Bir necha qizi bo‘lgan bir ayol bor edi. Eri o‘lgan bu xotin bolalari bilan o‘zi yolg‘iz qolgan va yo‘qsil ahvolga tushgan edi. U o‘zining qashshoqligidan orlanib qizlari bilan o‘zga bir diyorga ko‘chib ketdi. Bular borgan joylarida namoz o‘qilmaydigan bir masjidga qo‘ndilar. Ayol bolalarini u yerda qoldirib, yegulik topib kelish maqsadida tashqariga chiqib, qasabaning oldi boylaridan birining uyiga bordi. Eshikni taqillatdi. Uy egasi musulmon edi. Xotin unga holini bayon etdi. Lekin uy sohibi: “Haqiqatan kambag‘alligingni bildiruvchi bir qog‘oz (ma’lumotnoma) olib kel!” — dedi. Xotin: “Men bu yerliklar uchun begonaman!” — dedi va ozorlanib uzoqlashdi. So‘ngra boshqa bir eshikni taqillatib ko‘rdi. Bu uyning egasi majusiy edi. Unga holini bayon etdi. Majusiy uni eshitgandan keyin, xotinini chaqirib, tilanib kelgan ayolning yetim qizlarini olib kelish uchun masjidga yubordi. Xotin ularni olib keldi. Er-xotin ularni yaxshilab to‘yg‘azishdi. Shu kecha tul xotinni eshigidan qaytargan musulmon kishi tush ko‘rdi. Tushida go‘yo qiyomat-qoyim ekan, boshi uzra “Livoul-hamd” ko‘tarilgan holda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) turgan emishlar. Yaqinlarida esa katta bir ko‘shk bor emish. Musulmon kishi so‘radi:
— Ey, Ollohning Rasuli, bu ko‘shk kimga tegishli?
Rasululloh buyurdilar:
— Bir musulmonga tegishli.
Kishi dedi:
— Men musulmonman. Ollohning birligiga shahodat qilaman.
Rasululloh buyurdilar:
— Haqiqatan musulmonligingni bildiruvchi qog‘oz olib kel.
Kishi hayratlandi. Payg‘ambarimiz unga kunduzgi voqeani eslatdilar.
Kishi qo‘rqib va ma’yus tortib, uyqudan uyg‘ondi. Chunki xotindan “kambag‘alligi haqida ma’lumotnoma” so‘ragani rost, qog‘ozi yo‘qligi uchun uni quruq qaytargani ham haqiqat. O‘rnidan tura solib yugurdi. Ayol va bolalari masjiddan ketganlarini va bir majusiyning uyida ekanliklarini surishtirib bildi. Borib eshikni taqillatdi. Majusiydan mehmonlarni o‘ziga topshirishini iltimos qildi. Lekin majusiy rad etdi va: “Ular menga rahmat va barokat keltirdi”, dedi. Kishi pul taklif qilib, mehmonlarni o‘ziga topshirishini o‘tinib so‘radi, majusiy esa kulimsirab unga shu gaplarni aytdi:
— Sen mendan olmoqchi bo‘lgan narsaga men ham loyiqman. Sen tushingda ko‘rgan u ko‘shkni Olloh menga hozirlatib qo‘ydi. Musulmon bo‘lganing uchun mendan ustunlik da’vo qilyapsanmi? Ollohga qasamki, biz butun oila a’zolarimiz bilan bir xil tush ko‘rdik va uyimizdagi shu beva xotin va yetimlar tufayli haq din bo‘lgan musulmonlikni tanladik. Musulmon bo‘ldik. Xobimda Olloh Rasuli mendan so‘radi: “Beva xotin va yetimlar yoningdami?” Men javob berdim: “Ha, ey, Ollohning Rasuli!” Rasululloh buyurdilar: “Manavi ko‘shk sen va oila a’zolaringnikidir”.
Bu gaplarni eshitgan musulmon kishi ma’yuslanib afsus-nadomat bilan majusiyning uyidan uzoqlashdi.
Qissadan Hissa: Bugun oqibat yo‘qolayapti, deb ko‘p ta’kidlaymiz. Ammo mana shu oqibatning yo‘qolayotganiga bizning o‘zimiz sabab bo‘lmayotgan ekanmizmi? Yonimizdagi beva qo‘shni yoki qarindoshning holidan xabar olib turibmizmi? Ularning yetimlariga ehson ulashayapmizmi? Mayli, har kuni emas, haftada bir marta, bayram, arafa kunlari, ularning holidan xabar olib qo‘yaylik. Ulardan qaytmasa, Xudodan qaytsin! Allohning roziligi uchun yetimlar, beva-bechoralarga yaxshilik qiling. Ana shunda ikki dunyoda ham saodat topasiz, inshaAlloh!