Ko‘pchilikni nima uchun ikkincha marta Oyga hech kim uchmayapti, degan savol qiziqtirsa kerak. 1969 yili amerikalik Nil Armstrong rostdan ham Oy sathiga qo‘nganmi? Bundan maqsad nima bo‘lgan? Ma’lumki, insonning Oyga uchishi uchun katta mablag‘ talab etiladi. Hozirda Oyga bormasdan turib ham ushbu Yer yo‘ldoshini tadqiq qilish imkoniyatini beruvchi texnologiyalar mavjudligi bois ikkinchi bor ushbu sovuq maskanga uchish uchun ehtiyoj sezilmayapti.
Aslida, insonning Oyga uchishi siyosiy ahamiyatga ham ega bo‘lgan. 1961 yili sobiq Sovet Ittifoqi fazogiri Yuriy Gagarinning samoni zabt etishi olamshumul voqea bo‘lgan edi. Shu voqeadan bir oy o‘tgach, AQSh Prezidenti Jon Kennedi mamlakat Kongressiga murojaat qilib, Oyga qadam qo‘yish Amerika xalqining birdan-bir maqsadi ekanini izhor qiladi. "Ushbu o‘nyillikda insoniyatning Oyga qadam qo‘yish majburiyatini mamlakatimiz o‘z zimmasiga olishiga ishonaman”, deydi u. AQShning Oyga uchish bo‘yicha "Apollon” dasturi shundan so‘ng boshlanadi. Unga 24 mlrd. dollar sarflanadi. Bu AQShdagi mavjud oltin zahiralaridan ikki barobar ortiq mablag‘ edi. "Apollon” loyihasini amalga oshirishda 20 mingdan ziyod firma va korporatsiyalar, ko‘plab sanoat tarmoqlarining 400 mingdan ortiq muhandislari, olimlari va xizmatchilari doimiy band bo‘ladi. Bu uch bosqichli loyihaning "ota”si ikkinchi jahon urushidan so‘ng AQShga ko‘chib ketgan nemis muhandisi Verner fon Braun edi. Ushbu loyiha doirasida o‘sha yili 15 mln. qismdan iborat "Apollon” fazo kemasi ham yaratiladi.
|