Hurmatli tahririyat xodimlari! Bugun odamlarga nima bo‘layapti? Tug‘ishgan birodaring senga zulm qilib, bor-yo‘g‘ingni tortib olsa, dodingni kimga aytasan? Erimning o‘limidan so‘ng, qaynog‘am uyimizni tortib oldi. “Hovlining o‘rtasidan bo‘lamiz”, deb, ikkita xona uyga ko‘chishga majbur qildi. Bilishimcha, uy qaynog‘amning nomida bo‘lganligi uchun bizni haydab chiqarishga ham haqli emish... Uchta norasidam bilan dardimni kimga aytishni bilmay o‘tiribman. Nahot, odamlar bir parcha yer deb tug‘ishgan ukasining arvohini chirqiratishga borishsa?!
Sojida
***** Muxlisamizning g‘amga to‘la maktubini o‘qib, chuqur qayg‘uga botdik. Nahot odamlar bir qarich yer talashib, ikki dunyosini ham vayron qilishayotganini o‘ylashmasa. Bandasiga zulm qilish Yaratganga isyon etish bilan barobar, axir...
Muhammad Mustafo (s.a.v.) aytadilar: — Kim zulm bilan bir qarich tuproqni tortib olsa, Olloh qiyomat kuni yetmish arsa (bir arsa — bir imoratlik joy) yerni uning bo‘yniga o‘tkazadi.
Hadislarda yozilishicha, Olloh buyuradi:
— Mendan boshqa yordamchisi bo‘lmagan kimsaga zulm qilgan kishi ayovsiz g‘azabimga giriftor bo‘lg‘usidir.
Jobir (r.a.) rivoyat qiladi: “Habashistonga borgan muhojirlar qaytgan chog‘larida Payg‘ambarimiz (s.a.v.) so‘radilarki:
— Habashistonda zulm qilmadilarmi, sizlarni diqqat qilgan biron hodisani menga aytib berolmaysizmi?
Payg‘ambarimizning savollariga Qutayba javob berib dedi:
— Ey Ollohning Rasuli, biz bir kun bir yerda o‘tirgan edik. Yoshi o‘tibroq qolgan xotin yonimizdan o‘tib ketdi. Boshida suv to‘la katta bir ko‘zasi bor edi. Ketayotib bir yosh yigit bilan yuzma-yuz keldi. Yigit bir qo‘lini uning yelkasiga qo‘ydi-da, uni itarib yubordi. Xotin cho‘kkalab qoldi. Ko‘zasi sindi. Bir zumda o‘rnidan turdi-da, yigitga qarab:
— Ko‘rasan hali, ey zolim. Olloh kursi (Arsh)ni qurib, barcha insonlarni yiqqan, qo‘llaring va oyoqlaring gapiradigan va egasining qilgan ishlari haqida guvohlik beradigan zamon keladi! Ko‘rasan, ertaga (qiyomat kuni) sening va mening holimiz qanday bo‘lishini!.. — dedi.
Shunda payg‘ambarimiz buyurdilarki:
— Kuchlilardan zaiflarning haqini olib bermaydigan millatni Olloh hech qachon aziz qilmagay!..”
Aytishlaricha, Olloh maxluqotni yaratdi. Yaratiqlar oyoqqa turgan chog‘larida boshlarini ko‘tarib, Ollohga yuzlandilar va:
— Ey, Rabbimiz, Sen kimlar bilan birgasan? — deb so‘radilar.
Olloh buyurdi:
— Haqi to‘langunga qadar mazlumlar bilan birgaman.
Rivoyat qilishlaricha, zolimlar ichra bir zolim o‘ziga ko‘shk qurdirdi. Ko‘shk go‘zal qilib bezatilgan edi. Shu orada yoshi o‘tibroq qolgan bir xotin keldi va ko‘shk yaqinida zolimning zulmidan qutulish niyatida bir namozgoh kulba qurdi. Bir kun ko‘shk egasi bo‘lmish zolim otiga minib, ko‘shkining atrofida aylana boshladi. Yoshi o‘tib qolgan xotinning kulbasini ko‘rib:
— Kimniki bu? — deb so‘radi.
— Kambag‘al bir xotinniki, shu yerga kirib-chiqib yuradi, — deyishdi.
Zolim uni buzib tashlashlarini buyurdi va kulba buzib tashlandi. Bir ozdan keyin xotin keldi. Kulbasining yiqitilganini ko‘rib:
— Kim buzdi buni? — deb so‘radi.
— Ko‘shk sohibi ko‘rib, buzdirdi!.. — dedilar.
Xotin buni eshitganda boshini ko‘kka ko‘tardi va:
— Ey Rabbim, maskanimni buzishganda men yo‘q edim. Ammo sen qaerda eding? — dedi.
Bu ohni eshitgan Olloh, Jabroil alayhissalomga u ko‘shkni ichida yotganlar ustiga yiqitishni amr etdi. Jabroil esa buyruqni o‘rniga qo‘yib ado etdi.
Qissadan hissa: Yaratgan Egam mehribon. Hech bir bandaning haqi birovida qolib ketmaydi. Yaxshilikmi yo yomonlik, albatta, egasiga qaytariladi. Bas, shunday ekan, ertaga qabrga zolim degan nom bilan ketishni istamasangiz, birovga qo‘l bilan ham, til bilan ham zulm etmang. Zero, mazlumning duosi Olloh qabulida tez ijobat bo‘ladigan duo sanalishini unutmang...
manbaa: HordiqPlus gazetasi.