Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vassallam sahobalariga sadaqaning fazilati haqida shunday deganlar: “Alloh taboroka va taolo yerni suv ustida yaratdi. Yer harakatlanib keyin qaror topdi. Alloh subhonahu va taolo tog‘larni yer ustida yaratdi. Yer harakatlanishdan to‘xtadi. Farishtalar taajjubga tushib, munojot qildilar: — Iloho, tog‘dan ham quvvatliroq narsa yaratganmisan?
Alloh taolo:
— Temir tog‘dan ham zo‘rroqdir, — dedi.
Farishtalar:
— Temirdan nima kuchli? — deb so‘radilar.
— Olov temirdan kuchlidir, — degan nido keldi.
Farishtalar yana so‘radilar:
— Olovdan nima kuchli?
— Olovdan suv kuchlidir.
— Iloho, suvdan ham kuchliroq narsa bormi?
— Shamol suvdan ham kuchli.
— Shamoldan kuchlirog‘i-chi?
— Odam bolasining sadaqasi shamoldan ham kuchliroqdir. Sadaqani shunday berishsinki, o‘ng qo‘l bilan berilgan xayrdan chap qo‘l xabardor bo‘lmasin. Hamma aytgan narsalarimdan sadaqa kuchliroqdir, — degan javob keldi Arshi A’lodan».
Sadaqa berish haqida har birimizda tushuncha mavjud. Kimdir ishi yurishmasa, ba’zilar qo‘rqinchli tush ko‘rsa, yana boshqalar esa Alloh yo‘lida chin dildan xayr-ehson qiladilar. Biroq avliyolarning so‘zlariga ko‘ra, sadaqa berishda besh amalga rioya etmoq lozimdir.
Birinchidan, sadaqani pinhona berish lozim. Sadaqa berayotgan oqil kishilar o‘zlarini tanitmaslik ilinjida bo‘lganlar. Ba’zilar esa beva-bechoralarning yo‘llariga tashlab ketishgan.
Ikkinchidan, sadaqani minnat qilib va namoyishkorona berishdan hazar qilingan. Alloh taolo: “Ey, imon keltirganlar, o‘z sadaqangizni minnat va ta’na bilan puchga chiqarmanglar”, deya amr etadi.
Uchinchidan, sadaqani halol moldan berish lozim. Alloh subhonohu va taolo pokdir va pokdan boshqasini qabul qilmaydi. Sufyoni Savriy (r.a.)dan shunday naql qilinur, kimki harom moldan sadaqa qilsa, xuddi iflos kiyimni najosat bilan tozalagandek bo‘lur. Iflos narsani suvdan o‘zga narsa tozalamaydi. Gunohni halol sadaqadan boshqa hech nima yuvmaydi.
To‘rtinchidan, nimaiki sadaqa qilinsa, ochiq yuz va xursandchilik bilan qilinsin. Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) marhamat qilganlarki, bir halol dirhamni ochiq yuz bilan sadaqa qilishlik, noxushlik bilan berilgan yuz dirhamdan ortiqdir.
Beshinchidan, o‘z halol molidan taqvodor olimga sadaqa bersa, go‘yoki Alloh subhonohu va taolo toatini o‘sha olim bilan birga ado etgandek bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) aytadilar: “Kimki Alloh yo‘lida sadaqa qilsa, sadaqa egasining qo‘lidan chiqishi bilan beshta gapni aytar ekan. Birinchi gapida: “Ey, Xudoning bandasi, men kichik edim, sen meni kattalashtirding”, deb aytadi. Ikkinchi gapida: “Sen mening posbonim eding, endi men senga posbonlik qilaman”, desa, uchinchi gapida: “Men sening dushmaning edim, meni o‘z do‘stingga aylantirding”, deydi. To‘rtinchi so‘zida esa: “Men foniy edim, meni boqiyga aylantirding”, va nihoyat beshinchisida: “Men ozgina edim, meni ko‘paytirding”, deb aytadi. Alloh taolo: “Har bir yaxshilik o‘n barobar qilib qaytariladi”, deya amr etgandir.
Demak, men falonchiga yaxshilik qildim, deb aytish ta’nadan bo‘lak gap emas. Yaratganning yo‘lida berilgan bir tishlam non bir tandir nonning o‘rnini bosadi. Uyingizga tilanib kelgan tilanchini haydamang, zero, darvozangizni qoqqan gadoy Xudoning sizga jo‘natgan sinovi bo‘lishi mumkin.
Janobi Payg‘ambarimiz aytadilar: “Qiyomat kuni Tangri taolo bandasiga “Men sendan suv so‘radim, sen menga bermading”, deydi. Banda hayron bo‘lib: “Ey, Yaratgan Egam, qachon mendan suv so‘ragan eding, men bilmayman”, deya javob qiladi. Janobi Haq: “Falon kuni bir bandam sendan suv so‘rab bordi, sen bermading”, deydi, so‘ng: “Sendan non so‘ragandim, non ham bermading”, deydi, yana odam bolasi hayron bo‘lib: “Qachon mendan non so‘rading?” deb so‘raydi. “Falon kuni bir bandam uyingga non tilanib kirdi, sen esa unga bermading”, deydi. So‘ng: “Ey, bandam, men seni chaqirdim, sen meni ko‘rgani kelmading”, deydi. Banda yana lol bo‘lib qoladi: “Allohim, qay vaqt meni chaqirding, men bilmadim, bilganimda borar edim”, deydi. Alloh taolo esa: “Falonchi bandam kasal bo‘lib yotganda, uni ko‘rgani bormading, agar borganingda meni o‘sha yerdan topgan bo‘larding”, deb javob beradi”.
manbaa:Hordiq Plus Gazetasi .