ko`rishga shoshilgan.
Ulovlarni ham yaxshilab to`ydirib olishni unutmaslik kerak, chunki Hayit namozi o`qiladigan masjid qishloqdan ancha oils. Qolaversa yo`lda ancha muncha tanish-bilishlarni uchratib, ular bilan salom-alik qilib, xol-xotirini so`ragunga qadar hali tushlik vaqti bo`lib qoladi.
Hammadan ham bolajonlarning qalbidagi quvonchning cheki yo`q. Ularning ba’zilari atigi bir kun ro`za tutgan, shu ham bo`lsa faqat tushlik paytigacha, lekin bu ularni namozga borishdan qaytarmaydi. Ahir ular o`ttiz kun davomida aynan shu kunni intiqlik bilan kutib, Hayitga necha kun qolganini o`zaro sanab yurishdi. Mana nihoyat Hayit ham keldi. Hayitlik bilan to’lgan cho`ntaklardan necha bor pullarini olib, sanarkan bolalarning namozdan keyin bozordan oladigan narsalari: shirinliklar, o’yinchoqlar va shu kabilar hayolidan o’tmoqda.
Hamid ham qishloqdagi boshqa bolalardan farq qilmaydigan, o`yinqaroq, sho`x bo`lishiga qaramay qalbi toza, ko`zlari bolalarcha beg`ubor bolakay. Uning ota-onasi bir necha yil oldin olamdan o`tgan bo`lib, buvisi Omina xola bilan yashaydi. Omina xola yolg`iz o`g`li va kelinidan ajralib, shikasta qalbini Hamid bilan ovuntiradi. U endi faqat Hamid uchun yashaydi. Hamid ham hali Ramazon tugamasdan buvisidan Hayit qachon keladi deb so`ragani so`ragan edi. Buvisi unga yangi kiyim olib berishga imkoni yo`q, cho`ntagidagi buvisi bergan hayitlik boshqa bolalarnikidan ancha oz bo`lsa-da, bugun u ham namozga oshiqmoqda.
Qishloq erkaklari shahar tomon yo`lga chiqishdi. Bolalar ham ular bilan ketishmoqda. Buvisi Hamidni ham yoshi kattaroq qo`shni bolalarga tayinlab qo`shib yubordi. Hamid ketgach, Omina xola nevarasining qaytishiga tansiqroq taom pishirish maqsadida ishga tushib ketdi.
Kun choshgohga yaqinlashganda namozga ketgan erkaklar va bolalar birin-ketin qayta boshlashdi.
Omina xola ham baxoli qudrat Hayit dasturhonini yasatib nevarasini kuta boshladi. Hamiddan darak yo’q. Buvisi havotirini yashirmay qo`shnisidan Hamidni so`raganda, u boshqa qishloqdoshlari bilan bozorga ketganini aytdi. Omina xola biroz vaqt uyida kutdi, keyin yana eshikma-eshik yurib nevarasini so`rab chiqdi. Hamidni topa olmagach, oyog`ida madori ham qolmay uyiga qaytib keldi.
Asr vaqti kirib bo`lgan edi. Omina xola tahorat oldi, namoz o`qib, Allohdan yolvorib, nevarasini sog`-omon ko`rishni nasib etishini so`radi.
Joynamozdan turar turmas nevarasining hovlidan kelayotgan ovozini eshitgan Omina xola shosha-pisha yugurib uydan chiqdi va Hamidni bag’riga bosdi. "Voy o`g`lim-ey, qayerlarda yuribsan-a? Seni qayerdan qidirishni ham bilmay o`tiruvdim, alhamdulillah, sog`-omon ko`rishtirdi”,- dedi xola ko`zining yoshini artarkan. "Kechiring, buvijon, bozorda ancha qolib ketdim, shunchalik havotirlanishingizni o`ylamabman.” Shu payt Omina xola Hamidning qo`lidagi otashkurakka ko`zi tushdi. "Nima bu bolam? Buni qayerdan olding?” "Bozordan, bergan hayitligingizga sotib oldim”.
Omina xola nevarasini koyiy ketdi: "Sening aqling bormi o`zi, kun botay deyaptiyu hali tuz totmadingmi, shuni o`rniga u-bu narsa olib yesang bo`lmasmidi?” Hamidning kayfiyati tushib ketgani ovozidan bilindi:” Anchadan beri tandir, o`choqqa o`t qalab otashkuraksiz qiynalganingizni ko`rib siz uchun olgandim, buvijon”.
Omina xolaning ko`ngli yumshab ketdi. Boyagi jaxldan asar ham qolmadi. O`rnini til bilan ta’riflanmas qadar cheksiz mehr egalladi. Boshqalarning g’amini yeyish shunchalar bo`lar. Bolalarning shirinlig-u o`yinchoq olayotganini ko`ra turib, bayram bo`lsa-da, buvisini o`ylagan, o`zining bolalarcha orzu-havasini yenga olgan Hamidga qarab xolaning ko`zlari yana yoshga to`ldi. Hamidni bag’riga bosarkan, shu orqali unga bo`lgan mehru shavqatini, so`zsiz muhabbatini izhor etdi.
Manbaa: bolajon.com