Qadim zamonda ikki aka-uka yashardi. Akasi boy va xasis bo‘lib, ukasi esa juda saxiy va odil ekan. Ukaning bir parcha yeri va bir sigiri bo‘lib, xotini va farzandi bilan tinch-totuv yasharkan. Aka esa boyligini qizg‘angani bois hatto uylanmagandi. Bir kuni ukaning xotini sigirini sog‘ib tursa, sal narida turgan go‘dagi birdaniga yig‘lab yuboribdi. Ona shoshgancha bolasiga oshiqibdi. Bolani ko‘tarib, sut sog‘ilgan chelakni olgani sigirning yoniga kelibdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, chelakdagi sutni bir katta ilon ichayotgan emish.
Yaqin atrofda ishlayotgan er ilonni ko‘rib, ayolga «Yaqinlashma!» degan ishorani qilibdi. Birozdan so‘ng ilon sutni ichib, o‘z yo‘liga ravona bo‘libdi. Chelakni olgani borgan ayol uning tagida yotgan oltinni ko‘ribdi. Shu kundan boshlab er-xotin sigirni sog‘ib, chelakni shu joyda qoldiradigan bo‘lishibdi. Ilon ham har kuni chiqib, sutni ichib, o‘rniga oltin tanga tashlab ketarkan. Maxluqotga qilingan saxiylik o‘z natijasini berib, dehqon asta-sekin boyib keta boshlabdi. Buni ko‘rgan aka ichidan zil ketibdi. Hasadgo‘ylik, xasislik, ochko‘zlik balosi uning uyqusini qochiribdi. Qanday bo‘lmasin, bu sirning tagiga yetishga ahd qilibdi. Ukasiga o‘zini do‘st ko‘rsatib, uni aldab ayyorlik bilan boyish sababini so‘rabdi. Sodda uka ham akasiga bo‘layotgan voqealarni aytib beribdi.
Kunlarning birida dehqonning xotini sigirni sog‘ib, chelak to‘la sutni ilon yo‘liga qo‘yibdi. Buni poylab turgan aka tez chiqib, kelinini bir yumush bilan uzoqroqqa jo‘natibdi. O‘zi esa o‘tkir bolta olib ilonni poylay boshlabdi. Hech qancha o‘tmay maysalar orasida ilon ko‘rinibdi. Jonivor har kungiday xotirjam sutni icha boshlabdi. Boy aka paytdan foydalanib, ilonning dumiga bolta urmoqchi bo‘lganda ilon chap berib, boyning o‘zini chaqib o‘ldiribdi va bir qarich dumini qoldirgancha, o‘z uyiga ravona bo‘libdi.
Dehqon uyiga qaytgach, o‘lib yotgan akasi va bir qarich dumni ko‘rib, bo‘lib o‘tgan voqeani tushunibdi. Yig‘lab-yig‘lab akasini ko‘mib kelibdi.
Oradan bir oy o‘tibdi. Dehqon bilan xotini yana chelakka sut to‘ldirib ilonning yo‘liga qo‘yib qo‘yishni davom ettirishibdi. Ammo ilondan darak bo‘lmabdi. Noiloj qolgan dehqon ilon yashaydigan g‘orga borib:
— Ey, ilon! Sen bilan do‘st edik-ku, sening oltining ham kerak emas, senga sut to‘la chelak va biz intizormiz, — debdi.
Ichkaridan ilonning ovozi eshitilibdi:
— E, inson! Sen oqko‘ngil va saxiysan. Sen bergan sutingga, men esa bergan oltinimga rozi bo‘laylik. Senda akang firoqi, menda esa dumim alami bor. Senga dushmanligim yo‘q. Akangning ochko‘zligi boshiga yetdi va bizning do‘stligimizga nuqta qo‘ydi. Endi biz do‘st bo‘lolmaymiz, — debdi.
Qissadan hissa: Aziz yurtdoshim, bu dunyo sizdan ham, bizdan ham qolar. Shunday ekan, birovga hasad qilib yashashga ne hojat? Hasadgo‘y va baxil odamning yashagan umrida baraka bo‘lmaydi. Ochko‘z bo‘lib yashayotganlarning holiga voy. Axir, ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deyishadi. “Havas qiling, havas qilgudek bo‘lasiz”, deyiladi hadisi sharifda. Hamisha bir-birimizga mehru muhabbat sog‘inib yashaylik.