Ushbu voqea bir vaqtlar Markaziy Afrikada ishlagan yevropalik shifokor ayolning ish hayotida yuz bergan. O'shanda yarim kecha edi. Men bilan hamshiralar o'ta jiddiy ish - ko'z yorishi og'ir bulgan xomilador ayolni qabul qilishga to'g'ri keldi. Bizning barcha sa'y-harakatlarimizga qaramay, endigina ko'z yorgan ayol vafot etdi. U bizga muddatidan avval tug'ilgan bir burdagina chaqaloqni va yig'lab turgan ikki yoshli qizchasini tashlab ketdi.
Biz yangi tug'ilgan chaqaloqni endi qanday qilib asrashimizni tasavvur ham qila olmasdik, chunki shifoxonamizda muddatidan oldin tug'ilgan bolalar uchun eng oddiy shart-sharoitlar ham mavjud emasdi. Buning ustiga, o'sha vaqtda inkubatorni ishlatish uchun oddiygina elektr energiyasi ham yo'q edi. Garchi biz ekvatorda joylashgan bo'lsak-da, bu yerning badanni junjiktiruvchi shamolli kechalari anchagina salqin bo'lardi. Yordamchilarimdan biri, stajer-akusher yordamchi binoga qarab yugurdi va u yerdan dunyoga endigina kelgan, qaltirab turgan chaqaloqni o'rash uchun momiq paxta olib keldi. Hamshira esa gorelka olib kelish uchun yugurdi. Birozdan so'ng u juda xafa holda qaytib keldi va yig'lamsiragan holda gorelkani issiq suvga to'ldirishi bilanoq yorilib ketganini aytdi. «Bu bizning oxirgi gorelkamiz edi!», - dedi u xo'rsinib.
Darvoqe, tropik iqlim sharoitida rezina o'z xususiyatini tez yo'qotadi, men bunga ko'p duch kelganman. Ammo kelib-kelib aynan hozir, gorelka hayotiy zaruriyat bo'lgan bir paytda bunday bo'lishi o'ta achinarli edi. Ammo, g'arbliklar o'tgan ishga salavot deyishganidek, bu yerda - Markaziy Afrikada ham yirtilgan gorelka uchun qayg'urishning hech bir nafi yo'q edi. Gorelkalarning daraxtda yetishmasligi qanchalar ma'lum bo'lsa, yaqin atrofda na biron dorixonaning, na gorelka sotiladigan do'konning borligi ham shunchalar aniq edi. «Mayli, nima ham qila olardik, - dedim xo'rsinib qolganlarga yuzlanarkanman. - Endi chaqaloqni bunday salqin kechada nobud bo'lmasligi uchun o'ta ehtiyotkorlik bilan unga kerakli issiqlikni ta'minlovchi olovga yaqin joyga yotqizishimiz kerak. O'zimiz esa navbat bilan chaqaloqning oldida yotamiz, birimiz esa eshikdan shamol kirmasligi uchun mas'ulmiz. Bizning asosiy vazifamiz - bir necha kun ichida bolani issiq saqlashimiz kerak».
Ertasiga men odatdagiday bolalar uyiga bordim va u yerda uz xohishlari bilan menga hamroh bo'lgan bir necha bolalar bilan ibodat qildim. Ibodatga qadar men bolalarga o'tgan kecha bo'lgan voqeani gapirib berdim, gorelkaning yorilib ketgani va chaqaloq uchun kerakli issiqlikni qanday qilib ta'minlaganimizni tushuntirdim. «Gorelka bo'lganda bizga juda asqotgan bo'lardi, - qo'shimcha qildim men. - Axir chaqaloq biroz sovqotsa xam nobud bo'lishi mumkin». Bundan tashqari men bolalarga yangi tug'ilgan chaqaloqning vafot qilgan, endi hech qachon qaytib kelmaydigan onasini qo'msab yig'layotgan, ammo yetim bo'lib qolganini hali tushunib yetmagan ikki yoshli opasi haqida ham gapirib berdim. Bolalar meni diqqat bilan tinglashdi va ibodatga otlanishdi. Ibodat vaqtida ularning orasidagi o'n yoshli qizcha e'tiborimni tortdi. U shu qadar chin ko'ngildan ilohiy ishonch bilan ibodat qildiki, duolari begunoh bir go'dakning butun yuragidan to'kilardi. «O'tinaman, Ollohim, - duo qilardi u, - bizga bir dona gorelka yuborgil. Yo Ollohim, uni bizga bugunoq yubor, axir ertaga kech bo'lishi, chaqaloq o'lib qolishi mumkin». Qizcha duosining oxirida qo'shimcha qildi: «Yo Ollohim, shu chaqaloqning opasi uchun bir qo'g'irchoq ham yuborsang, toki u yolg'iz emasligini, Sen uni yaxshi ko'rishingni bilsin, yolvoraman, Ollohim!» Bu so'zlarga lol qolib, bolalikning sof va sodda qalbiga butunlay taslim bo'lgandim. Men o'sha paytda bunday duoga «Omin» deyishim mumkin edimi?.. Yo'q, deb o'ylayman. Men Ollohning ushbu iltijoni bajarishiga shunchaki ishona olmasdim. Albatta, Qur'onda Ollohning qodir, cheksiz qudrat egasi ekanligi, O'zi ixtiyor qilgan har narsani qila olishi yozilganini bilardim. Ammo har narsada, shu jumladan, so'rashda ham chegara bor, deb o'ylardim. Mening nazdimda, o'sha paytda bizning sharoitimizda bunday iltijoning amalga oshishi imkonsiz edi. Chunki gorelkaga ega bo'lishimiz ehtimolining birdan bir yo'li - bu mening vatanimdan posilka olishimiz edi. Ammo men bu yerda deyarli to'rt yildan beri ishlayotgan edim va haligacha hech kim menga bironta ham posilka yubormagandi. Buning ustiga, kimdir menga posilka jo'natishga qaror qilgan taqdirda ham, nimaga asoslanib ham uning ichiga gorelka solardi? Axir kimning xayoliga ham menga - ekvatorda, tropik jaziramada ishlayotgan kishiga gorelka jo'natish kelardi? Shunday badgumon o'ylar bilan ishga qaytdim. Oradan ikki soatcha o'tgach, o'quvchilarimga tibbiyot asoslaridan dars o'tayotganim bir vaqtda, uyim oldiga (u shifoxona yaqinida edi) mashina kelib to'xtaganini xabar qilishdi. Shoshilib uyga kelganimda mashina ketib qolgandi. Lekin ayvonda meni 22 kilolik posilka kutayotgan edi. Ko'zlarimga yosh quyilib kelayotganini his qilib turardim. Xayajondan posilkani ocha olmadim va yordamga chaqirdim. Zum o'tmay bugun biz birgalikda ibodat qilgan mehribonlik uyining bolalari yordamga yetib kelishdi. Ularning ichida o'sha o'n yoshli qizcha ham bor edi. Bolalar bilan birgalikda har bir tugunni yechib, arqonni bo'shatdik. Keyin posilkani pichoq bilan ichidagi narsalarni zararlantirmasdan ocha boshladik. Biz hammamiz hayajon ichra bu tilsimli qutidan ko'zimizni uza olmasdik. O'ttizdan ortiq ko'zlar posilka ichidagi narsalarni ola boshlagan mening qo'l harakatlarimga qadalgandi. Eng ustdan men bir nechta turli rangdagi sviterlarni oldim. Ularni bolalarga tarqatganimda, beg'ubor ko'zlari yanada chaqnab ketdi. Keyin kasallar uchun yuborilgan bandajlarni chiqardim. So'ngra turli xil tibbiyot uskunalarini oldim. Undan keyin mayiz solingan bir necha paket chiqdi. Va nihoyat qutiga navbatdagi narsani olish uchun paypaslagan qo'llarim ... Yo'q... Bo'lishi mumkin emas!
Ko'zlarimga ishonmagan holda, tushimmi o'ngim ekanligini aniqlash uchun o'zimni chimchilagim kelardi, men qutidan... ha, ha, yap-yangi rezina gorelkani chiqardim! Bolalar maftun bo'lib, qichqirib yuborishdi, men esa ko'z yoshlarimga ko'milgandim. Men Ollohdan gorelka yuborishini so'ramagan edim, chunki buning mumkinligiga shunchaki ishonmagan edim. Axmoq bo'lmasam, duoning kuchiga shubha qilamanmi! Shunda o'sha o'n yoshli qizcha xursand bulib, yonimga keldi. «Modomiki Olloh bizga gorelka yuboribdimi, demak U qo'g'irchoqni ham yuborgan», - ishonch bilan shivirladi u qutiga nazar tashlarkan. Albatta! Bo'lmasam-chi! Qutining eng tagidagi jozibali qo'g'irchoqni biz birgalashib chiqardik. Qizchaning ko'zlari misoli ikki kichik yulduzdek porlardi. U BUNGA MUTLAQO SHUBHA QILMAGANDI! «Olloh uni juda yaxshi ko'rishini bilishi uchun siz bilan birga borib, ushbu qo'g'irchoqni o'sha ikki yoshli qizchaga bersam maylimi? ... Iltimos», - so'radi mendan qizaloq. «Albatta, shirinim», - ko'z yoshlar ichida ma'qulladim men. Aslida mazkur posilka besh oy davomida yo'lda bo'lgan edi. Uni menga sobiq o'quvchilarim ilgari men bilan birga ishlagan Ollohga ishongan va uning amrlariga buyinsungan bir hamkasb ayolning tashabbusi bilan yuborishgan edi. Buning ustiga gorelkani naq ekvatorga hamda eng kerakli vaqtda yetkazib berishgandi! Sobiq o'quvchilarimdan biri posilkaga qo'g'irchoqni Ollohga butun vujudi bilan ishonib duo qilgan haligi qizaloqning iltijosiga javoban ikki yoshli yetim qolgan qizcha uchun solib qo'ygan edi.
«Ular hali so'rmaslaridan avval Men ularning duolariga labbay deya javob beraman»
Robbimiz chindan ham hamma narsani eshitguvchi va bilguvchidir. U bizni naqadar yaxshi ko'radi!
Muhammadjon Sobirov tarjima qildi.