Qizil Xoch: Talofat ko'lami mislsiz, jabrdiydalarga yordamni oshirish kerak
Qirg'iziston janubi va O'zbekiston chegara hududlarida tekshiruv olib borgan tashkilot vaziyatni insoniyat fojiasi deb ta'riflamoqda.
O'tgan ikki kun ichida Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi xodimlari O'sh, Jalolobod, bu shaharlar atrofidagi tuman va qishloqlar hamda O'zbekiston bilan chegaradosh joylardagi vaziyat bilan tanishgan.
"O'z ko'zimiz bilan ko'rib, aniqlab, shunday xulosaga kelayapmizki, mojaro oqibatida uy-joyini tark etgan odamlar soni juda katta va bu borada aniq bir ma'lumot berish qiyin. Lekin gap o'n minglab odam haqida ketayotganiga ishonchimiz komil", - deydi Severin Chappaz, tashkilotning Qirg'zistondagi boshlig'i muovini.
O'zbekistonda, rasmiylarning bayon qilishicha, kamida 75 ming qochqin ro'yxatga olingan. Yana minglab odamlar chegarada madad kutib o'tiribdi. Respublika asosan ayollar, bolalar va keksa yoshdagilarni o'z bag'riga olgan.
Yoqib yuborilgan insonlarning jasadlari... Qizil Xoch nazarida ularning kimligini aniqlash, tibbiy ekspertiza va tekshiruv oson kechmaydi. Ahvol qaltis ekan, qolaversa oziq-ovqat va ichimlik suvi taqchil, boshpana va tibbiy yordamga talab kuchli ekan, mahalla va kasalxonalarda ham vaziyat o'gir.
Qizil Xoch tibbiy xodimlarining aytishicha, jabrdiydalar orasida jinsiy tajovuzga uchragan va qattiq jarohatlangan odamlar ko'p uchramoqda.
Tashkilot O'sh yaqinida bir necha qizning dardini tinglab, ularni ko'rikdan o'tkazganida, zo'rlangani va do'pposlangani ayon bo'lgan.
"Jinsiy tajovuz inson nomusi va vujudini yakson qiluvchi jinoyat ekani sir emas. Biz bunday harakatlarni keskin qoralaymiz", - deydi Sevewrin Chappaz.
O'shdagi bir binodan 3000 ming kishi och holda topilgan. Ulardan 500 ga yaqini go'daklar. O'tgan uch kun mobaynida bu joyda uch bola dunyoga kelgan.
Xalqaro tashkilotlar O'zbekiston hukumati va muassasalariga qochqinlarga qarash uchun yordam berishga tayyor Notinchliklar avj olganidan beri ilk marta O'shdagi markaziy qamoqxonaga BMT tomonidan oziq-ovqat yetkazilgan. Inshootda qariyb 1000 mahbus saqlanadi.
Bugun O'shga Qizil Xochga tegishli samolyotda yirik miqdorda aholiga zarur mahsulotlar keltirilgan.
Tashkilot Andijonga yordam olib kirishga tayyor ekanini bildirmoqda. Qizil Xoch, Qizil Yarimoy va boshqa xalqaro gumanitar muassasalar birgalikda O'zbekistondagi qochqinlarga ko'makni oshirish harakatida.
Bugun Qizil Xoch ekspertlari, jumladan favqulodda holatlar va tibbiy ekspertiza bo'yicha mutaxassislar Andijonga yetib borgan.
Amerika Ovozi