Oyisha onamizdan (r.a.) rivoyat qilinishicha, odamlar Rasulullohdan (s.a.v.) folbinlar haqida so‘rashadi. U janob (s.a.v.):
"Folbinlar haq emaslar", deydilar. Shunda odamlar ayni sizu bizni qiziqtirgan savolni berishadi: "Yo Rasululloh, ahyon-axyonda ularning gaplari to‘g‘ri chiqadi-ku?". Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bunga javoban: "Jin bir haq gapni eshitib, o‘g‘irlab oladi-da, uni o‘zining "odami" qulog‘iga quyadi. Ular esa, unga yuzdan ortiq yolg‘onni aralashtirib yuborishadi", deganlar(Buxoriy, Muslim rivoyati).
Bu o‘rinda hech qanday ajablanarli, g‘ayrioddiy hodisa yo‘q. Kofir yo osiy jinlar (jinlarning ham insonlar kabi mo‘mini, kofiri, taqvodori va osiyi bo‘ladi) osmonga chiqib, yashirinib, farishtalarning suhbatidan u-bu narsani eshitib oladilar-da, kelib folbinlarning qulog‘iga quyadilar. Ular esa, unga yuzdan ortiq yolg‘onni aralashtirib, go‘l, laqma odamlarni chuv tushirishadi. Folbinlikning butun mohiyati, siri shu, xolos.
Hazrati Ali (r.a.) ular haqida: "Folbin sehrgardir, sehrgar esa, kofirdir", deganlar.
Dinimizda fol ochish xarom ekan, fol ochtirish ham xarom ekani aytilgan.
Paygambarimiz (s.a.v.) deydilarki: "Kim bashoratchi-folbinning huzuriga borib, biror narsa haqida so‘rasa, uning qirq kechalik namozi qabul qilinmaydi" (Muslim, Ahmad rivoyati).
Imom Axmad Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilgan sahih hadisda esa, bunday deyiladi: "Kimda-kim bashoratchi yoki folbinning oldiga borib uning gapini tasdilasa, Muhammadga nozil qilingan narsalarga kofir bo‘libdi".
Bu dunyo imtihon dunyosi, imtihondan yaxshi o‘tishning bir yo‘li esa, hadislardan tushunilganidek, folchilarga ishonmaslik, garchi rost gapirayotgan bo‘lsalar-da, aytganlarini yolg‘onga chiqarishdir.