
O‘zbekistondagi militsiya serjantlaridan biri hibsxonalardagi vaziyat haqida gapirib berdi.
5 oktyabrdan O‘zbekistonda "Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.
"Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonun biror jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib qo‘lga olingan shaxslarni hibsda saqlash tartibi va sharoitlarini belgilab beradi.
Qonunning 18-moddasida taqdim etilgan haq-huquqlari doirasida hibsda saqlanayotganlarga hibsxona ichida diniy ibodatlar, marosimlarni o‘tash va diniy adabiyotlardan foydalanish huquqi berilgan.
O‘zbekistondagi vaqtinchalik saqlash hibsxonalaridagi vaziyatni ozmi-ko‘pmi kuzatib kelayotgan advokatlar va inson huquqlari faollariga ko‘ra, shu vaqtga qadar hibsxonalarda diniy ibodat, jumladan, namoz o‘qilishiga oid meyoriy hujjat bo‘lmagan.
Hibsga olingan shaxslarning ibodati hibsxonalarda va shuningdek, qamoqxonalarda ham o‘sha muassasining ichki tartibiga oid va Ichki ishlar vazirligining yo‘riqnomalariga oid hujjatlar bilan yuritilar edi.
Yangi qonun qabul qilinishi munosabati bilan biz hibsxonalarda diniy ibodatlar uchun shu vaqgacha mavjud imkon qanaqa edi va bundan so‘ng qanaqa bo‘ladi, degan savol bilan muqaddam Ozodlikka o‘zi bog‘langan Ichki ishlar xodimi, kichik serjant hamda o‘z iltimosiga ko‘ra ism-familiyasi Kozimjon Egamberdiyev, deb o‘zgartirilgan militsionerga murojaat qildik.