O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2009 yil 6 avgustda qabul qilingan "Namangan shahrini 2009-2012 yillarda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirishga oid dasturi to‘g‘risida”gi qarori shahar qiyofasini tubdan o‘zgartirish, uni yanada ko‘rkam, obod va fayzli maskanga aylantirishda dasturilamal bo‘lmoqda.
Ayni paytda shaharning husniga soya tashlab turgan eski imoratlar o‘rnida zamonaviy, yangi binolar qad rostlamoqda, yo‘llar va ko‘chalar kengaytirilib, rekonstruksiya qilinmoqda.
Yangi yilning dastlabki kunlarida "Farg‘ona halqa yo‘li”ning Namangan shahri hududidan o‘tuvchi 77-kilometrida yerosti yo‘l o‘tkazgichining birinchi navbati foydalanishga topshirildi.
– Mazkur yo‘l o‘tkazgich Toshkent-Andijon yo‘nalishi hamda Namangan shahridagi transport qatnovini tartibga solishda, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda muhim ahamiyatga ega, – deydi "Namanganavtoyo‘l” boshqarmasi ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Abdurashid Saidmamatov. – Yo‘lning shu qismida bir kecha-kunduzda yigirma besh mingga yaqin transport vositasi harakatlanadi.
Ayni paytda ushbu inshootning ikkinchi navbatida qurilish ishlari davom etmoqda.