Oxirgi yillar ichida Pokiston, Indoneziya, Turkiya, Peru, Chili va Gaitida sodir bo‘lgan yer qimirlashlari natijasida minglab kishilar hayotdan ko‘z yumdi. Kamida shuncha kishi boshpanasiz qoldi. Geologik nuqtai nazardan notinch Himolay tog‘ tizmasi kelajakda yana ham kuchliroq zilzilalarni keltirib chiqarish ehtimoli katta. Bu holat zilzilaning oldindan bilish zaruratining globalligini ko‘rsatmoqda. Ammo zilzilani bilish juda ham murakkab masala ekani yaxshi ma'lum. Shunga qaramasdan, ma'lum natijalarni qo‘lga kiritishga umid bor. Endilikda hayvonlarning o‘zini tutishi, radioaktiv gazlarning ajralib chiqishi, yer osti suv oqimlari kabi bir qator tabiat xavf-xataridan ogohlantiruvchi belgilar sirasiga elektromagnit radiatsiya ham kiritiladigan bo‘ldi. Ba'zi zilzilalardan oldin, olimlar Yerdan elektromagnit impulslar ajralib chiqishini, ionosferada elektromagnit to‘lqinlanishlar paydo bo‘lishini va sayyoraning to‘yingan gazlaridan iborat nozik qobig‘i 80 dan 1000 kilometrgacha kengayishini kuzatishgan. Yer qimirlashi radiosignallar tarqatishini birinchi bo‘lib 20 yil ilgari, Kaliforniyadagi Stenford Universitetining Fazo Telekomunikatsiyalari va Radio Fanlari laboratoriyasining olimi Entoni Freyzer-Smit kashf qilgan edi. 1989 yilning oktyabrida u San-Frantsiskoda sodir bo‘lgan Loma-Prieta zilzilasi asnosida 10 Gtsgacha bo‘lgan elektromagnit shovqinlar monitoringini o‘tkazadi. Natijada Freyzer-Smit elektromagnit shovqinlarning yer qimirlashidan ikki hafta oldin taxminan 20 marta ko‘paygani hamda ushbu ko‘rsatkich zilziladan keyin bir oygacha saqlanib turganini kuzatgan. Olim shuningdek, ko‘rsatgich zilziladan 3 soat oldin eng baland nuqtaga (0,01-0,5 Gerts) yetganini qayd etgan. O'shandan so‘ng ko‘plab izlanuvchilar bunday tadqiqotni seysmik hududlarda o‘tkazishga harakat qilganlar. «Zilzila sodir bo‘lishidan oldin, tegishli hududlarda qandaydir elektromagnit hodisalar yuz beradi», deydi Isroildagi Tel-Aviv Universitetining geofizigi Kolin Prays. Bir qator mutaxassis-olimlarning fikricha, yer osti stressi kuchayishi bilan magnit zarrali qoyalar parchalana boshlaydi va 1 Gtsga ham yetmaydigan o‘ta past chastotali radioto‘lqinlar tarqaladi. Tadqiqotchilar ana shunday radio to‘lqinlarni aniqlash natijasida zilzilalardan ogohlantirish tizimiga ega bo‘lishimiz mumkin ekaniga umid qilmoqdalar. Ayrim tadqiqotchi guruhlar, o‘ta past chastotali diapazondagi radio impulslarni ilg‘ab olish maqsadida allaqachon chuqur tunnellar qazishni boshlab yuborishgan. Ba'zi guruhlar esa seysmik zonalar yuqorisidagi ionosfera qatlamida ro‘y beradigan radioto‘lqinlarni o‘lchash uchun sensorlar (sezgir asbob) bilan jihozlangan sun'iy yo‘ldoshlardan foydalanishmoqda. Kolin Prays dastlabki bosqichda ayrim xatolar bo‘lishini inkor etmayapti va ehtiyotkorlikka ham katta e'tibor qaratmoqda. «Imkoniyatlarimiz yuzdan bir ehtimolga tayangan taqdirda ham, bir kun kelib oldimizga qo‘ygan maqsadga erisha olsak, tadqiqotning ahamiyati o‘shanda bilinadi. Izlanishdan to‘xtamaslik kerak» - deydi u. Yaponiyaning Kioto shahridagi Sangyo Universiteti xodimi Minoru Sutsui ham shu sohada faoliyat olib bormoqda. U boshchilik qilgan guruh universitet hovlisining orqa tomonida, kengligi 10 sm, chuqurligi 100 m bo‘lgan chuqur qazgan. Keyin tik yo‘naltirilgan, o‘ta past chastotali signallarni qabul qiluvchi bitta antennani tubiga, ikkinchisini yer sirtiga o‘rnatishgan. Antennalar yordamida aniqlangan o‘ta past chastotali signallar nisbati impulslar qaysi yo‘nalishdan kelayotganini aniqlash imkonini bergan. 2004 yilning 4 yanvarida o‘ta past chastotali radioimpulslar janubi-sharqdan kelayotgani aniqlanadi. Ikki kundan keyin esa janubi-sharqiy hududda epimarkazi 130 kilometrlik, 5,5 balli zilzila sodir bo‘lgan. Yer silkinishidan 6 soat keyin janubi-sharqdan va janubi-g‘arbdan kelayotgan o‘ta past chastotali signallar tarqalishda davom etadi va navbatdagi kun signal g‘oyib bo‘ladi. Shundan so‘ng Kioto guruhi zilzila ma'lum kuchdan oshgan taqdirdagina ushbu effekt natija berishi mumkin ekanini bildirdi. Hozirda Sutsui o‘ta past chastotali radioto‘lqinlarining vujudga kelish mexanizmini aniqlash ustida ish olib boryapti. «Biz bu mexanizmni aniqlamay turib, epimarkaz qaerda bo‘lishini ayta olmaymiz», deydi u. Praysning guruhi esa O'lik dengiz va Eylat oralig‘ida joylashgan, zilzila oqibatida yorilgan vodiyda chuqurligi 175 metr, kengligi 3 metr qilib qazilgan tunneldan ma'lumot yig‘ish ishlarini davom ettirishdi. Chunki, bu hududda 6 ballik zilzilalar tez-tez bo‘lib turadi. Lekin, natija kutilganidek chiqmadi. «2003 yildan buyon stantsiyamiz atrofidagi 100 kilometr maydonda hech qanday sezilarli hodisa ro‘y bermadi - deydi Prays - Yer silkinishlari 4,4 balldan oshmadi, bu esa o‘ta past chastotali impulslar ustida ish olib borish uchun yetarli emas». «Bu xil hodisalarni o‘lchash imkonsiz», deydi Tokio Elektrokommunikatsiya Universiteti elektronika muhandisi Masashi Xayakava. U Sutsui xulosalariga shubha bilan qaraydi. Olimning ta'kidlashicha: «Har xil ko‘rinishdagi tabiat hodisalari (momaqaldiroq, magnit bo‘roni, meteorlar va h.k.) o‘zidan o‘ta past chastotali signallar chiqaradi. Sutsui aynan qaysi signallar zilziladan darak berishini ajratib ololmaydi». Xayakavaning fikricha, atmosfera barcha jumboqlar javoblarini o‘z ichiga qamrab olgan. Birlashgan Qirollikning Edinburg Universiteti seysmologi Ian Mayn: «O'ta past chastotali to‘lqinlar va ionosferik kashfiyotlar katta qiziqish uyg‘otmoqda. Lekin ular bilan zilzila orasida bog‘liqlik bor, deb ishonch bilan ayta olishimizga hali erta. Buning uchun olimlar hali yana ko‘plab zilzilalarni kuzatishlari kerak», deydi. Biroq Frantsiyaning Ilmiy Izlanishlar Milliy Kengashi xodimi Mishel Parrot Sutsui fikrini qo‘llab-quvvatlaydi va isbot tariqasida, Yevropa Fazo Agentligiga qarashli DEMETER (Zilzila hududidan chiqadigan signalni qayd etuvchi elektromagnit detektor) sun'iy yo‘ldoshidan olingan dastlabki ma'lumotlarni ko‘rsatib o‘tadi. DEMETER ionosferaning harorat, zichlik va tarkibini o‘lchaydigan sensorlar tizimi yordamida 2004 yil 5 sentyabrda Yaponiyaning Kii yarim orolida ro‘y bergan 7 balli zilziladan 7 kun oldin, ionosfera qatlamida ion zichligining oshganini va haroratning ko‘tarilganini qayd etgan. Sun'iy yo‘ldosh orqali, shu yilning 23 yanvarida Indoneziyada sodir bo‘lgan zilziladan 2 kun oldin, 30 avgust kuni Yaponiya yaqinidagi zilziladan 5 kun oldin va noyabrda Yangi Zelandiyadagi zilziladan 2 kun oldin yuqoridagi belgilar kuzatilgan. «Baxtga qarshi, 2004 yilning 26 dekabrida Sumatra zilzilasi Osiyo tsunamisini keltirib chiqarganida va 8 oktyabr kuni Kashmir zilzilasi paytida DEMETER o‘chiq holatda bo‘lgan. Shuning uchun bu ikki fojia to‘g‘risida hech qanday ma'lumot yo‘q», deydi Parrot. «New Scientist» jurnalidan Jahongir Qurbonov tarjimasi "Irmoq" jurnali arxividan www.Ziyo.uz
|