Farz bilan birga o‘qiladigan sunnatlar
Bular ham o‘z o‘rnida ikki qismga bo‘linadi:
1. Bajarishlik ko‘p bor ta’kidlangan sunnatlar. Bularga sunnati muakkadalar, deyiladi.
2. Qilish ta’kidlanmagan sunnatlar.
Qisqacha ma'lumot:
Ta’kidlangan sunnatlar
Ular quyidagilardir:
1. Bomdod namozining farzidan oldingi ikki rakat sunnat. Ushbu namozda Fotihadan so‘ng birinchi rakatga Kafirun surasini, ikkinchi rakatga Ixlos surasini zam qilishlik ham sunnat amallaridandir. Agar jamoat bomdodning farzini o‘qish uchun tursa-yu, kechroq kelgan kishi hali sunnatini o‘qimagan bo‘lsa, farzga yetib olishga ko‘zi yetsa, shu sunnatni o‘qimoqlikka kirishadi. Agar farzga ham yetolmaslikka ishonsa, sunnatni tark qiladi va jamoatga qo‘shiladi. Farzdan so‘ng esa sunnatning qazosini o‘qimaydi. Chunki bomdodning farzidan keyin nafl namoz o‘qishlik makruhdir. Agar jamoat farz namozini o‘qish uchun qo‘zg‘alsa, bomdodning sunnatidan boshqa namoz o‘qilmaydi. Chunki bomdoddagi sunnatni farzdan oldin o‘qishlik nihoyatda ko‘p ta’kidlangandir. Agar bir kishi uxlab qolib umuman bomdodni qazo qilsa, quyosh chiqib nayza bo‘yi ko‘tarilgandan so‘ng farzga qo‘shib, sunnatning ham qazosini o‘qiydi. Ammo bomdodning farzini o‘z vaqtida o‘qigan bo‘lsa-yu, sunnatini tark qilgan bo‘lsa, quyosh chiqqandan keyin ham bu sunnatning qazosini o‘qish shart emas.
2. Peshin namozi farzidan oldingi to‘rt rakat. Bu bomdodning sunnatidan keyingi o‘rinda turadigan ta’kidli sunnatdir.
3. Peshin namozidan keyin ikki rakat, juma kunlari esa ikki rakatli juma namozidan oldin to‘rt rakat, keyin ham to‘rt rakat o‘qishlik ta’kidlangan sunnatdir.
4. Shom namozidan keyin ikki rakat.
5. Xuftondan keyin o‘qiladigan ikki rakat. Sunnat namozlarining har bir rakatida Fotihadan keyin zam sura o‘qishlik vojib ekanligi esingizdan chiqmasin.
Ta’kidlanmagan sunnatlar
1. Peshindan keyingi ikki rakatli sunnatdan so‘ng o‘qiladigan ikki rakatli namoz.
2. Asrni farzidan oldingi to‘rt rakatli namoz.
3. Shomdan keyingi olti rakatli namoz. Ikki rakati muakkada, to‘rt rakati mustahab.
4. Xuftonning farzidan oldingi to‘rt rakatli namoz. Ta’kidlanmagan
sunnatlarda ta’kidlangan sunnatlardan ikki amal ortiqcha bo‘ladi:
A) Avvalgi qa’dada tashahhuddan keyin salovot o‘qiladi;
B) Salovot o‘qilgach, uchinchi rakatga turiladi, shu rakat sano duosi bilan boshlanadi. Farz namozlari bilan ulardan keyin o‘qiladigan sunnatlarni orqama-ketin qo‘shib o‘qimay, balki «Allohumma antassalom va minkassalom tabarokta yaa zal jalali val ikrom» duosini o‘qish bilan orasini ajratadi. Ammo namozning farzidan keyin o‘qiladigan zikrlarni sunnatdan so‘ng o‘qishlik inkor qilib qaytarilmaydi. Chunki sunnatlar farz namozlarining qo‘shimchalaridir. Hargiz ulardan begona emas. Shunday ekan, zikrlarni sunnat namozlarini ham o‘qib bo‘lgandan keyin aytishlikning hech qanday zarari yo‘q. (Zamonamiz olimlaridan Vahba az-Zuhayli o‘zining «Islomiy fiqh va uning dalillari» nomli kitobida «Namozdan keyingi zikrlar qachon qilinishi kerak?» degan mavzuda bahs yuritib, peshin, shom va xuftonga o‘xshash namozlarda zikr va duolarni sunnatlardan keyin bajarish afzal, deganlar...- tarj.)
( Tahorat va namoz humklari)
RAMAZON VIKTORINASI 2-Bosqich 6-tur [A'zolar yiqqan ballar]
Ramazon Viktorinasning 2-Bosqich 6-tur G'olibi asmo!
Qolgan ishtirokchilarning yiqqan ballari: