Sobit ibn Qays payg‘ambarimizdan so‘radi: — Ey, Ollohning rasuli, men chiroyli va yoqimtoy odamlarni yaxshi ko‘radigan kishilardanman. Bu kibrdanmi, nima deb buyurasiz?
Olloh rasuli javob berdi:
— Yo‘q, kibr, haqni inkor etishdan va insonlarni haqir ko‘rishdan bo‘ladi. Kibrli odam boshqa insonlarni o‘zidan past ko‘radi. Holbuki, ular ham uning kabi insondir. Hatto balki Ollohning nazdida undan ham yaxshiroqdirlar.
Faraz qiling, siz yomon ko‘rgan, siz mensimagan inson Olloh uchun ezgu amallar qilib ulgurgandir. Yaratgan sizga boylik va chiroy bergan bo‘lsa, shukur qiling. Ammo bu ne’matlar bilan siylanmagan boshqa bir bandani ranjitish, ko‘ngliga ozor berish shartmi? Balki Yaratgan uning qalbini go‘zal va boy qilib qo‘ygandir...
Roviylar shunday hikoya qiladilar: “Eski qavmlardan birida bir odam bor edi. Bu odam qavmning eng yomon kishisi edi. Yana boshqa bir odam ham bor edi. U esa qavmning eng ko‘p ibodat qiladigan, eng yaxshi kishisi edi. Bir kuni qavmning eng yomon odami qavmning eng yaxshi odamiga duch keldi. Ichida dediki: “Bu qavmimizning eng yaxshi kishisi. Men esa eng yomoniman. Agar uning yonida o‘tirsam, Olloh menga marhamat qilishi mumkin va men yomon inson bo‘lishdan qutulaman”. Mana shu o‘yda kelib, yaxshi insonning yoniga o‘tirdi. Bunisi esa shunday deb o‘yladi: “Men qavmning eng ko‘p ibodat qiladigan, eng yaxshi kishisiman. Bu esa qavmning eng yomon kishisi. Nega mening yonimda o‘tirishi kerak?!” Uning yonida o‘tirishdan orlanib: “Tur, mening yonimdan ket”, dedi.
Shu payt Olloh zamon payg‘ambariga vahiy ila bildirdi va buyurdi: “Ul ikki kishining oldiga bor va ayt. Men yomon odamni afv etdim. Yaxshi odamning o‘tmishda qilgan barcha ibodat va ezgu amallarini bekor qildim!..”
Olloh tunu kun inson qalbiga nazar tashlashini yoddan chiqarmasligimiz lozim.
* * *
Abu Zar rivoyat qiladi: “Rasulullohning yonida bir odam bilan bahslashib, unga: “Hoy, qora xotinning o‘g‘li!” deb yuborgandim, Olloh rasuli buyurdilarki:
— Zulm qilding, ey Abu Zar, zulm qilding! Birovning haqini yeding. Oq xotinning bolasida qora xotinning bolasidan hech qanday ustunlik yo‘q.
Rasulullohning bu so‘zidan yo‘l qo‘ygan xatoyimni tushunib oldim. U odamning oyog‘iga yiqildim”.
Boshqa bir insonning nuqsonini haqorat qilish ham kibrlanish bilan barobar ekan...
* * *
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bir jamoa bilan sahobalaridan birining uyida birga ovqatlanib o‘tirgan edi. Eshikka bir tilanchi keldi. Unda kishini jirkantiruvchi bir falajlik bor edi. Uyga kirishiga ruxsat berildi. Kirganda Olloh rasuli uni tizzasiga o‘tqazdilar. So‘ngra taomga imo qilib: “Ye!” — dedilar. Davrada o‘tirgan qurayshliklardan biri u falaj odamdan jirkanib, yuz o‘girdi. Bu hammani noqulay ahvolga soldi. Keyinchalik bu odamning o‘zi past nazar bilan qaragan kishi kabi to o‘lguncha falaj bo‘lib qoldi.
Bu dunyo qaytar dunyo ekanligini unutmang. Boylik, go‘zallik — hamma narsa o‘tkinchi. Kamtarin inson hamisha el ardog‘ida bo‘lib kelgan. Olloh taolo ham kamtarin bo‘lgan bandalarini suyadi. Yaratganga suyumli banda bo‘lish barchamizga nasib etsin.
* * *
Payg‘ambarimiz aytadilar:
— Rabbim, QUL-RASUL (oddiy banda va elchi) bo‘lasanmi yoki HUKMDOR-NABI (hukmdor va payg‘ambar)mi, deb so‘rab menga ikkovidan birini tanlash ixtiyorini berdi. Men qay birini ustun ko‘rishni bilolmay dovdirab qoldim. Farishtalar orasida pok do‘stim Jabroil bor edi. Boshimni ko‘tarib unga qaradim. Menga: “Rabbingning qarshisida kamtarin bo‘l!” dedi. Men ham QUL-RASUL bo‘lishni qabul etdim.
* * *
Olloh vahiy orqali hazrat Musoga buyurdiki:
— Men ulug‘vorligim qarshisida kamtarin bo‘lgan, yaratgan bandalarimga nisbatan kibrlanmagan va yuragida mendan qo‘rqadigan kimsaning namozini qabul qilaman.
manbaa:HordiqPlus.