Yaqinda uyingizni ta'mirladingiz va shundan so'ng zaiflikni his etib, tobingiz qochdimi? Nahotki betoblikning sababi ta'mirlash ishlari bo'lsa? Zamonaviy qurilish materiallari havoga qancha moddani chiqarishini va bu moddalar organizmga qanday ta'sir ko'rsatishini juda kamchiligimiz bilamiz. Keling, ta'mirlash ishlarini aynan nimalar zararli qilishiga aniqlik kiritaylik.
Bo'yoqlar
Ta'mirlash ishlari uchun eng zararli bo'yoqlar - bu tarkibida qo'rg'oshin bor bo'lgan bo'yoqlardir. U hatto juda kam miqdorda ham katta kishining miya faoliyatiga ta'sir qiladi, qo'rg'oshinli bo'yoq bilan ta'mirlangan xonada yashaydigan bolaning esa aqliy va jismoniy rivojlanishi, diqqatli bo'lishi sekinlashadi, unda giperfaollik rivojlanishi va unda hatto eshitish qobiliyati yo'qolishi mumkin. Bundan tashqari olimlar, qo'rg'oshin miyaning manglay bo'lagiga ta'sir qilgani bois bolalarning xatti-harakatlariga ham ta'sir qilishini isbotlashgan. Qiziq fakt: jinoyatchilarning suyaklarida oddiy kishilarning suyaklarinikiga qaraganda ko'proq qo'rg'oshin topishgan.
Ammo aytish joizki, tarkibida qo'rg'oshin bo'lmagan bo'yoqlar ham zararli bo'lishi mumkin, bu ularda foydalanilgan erituvchi moddaga bog'liq. Erituvchi modda yillar o'tsa ham bo'yalgan yuzadan ajralib chiqishi va kishi organizmida allergiya hamda nafas olish yo'llari xastaliklarini keltirib chiqarishi mumkin. Ular orasida eng zararlisi - uayt-spirit moddasi, u akril bo'yoqlar tarkibida uchraydi.
Xo'sh, unda qanday bo'yoqlarni tanlash kerak?
Suv-dispersli, poliefirli, alkid hamda vodoemulsion bo'yoqlar deyarli zararsiz.
Ship zararli bo'lishi mumkinmi?
Ha, ayniqsa agar u osma va buning ustiga bejamdor bo'lsa. Chunki bunday shipni tayyorlashda ko'p miqdorda yelim va plastika ishlatiladi, bu esa birinchi navbatda jigar va buyrakka salbiy ta'sir qiluvchi fenol va stirol moddalarining ajralib chiqishini bildiradi.
Unda shipni nima bilan yopgan ma'qul?
Zararsiz bo'lgan bo'yoq bilan bo'yash maqsadga muvofiq(bunday bo'yoqlar haqida yuqorida aytib o'tdik). Eng yaxshisi esa ohaklash! To'g'ri, bu usul ancha eskirgan, ammo ekologik jihatdan toza!
Pol: nima zararli, nima unchalik emas
Yangi linoleum - zararli moddalarning makoni! U nimalarni o'zidan ajratib chiqarmaydi deysiz! Bu yerda sizga fenol ham, formaldegid ham, ftalat ham, akrilat ham, benzol ham bor... Yangi linoleum yoqimsiz hid chiqarishidan tashqari, u immunitetni ham ancha pasaytiradi. Demak, sizni muntazam shamollashlar, allergiya, dermatitlar ta'qib qilaveradi. Buning ustiga linoleum kuchli kanserogen hisoblanadi (kanserogenlar nimaligini esa juda yaxshi bilasiz).
Laminat - bu ham yechim emas, chunki uning usti plastik plyonka bilan qoplangan, u ham o'zidan zararli moddalarni ajratib chiqaradi.
Polni qanday qilib zararsiz qilish mumkin?
Buning bir nechta yo'li bor:
- eski linoleumni qoldirish. U xunuk albatta, ammo barcha zararli moddalarni chiqarib bo'lgan;
- ekologik toza linoleumni to'shash. Lekin uning ham kamchiliklari bor: u chang tortadi va har doim sovuq bo'ladi;
- Eng yaxshisi - tabiiy pol: parket, taxta, po'kak.
Plastik derazalarni qo'yish kerakmi?
Gigienistlar "yo'q" deb javob berishadi. Gap shundaki, PVX - polivinilxlorid unchalik ham zararsiz emas.
Plastik derazalarni qo'ymaslik keragining yana bir sababi - u xonadagi havo almashinishiga to'sqinlik qiladi. Eski yog'och derazalarda har doim kichkina yoriqlar, teshikchalar mavjud bo'lib, derazalarni ochmasangiz ham, ular orqali havo muntazam ravishda yangilanib turadi. PVX derazalarda bunday teshikchalar yo'q, shu bois kishilar havoga ajralib chiqadigan barcha zararli moddalar bilan nafas olishiga to'g'ri keladi.
Derazalarni qanday qilib zararsiz qilish mumkin?
Sifatli mikro havo almashtirish funktsiyasiga ega derazalarni tanlash kerak. Yog'och profildan tayyorlangan derazalarni o'rnatsangiz, undan ham yaxshi. Ular qimmat, ammo ekologik jihatdan toza.
Gulqog'ozlar
Sintetik qoplamaga ega (masalan vinil, PVX va boshqalar)gulqog'ozlar zararli hisoblanadi. Ular chiroyli bo'lishiga qaramasdan, havoni ikki baravar ko'p zaharlaydi: bu ustki qoplama chiqaradigan zaharlar (stirol, vinilxlorid, uretan...) va erituvchi moddalar chiqaradigan zaharlar (metilen, geksen, benzol, etilbenzol, toluol).
Eng zararli remont - bu fosforessensiyalovchi gulqog'ozlar bilan: yuqorida sanab o'tilganlardan tashqari, ular havoga radioaktiv radon moddasini ham chiqaradi, bu modda xonada radioaktiv fonni yaratadi. Radiatsiya esa, o'zingiz bilasiz, nafaqat ko'p sonli betobliklarni, balki saratonni ham keltirib chiqaradi.
Qanday gulqog'ozlarni tanlagan ma'qul?
Zararsiz remont faqat qog'oz gulqog'ozlar bilan amalga oshirilishi mumkin. Shuningdek, hozir ekologik toza gulqog'ozlar ham ishlar chiqarilmoqda. Ular haqida mana bu yerdan bilib olishingiz mumkin.
Agar fosforessensiyalovchi gulqog'ozlarni judayam istasangiz, unda faqat maxsus tekshiruvdan o'tgan sifatlilarini xarid qiling.
Penoplast va plastik
Penoplast stirol bug'larini ajratib chiqaradi va bu bilan remontni yanada zararliroq qiladi. Stirol bosh og'rig'i, ko'zlarning achishi va nafas olish yo'llarining qichishi, ko'ngil aynishi va boshqa ko'ngilsizliklarni keltirib chiqarishga qodir. Aynan shu bois iloji boricha plastik panellardan voz keching. Remont qilmaslik ham zararli!
Uyda ta'mirlash ishlarini besh yilda bir marta o'tkazish tavsiya qilinadi. Nima uchun deysizmi? Chunki zararli moddalar asta-sekin gulqog'ozlarda, plintuslarda, suvoqlarda, tsementda yig'iladi va yana havoga ajralib chiqa boshlaydi va xonadagi havoni zaharlaydi.
Nimalar ajraladi? Asosan bu og'ir metallarning aerozollari hamda radioaktiv radon. Ushbu moddalarning ruxsat etilgan miqdori oshib ketsa, uyda yashovchi odamlarda buyrak og'riqlari, yurak xurujlari va allergiya boshlanadi.
Shunday qilib, eslab qolamiz: remontni besh yilda bir marta qilamiz, bunda gulqog'ozlarni, plintuslarni va suvoqlarni almashtiramiz J Ta'mirlash ishlari uchun zararli bo'lmagan materiallarni tanlaymiz - shunda sog'lig'imiz bilan hammasi joyida bo'ladi!
Doim salomat bo'ling!