Dajjol chiqqach, avvalo, payg'ambarlikni da'vo etadi. Keyin o'zini ibodat qilinadigan iloh deb e'lon qiladi. Odamlarga "Men sizlarning rabbingiz emasmanmi?" deydi. Dajjol bu da'voni qilishdan oldin g'ayrioddiy hodisalar yoki mo''jizalar ro'y beradi. Aslida ular Alloh taolo bandalarini sinash uchun yuborgan fitna-sinovlar bo'ladi. Bu hodisalarni ko'rib, mo'minning iymoni ziyodalashsa, kofir zalolatga chuqurroq botadi. Unga ergashganlar esa, halok bo'ladilar. Dajjolning fitnalaridan biri Alloh taoloning irodasi bilan o'liklarni tiriltirishidir. Yosh, baquvvat bir yigitni chaqirib, qilichi bilan uni ikki bo'lakka bo'lib tashlaydi. So'ngra yigitni turishga buyuradi. Yigit go'yoki hech narsa bo'lmaganidek, kulib turib ketadi.
Uning fitnalaridan yana biri osmonga yomg'ir yog'dirishni buyursa, osmondan yomg'ir yog'ishi, yerga o'simlik undirishni buyursa, yerdan ko'kat unib chiqishidir. Hatto chorva mollar (yaylovdan) oldingidan ko'ra semizroq va kattaroq bo'lib, yelinlari sutga to'lib qaytadi. So'ngra Dajjol odamlar qoshiga kelib, ularni o'ziga ibodat qilishga chaqiradi.
Insonlar bosh tortib, da'vatidan yuz o'giradilar. Shunda yer, go'yoki unda avval o'simligu nabotot o'smagandek, xarobaga aylanadi. Odamlar qo'lida bironta mol-mulki qolmay qaytadilar. Yer bo'shab, taqir bo'lib qoladi. Mol-dunyolar yo'q bo'lib ketadi.
Dajjolning fitnalaridan yana biri, u xarobazorlardan o'taturib, unga xazinalarini
chiqarishni buyuradi. Shu zahoti xazinalar to'zg'igan aridek chiqib keladi.
Uning yana boshqa bir fitnasi, u bir kishini chaqirib aytadi: "Agar ota-onangni qayta tiriltirsam, mening xudoligimga guvohlik berasanmi?" "Ha", deydi u kishi. Shunda ikki shayton unga ota va onasi suratida ko'rinib: "Ey o'g'lim, unga ergash, u sening rabbing bo'ladi", deyishadi.
Yana bir fitnasi, uning jannati va do'zaxi bo'ladi. Aslida do'zaxi jannat, jannati esa do'zaxdir. Kim unga ergashsa, jannat deb o'ylagan anhorga kirgizadi. Lekin u do'zaxga kirgan bo'ladi. Kimda-kim unga osiy bo'lsa, do'zax deb bilingan anhorga otadi. Aslida uni jannatga kirgazgan bo'ladi.