Sharh: Ushbu oyatda Alloh taolo Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga avvalo o'z juftlari va qizlariga jilboblarini o'zlariga yaqinlashtirishni buyurishga amr etmoqda. Chunki Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari va qizlarining sharaflari ulug' bo'lgani uchun bu ishni hammadan oldin ular qilmoqlari lozimdir. Jilbob ustdan kiyiladigan yoki yopiladigan keng kuylak yoki libosdir. Mo'mina ayolni boshqa ayollardan ajratib turadigan bu kiyim turli musulmon o'lkalarda turlicha bo'lgan. Lekin hammasi ham mo'mina ayolni yomon ko'zdan saqlash, uni boshqa ayollardan ajratish kabi vazifalarni ado etgan. Johiliyat davrida ayollar ochiq-sochiq yurishar edi. Turli kiyimlar kiyib, ko'cha-kuyda erkaklarning e'tiborini o'zlariga tortishga harakat qilishardi. Shuning uchun fosiq va fojirlar ularning ham ortlaridan tushishgan, gap otishgan, turli qiliqlar qilishgan. O'sha fosiq va fojirlarga mo'minlar e'tiroz bildirib, Islom dini mo'mina ayollarga bunday munosabatda bo'lishni man qilganini aytganlarida, ular, biz bularning mo'mina ekanini bilmabmiz, mo'mina emas, balki cho'ri bo'lsa kerak, deb o'ylabmiz, deyishgan. Ushbu oyati karima nozil bo'lganidan keyin esa, sharoit tamoman o'zgargan. Imom ibn Abu Hotim Ummu Salama onamizdan qilgan rivoyatda u kishi roziyallohu anho: «Jilboblarini o'zlariga yaqin qilsinlar» oyati nozil bo'lganidan keyin, ansoriylarning ayollari qora rangli kiyim yopinib, xuddi boshlarida qarg'a o'tirgandek sokinlik bilan chiqardilar», deganlar. Ha, Islomiy hijob kiyimi mo'mina ayollarning mo'minalik alomatlari–belgilaridir. Bu narsa oyatda ham ta'kidlanmoqda. «Ana o'sha ularning tanilmoqlari va ozorga uchramasliklari uchun yaqinroqdir». Ya'ni, jilboblariga o'ranib, yopinchiq yopinib yurishlari, mo'mina ayollarning boshqalardan ajrab, mo'minaliklari tanilmog'i uchun yaqinroqdir. Ularning fosiq va fojirlarning ozoriga uchramasliklariga yaqinroqdir. Ushbu oyati karima tafsirida mashhur tafsirchilardan al-Suddiy quyidagilarni aytadilar: «Madiyna ahlining ba'zi fosiq odamlari kechasi bo'lishi bilan shahar ko'chalariga chiqib, ayollarning yo'llarini to'sar edilar. Madina ahlining maskanlari tor edi. Ayollar qazoi hojatga kechasi tashqariga chiqardilar. Fosiqlar shuni kutib turar edilar. Keyin jilbob yopingan ayolni ko'rsalar, bu hur ekan, deb o'zlarini tiyadigan, jilbobi yo'q ayolni ko'rsalar, bu cho'ri ekan, deb unga tashlanadigan bo'ldilar». Bu gapga izohning hojati yo'q. Har kim o'zi tushunib olsa, bo'ladi, deb o'ylaymiz. «Alloh o'ta mag'firatli va rahmli zotdir». Ushbu oyat nozil bo'lgunicha o'tgan amallarni O'zi kechiradi. Bu boradagi hisob-kitob, oyat nozil bo'lganidan keyin boshlanadi. Agar shunda ham kofirlar, munofiqlar, fosiq va fojirlar mo'min va mo'minalarga ozor berishdan to'xtamasalar, unda Alloh taolo boshqacha chora ko'radi:  Alloh taolo yana: «Sen mo'minalarga ayt: «Ko'zlarini tiysinlar, farjlarini saqlasinlar va ziynatlarini ko'rsatmasinlar, magar zohir bo'lgan ziynatlar bo'lsa (mayli). Ro'mollarini ko'ksilariga to'sib yursinlar. Ziynatlarini ko'rsatmasinlar, magar erlariga…», degan. Ushbu iqtibos «Nur» surasidagi mashhur oyatning bir bo'lagidir. Foyda to'liq bo'lishi uchun oyat karimaning qolganini ham zikr qilib, so'ngra sharhiga o'taylik. «…yo otalariga yo erlarining otalariga yo o'g'illariga yo erlarining o'g'illariga yo aka-ukalariga yo aka - ukalarining o'g'illariga yo opa-singillarining o'g'illariga yo ayollariga yo o'z qo'llarida mulk bo'lganlarga yo (ayollarga) behojat erkak xizmatchilarga yo ayollar avratining farqiga bormagan yosh bolalarga (bo'lsa mayli). Maxfiy ziynatlarini bildirish uchun oyoqlarini (erga) urmasinlar. Allohga barchangiz tavba qiling, ey mo'minlar! Shoyadki, najot topsangizlar». Ushbu oyatda Alloh taolo Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib, mo'mina ayollarga kiyim kiyish va avrat berkitish borasida o'zlarini qanday tutishlari lozimligini bayon qilib berishini buyurmoqda. «Sen mo'minalarga ayt: «Ko'zlarini tiysinlar..» Musulmon erkaklar kabi, muslima ayollar ham nomahramlarga shahvat nazari bilan qaramasliklari lozimligi ushbu oyatdan tushuniladi. Agar bexosdan nazarlari tushsa, ko'zlarini boshqa tomonga burishlari kerak. Chunki ayollarning erkaklarga davomli nazar solishlari ham o'rtada fitna, harom ishlar, zino kelib chiqishiga sabab bo'lishi mumkin. Shuningdek, ayol kishi boshqa ayolning avratiga nazar solishi ham man etiladi. Ayolning ayolga nisbatan avrati kindigidan tizzasigachadir. Ulamolarimiz Qur'oni Karim oyatlarini va Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarini chuqur o'rganib chiqib, ayollarning erkaklarga nazar solishida engil yo'l tutilganini ta'kidlashgan. Ayollar bir joyda o'tirib olib, nomahram erkakka noo'rin qaramoqliklari harom. Ammo ko'cha-ko'ydagi yoki harom bo'lmagan o'yinlar o'ynayotgan erkaklarga uzoqdan qarasalar, mayli. Imom Buxoriy, Imom Muslimlar rivoyat qilgan hadisda zikr qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam iyd kuni habashiylarning masjiddagi o'yinlariga qarab turganlarida Oyisha onamiz ham u zotning orqalaridan turib tomosha qilganlar. U zot Oyisha onamizni ulardan to'sib turganlar. Oyisha onamiz o'zlariga malol kelgandagina qaytib ketganlar. Shu bilan birga, o'sha paytda ayollarning masjid, bozor va boshqa joylarga borishiga ruxsat berilgan. Safarlarga chiqqanlar. Tabiiyki, bu holatlarda erkaklarni ko'radilar. «...farjlarini saqlasinlar...» Bu ibora erkaklardagi kabi ayollarda ham ikki ma'noni ifoda etadi: ayollar farjlarini harom ish, zinodan saqlasinlar hamda birovning nazari tushishidan saqlasinlar. Ayol kishining nomahram erkaklarga nisbatan avrati - yuzi va ikki kaftidan boshqa butun badanidir. Ma'lumki, muslima ayolga badanini nomahram erkaklardan to'sib yurish Alloh tomonidan buyurilgandir. Mo'mina-muslima ayol sharafini saqlash uchun Allohning amriga itoat etib, avratini nomahram erkaklardan berkitmog'i kerak. Buning uchun esa, yuzi va ikki kaftidan boshqa butun tanasini to'sib turadigan kiyim kiymog'i lozim. Shuningdek, kiyim yupqa, badanga yopishgan, tor bo'lmasligi ham zarur. Nomahram erkaklarning e'tiborini jalb qilmaydigan darajada bo'lishi kerak. Imom Abu Dovud Oyisha onamizdan rivoyat qilgan hadisda u zotning oldilariga opalari Asmaa binti Abu Bakr yupqa kiyim bilan kirganlarida, u erda o'tirgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzlarini o'girib olganlar va: «Ey, Asmaa, ayol kishi hayz ko'radigan bo'lganidan keyin undan mana bu va mana bundan boshqa joyi ko'rinmasligi kerak», deb ikki kaftlari va yuzlariga ishora qilganlari aytilgan. Ibn Jarir Tabariy o'z tafsirlarida Oyisha onamizdan keltirgan rivoyatda u kishi aytadilarki: «Oldimga ona bir akam Abdulloh ibn Tufaylning qizi ziynatlangan holda kirgan edi. Rasululloh kelib qoldilar va yuzlarini o'girdilar. Men: «Ey, Allohning Rasuli, bu ona bir akamning qizi, yosh qiz», dedim. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Ayol kishi balog'atga etgandan keyin undan yuzi va mana bu joylaridan boshqa joyi ko'rinishi halol emas», deb o'z bilaklarini tutumlab ko'rsatdilar. Ushlagan joylari bilan kaftlari orasida yana bir tutumcha joy qoldi». Hanafiy mazhabi ulamolari ayol kishiga yuz va kaftlarini ochib yurishga izn berar ekanlar, yuz va qo'lni ziynatlamasdan, tabiiy holda tutishni shart qilib qo'yadilar. «...va ziynatlarini ko'rsatmasinlar...» Ziynat deganda chiroyli kiyimlar, taqinchoqlar va ayollar o'zlarini chiroyli ko'rsatish uchun ishlatadigan turli vositalar ko'zda tutiladi. Islomda ayol kishiga zebu ziynat halol qilingan. Chunki chiroyli bo'lishga urinish har bir ayolning tabiatida bor. Alloh ularni shunday qilib yaratgan. Har bir ayol chiroyli ko'ringisi keladi. Zamon o'tishi bilan ziynat o'zgarishi mumkin, ammo ayol kishining ziynatga bo'lgan rag'bati o'zgarmaydi. Islom ayol kishidagi ushbu rag'batni e'tiborga oladi. Ayol kishiga ziynatlanishga ruxsat beradi. Shu ma'noda erkaklarga harom qilingan tilla, kumush va shoyi ipaklar ayollar uchun haloldir. Lekin Islomda ushbu zebu ziynatning ta'sir doirasi tartibga solingan. Ayollarning zebu ziynatlari nomahram–begona erkaklarning ko'zini o'ynatishga, shahvoniy hislarini qo'zg'ashga, fitna chiqishiga va zinoga yo'l ochilishiga sabab bo'lmasligi kerak. Ayol kishi shuning uchun ushbu oyatga amal qilib, ziynatini nomahramlardan berkitmog'i lozim. «...magar zohir bo'lgan ziynatlar bo'lsa (mayli)». Ya'ni, berkitishning imkoni bo'lmay qolganda gunoh emas. Misol uchun, beixtiyor shamol turibmi yoki boshqa sababdanmi, ziynati zohir bo'lib ko'rinib qolsa, gunoh hisoblanmaydi. «Ro'mollarini ko'ksilariga to'sib yursinlar». Ya'ni, boshlariga o'ragan ro'mollari faqat sochlarini emas, balki tomoqlari, ko'ksilari va ko'kraklarini ham to'sib tursin. Toki, ularning jamoli begona ko'zlarga mo'ljal bo'lmasin, turli fitnalar keltirib chiqarmasin. Ushbu amru farmonlarni haqiqiy mo'mina ayollar ulkan itoat bilan kutib olganlar. Chunki ularning qalblari ilohiy nur ila munavvar edi. Ularning nafslari ziynatlarini ko'z-ko'z qilishni istasa ham, o'zlari Allohning farmoniga so'zsiz bo'yinsunganlar. Johiliyat davrida ayollar iffat va sharm-hayo bilan kiyinishni bilmas edilar. Chiroylarini ko'z-ko'z qilishda musobaqalashar edilar. Soch o'rimlarini, bo'yinlarini, tomoqlarini, quloqlaridagi taqinchoqlarini, hatto ko'ksilarini ochib yurar edilar. Ushbu oyati karima nozil bo'lganidan keyin mo'mina ayollar tamoman boshqa holatga kirdilar. Buni Oyisha onamiz ham juda yaxshi anglatib qo'yganlar. Imom Buxoriy qilgan rivoyatda Oyisha onamiz quyidagilarni aytadilar: «Birinchi muhojir ayollarga Allohning rahmati bo'lsin. Alloh «Ro'mollarini ko'ksilariga to'sib yursinlar» oyatini nozil qilishi bilan darhol jilbob-to'nlarini yirtib, ro'mol qilib o'radilar». Imom Abu Dovud qilgan rivoyatda esa, Sofiyya binti Shaybar roziyallohu anho quyidagilarni aytadilar: «Biz Oyishaning oldida o'tirib Quraysh ayollari va ularning fazilatlarini zikr qildik. Shunda Oyisha roziyallohu anho: «Albatta, Quraysh ayollarining fazli bor. Ammo men, Allohga qasamki, Allohning kitobini taqsimlashda va nozil bo'lgan narsaga iymon keltirish borasida ansoriy ayollardan afzalini ko'rmadim. Surai «Nur»dagi «Ro'mollarini ko'ksilariga to'sib yursinlar» oyati nozil bo'lganda, erlari Alloh ular uchun nozil etgan narsani tilovat qilib berdilar. Erkaklar o'z xotini, qizi, singlisi va har bir ayol qarindoshiga tilovat qildilar. Birorta ham ayol qolmay, hammasi darhol to'nini olib, boshiga yopdi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan (namozda) xuddi boshlarida qarg'a turgandek (qora yopinchiq bilan) turar edilar», dedi. Shunday qilib, Islomda go'zallikdan zavqlanish halol va to'g'ri yo'lga qo'yildi. Ayollarning chiroyi va zebu ziynatlari begona erkaklarning hirslarini qo'zg'ash uchun ko'z-ko'z emas, balki o'zlarining jufti halollariga halol zavq beradigan bo'ldi. Shuningdek, ayollarga shahvat bilan qaramaslik erkaklarga ham aytib qo'yildi. «Ziynatlarini ko'rsatmasinlar...» Mo'mina ayollar qasddan yoki beparvolik bilan ziynatlarini ko'rsatib yurishi mutlaqo mumkin emas. «...magar...» quyidagilarga ko'rsatsalar, mayli: 1. «Erlariga...» Muslima ayolning ziynatlarini ko'rishga eng haqli odam uning eridir. Shuningdek, er ayol tanasining hamma joyini ko'rishga haqlidir. 2. «...yo otalariga...» Mo'mina-muslima ayolga uning otasi eng bosh mahram bo'ladi. Shuning uchun unga ziynatini ko'rsatsa, halol. Ota va undan keyin zikr qilinadigan mahramlari uchun ayolning nikohi haromdir, ular unga uylanishni, umuman shahvat bilan qarashni xayollariga ham keltirmaydilar. Shuning uchun mo'mina ayol ushbu mahramlarga ziynatini ko'rsatsa, bo'ladi. Yuzini, qo'lini, oyog'ini va uy ichida ochib yurishga majbur bo'ladigan ba'zi a'zolarini, jumladan xamir qilayotganda bilagini, uy supurayotganda boldirini ko'rsatsalar, gunohi yo'q. Ehtiyoj yuzasidan ruxsat berilgan. «Otalar» deyilganda katta ota, bobo va bobolarining otalari ham ko'zda tutiladi. 3. «...yo erlarining otalariga...» Ya'ni, qayin otalariga. Bunga qayin otaning otalari va katta qayin otalarning otalari ham kiradi. Ular ham ota o'rnida. Ular ham kelinlariga mahram, o'rtadagi munosabatda uylanish yoki shahvat nazari degan narsalarning bo'lishi mumkin emas. 4. «...yo o'g'illariga...» Bunga o'z o'g'illari, o'g'illaridan va qizlaridan bo'lgan o'g'il nabira va chabiralar kiradi. Bularning hammasi ham ayol kishi uchun mahram, ular orasida oila qurish yoki shahvat bilan qarash umuman mumkin bo'lmagan ish, shuning uchun ham muslima ayolga ularga ziynatini ko'rsatishga ruxsat berilgan. 5. «...yo erlarining o'g'illariga...» Ya'ni, erlarining boshqa xotindan bo'lgan o'g'illari. Bular ham mo'mina-muslima ayol uchun mahram sanaladi. Oralarida nikoh bo'lishi mutlaqo mumkin emas. Chunki o'rtada ona-bolalik aloqasi bor. Shuning uchun zebu ziynat va chiroy o'rtada shahvatni uyg'otmaydi. 6. «...yo aka-ukalariga...» Bunda tug'ishgan aka-ukalar, ota bir aka-ukalar va ona bir aka-ukalar hammasi barobardirlar. Ularning barchasi mahram hisoblanadilar, singillarining ziynatini ko'rsalar, mayli. 7. «...yo aka-ukalarining o'g'illariga...» Bunda ham tug'ishgan, ota bir va ona bir aka-ukalarning o'g'illari ko'zda tutilgan. Ayol aka-ukalarning farzandlariga amma bo'ladi. O'rtada mahramlik bor, uylanish yoki shahvat bilan qarash umuman bo'lishi mumkin emas. Boshqa mahramlar qatori bular ham hayot taqozosi ila doimo bir-birlari bilan ko'rishib, aralashib turishga ehtiyojlari bor. Shuning uchun ham jiyanlariga ammalarining ziynatlariga qarashlariga ruxsat berilgan. 8. «...yo opa-singillarining o'g'illariga...» Bu holatda ham tug'ishgan, ota bir yoki ona bir opa-singillarining o'g'illari ko'zda tutilgan. Ayol ular uchun xola bo'ladi. O'rtada mahramlik bor. Shuning uchun mo'mina ayol ziynatlarini ularga ko'rsatsa, bo'ladi. Ammo mo'mina-muslima ayolning erkak mahramlari bu bilan tugamaydi. Oyatda zikri kelmagan mahramlar ham bor. Misol uchun, amakilar, tog'alar va kuyovlar. Shuningdek, emikdoshlik orqali mahram bo'lganlar bor. Ular haqida oyati karimada biror narsa deyilmagan bo'lsa ham, hadislarda kelgan hukmlardan qiyos qilib, mo'mina-muslima ayol ularga ziynatini ko'rsatsa, gunoh yo'q, deb fatvo berilgan. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Oyisha onamiz roziyallohu anhoga emikdoshlik orqali amakisi va tog'asi bo'lgan erkaklardan qochib, hijob olishga ruxsat bermaganlar. Shunday ekan, nasab orqali bo'lgan amaki va tog'alarga, albatta, ziynatini ko'rsatishga ruxsat bor. Hadis ilmi sohasidagi eng mo''tabar olti kitobda va Imom Ahmad ibn Hanbalning «Musnad»larida Oyisha onamizdan rivoyat qilinishicha, Abul Qu'aysning ukasi Aflah kelib, u kishining huzurlariga kirishga izn so'ragan. U Oyisha onamizga emikdoshlik orqali amaki edi. Oyisha onamiz bu haqda shunday deydilar: «Men unga izn berishdan bosh tortdim. Rasululloh collallohu alayhi vasallam kelganlarida qilgan ishim xususida u zotga xabar berdim. U zot collallohu alayhi vasallam menga u (Aflah)ga izn berishimga amr qildilar». Imom Abu Dovud qilgan rivoyatda bu xusus yana ham ravshanroq bayon etilgan: «Oyisha onamiz quyidagilarni aytadilar: «Huzurimga Afloh kelgan edi, undan yashirindim. U: «Amaking bo'lsam ham, mendan qochasanmi?!» dedi. Men: «Qaerdan menga amaki bo'lasan?!» dedim. U javob berdi: «Seni mening akamning xotini emizgan», dedi. Men: «Meni emizsa, ayol kishi emizgan, erkak kishi emas», dedim. So'ng oldimga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirdilar, men bo'lgan gapni aytib berdim. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, u amaking bo'ladi, huzuringga kiraversin», dedilar». Yuqorida zikr qilingan mahramlarning hammasi abadiy mahram hisoblanadilar. Ya'ni, ularning mazkur mo'mina ayolga uylanishlari abadiy harom qilingandir. Ammo mahramligi vaqtinchalik shaxslar ham bo'ladi. Misol uchun, opa-singillarining erlari vaqtinchalik mahram sanaladi, ya'ni, opa bilan nikohda turgan erkakka uning singlisiga uylanishi harom sanaladi. Opa bilan ajrashgandan keyingina singilni nikohiga olish halol bo'ladi. Ularga nisbatan qanday muomalada bo'lish kerak? Bu hukm shariatda chegaralab qo'yilmagan. Ulamolarimizning aytishlaricha, buni chegaralashning imkoni ham yo'q. Chunki bunday qarindoshlik aloqalari turlicha bo'ladi. Shuning uchun hukmi ham turlicha. Bunda qarindoshlik nisbati, yosh, holatlar, bir joyda yashaydilarmi yoki ayrichami va boshqa omillar ham e'tiborga olinadi. Misol uchun, Oyisha onamizning opalari Asmaa binti Abu Bakr roziyallohu anho Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qayinsingillari bo'ladi va u zotdan qochmaganlar. Uylariga bemalol kirib yurganlar. Holbuki, ikkovlari orasidagi nikohning haromligi vaqtinchalik bo'lgan. Shuningdek, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning amakilarining qizlari Ummu Honi' roziyallohu anho ham u zot sollallohu alayhi vasallamdan qochmaganlar. Holbuki, ikkovlarining oralarida nikoh durust bo'lgan. Shu bilan birga, Zaynab binti Jahsh onamiz Payg'ambarimizning sollallohu alayhi vasallam huzurlarida Fazl ibn Abbosdan qochganlar. Holbuki, Zaynab binti Jahsh onamiz Fazl ibn Abbosning ammalarining qizi bo'lgan. Shunga o'xshash holatlarni o'rgangan ulamolarimiz, yuqorida aytilganidek, bunday ishlarda sharoitga qarab hukm chiqariladi, deganlar. Shuningdek, qarindoshligida shubha bo'lgan erkaklardan ham mo'mina ayollar o'zlarini hijobda tutganlari yaxshi, deyiladi. Endi mahram hisoblanmasa ham, mo'mina ayol ziynatini ko'rsatsa, bo'ladigan shaxslarning zikri keladi. 9. «...yo ayollariga...» Ya'ni, mo'mina ayollar ayollarga ziynatlarini ko'rsatsalar, bo'ladi. Ulamolarimiz bu haqda turli fikrlarni aytganlar. Ba'zilari, «ayollar»dan murod hamma xotinlar, deganlar. Ba'zilari musulmon ayollarni nazarda tutganlar, boshqa birlari esa, o'zlariga tegishli xotinlar, deb aytganlar. Chunki fosiqa, fojira ayollar muslima ayolning avratini, ziynatini ko'rsa, unga yaqinlashsa, fisqu fujurga boshlashi, fitna chiqarishi mumkin, deyishgan. 10. «...yo o'z qo'llarida mulk bo'lganlarga...» Bu iboradan qul va cho'rilariga ziynatlarini ko'rsatsalar, bo'laveradi, degan ma'no chiqadi. Ammo ulamolarimiz bu haqda ham ikki xil fikr aytishgan. Birinchi toifa ulamolarimiz, bundan murod faqat cho'rilar, qullar emas, chunki qul ham nomahram erkak, shahvati bor, ozod bo'lgandan keyin o'z ayol xo'jayiniga uylanishi mumkin, derlar. Unday bo'lsa, avval «ayollarga» deb turib, keyin «cho'rilariga» deyishning nima hojati bor? Cho'ri ham ayol-ku, degan e'tirozga, avval hur ayollar zikr qilindi, keyin cho'rilarga mumkin emas ekan-da, degan gumon uyg'onmasin uchun ular ham sanab o'tildi, derlar. Ikkinchi toifa esa, «yo o'z qo'llarida mulk bo'lganlarga» jumlasidan murod muslima ayolning mulki bo'lgan qul va cho'rilardir, bunda nafaqat cho'ri, balki qul ham ko'zda tutilgan, deydilar va o'z gaplariga Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan dalil keltiradilar. Imom Abu Dovud Anas ibn Molik roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda aytilishicha, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam bir qul olib kelib, Fotima roziyallohu anhoga sovg'a qiladilar. Fotima roziyallohu anhoning esa, bittagina kiyimi bo'lib, boshini berkitsa, oyog'i ochilib qolar, oyog'ini berkitsa, boshi ochilib qolar edi. U kishining qiynalib qolganini ko'rgan Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: «Mayli, senga hech gap yo'q. Bular sening otang va g'uloming», dedilar. Imom Termiziy va boshqa imomlar Ummu Salama onamizdan rivoyat qilgan hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o'z ayollariga: «Agar sizlardan birortangizning mukotabi (bahosini to'lab, ozod bo'lishga kelishgan quli) bo'lsa va u (o'z bahosini) ado etishga imkoni bo'lsa, undan hijoblansin», deganlar. Ya'ni, bu odam ozodligi juda yaqinlashib qoldi. Endi u qul bo'lmaydi, shuning uchun undan qochish lozim, deganlaridir. 11.«...yo (ayollarga) behojat erkak xizmatchilarga..» Bular tabiiy, jismoniy jihatdan erkakliklari o'lgan kimsalar bo'lib, qorin to'yg'azish uchun odamlarning xizmatini qilib yuradilar. Ularda umuman shahvat, ayollarga qiziqish degan narsaning o'zi bo'lmaydi. Muslima ayol ana shunday odamlarga ham ziynatini ko'rsatsa, bo'ladi. 12. «...yo ayollar avratining farqiga bormagan yosh bolalarga (bo'lsa mayli)...» Chunki kichkina bolalar avrat nima, shahvat nima, bilmaydilar. Ko'rish orqali fitna sodir bo'lmasligi, zinoga eltish ehtimoli uyg'onmasligi uchun ularning yo'li to'silgandan keyin, endi eshitish orqali fitna tug'diradigan yo'llarni ham to'sib, mo'mina ayollarga: «Maxfiy ziynatlarini bildirish uchun oyoqlarini (erga) urmasinlar», deyilmoqda. Johiliyat davrida ayollar oyoqlariga ham turli taqinchoqlar, qo'ng'iroqlar taqib olishar ekan. Keyin esa, erkaklarning e'tiborini jalb etish uchun oyoqlarini erga qattiq-qattiq urib yurib, haligi taqinchoqlarning ovozini chiqarishar ekan. Bu esa, o'z navbatida, erkaklarning shahvatini qo'zg'agan, ayolning ortidan tushib xiralik qilishiga va oxir-oqibat zinoga olib borishi mumkin bo'lgan. Shuning uchun, maxfiy ziynatlarni oshkor etish maqsadida o'sha ziynatlarning ovozini qasddan chiqarishga harakat qilish ham Islomda taqiqlandi. Ruhshunos olimlarning ta'kidlashlaricha, ba'zi odamlarda ayollarning chiroyini ko'rib, shahvati qo'zimasa ham, ulardagi ziynatlarning ovozidan hirslari uyg'onar ekan. Holbuki, Qur'oni Karim bu haqiqatni bir ming to'rt yuz yil muqaddam e'tiborga olgan. Ushbu oyati karimadan olingan qoidaga binoan, mo'mina-muslima ayollarga begona erkaklarning shahvatini qo'zg'atib, fitnaga sabab bo'lmasliklari uchun nafaqat hirsni qo'zg'otadigan ovoz berish, balki shunga vosita bo'lib qoladigan boshqa narsalar ham joiz emas. Shuning uchun ham mo'mina-muslima ayollarning ko'chaga xushbo'y atrlardan sepib chiqishlari man qilingan. Imom Nasaiy bunday rivoyat keltiradi: «Abu Hurayra roziyallohu anhu o'zlariga yo'liqqan bir ayoldan xushbo'y hidni sezib qolib: «Ey, Jabborning cho'risi, masjiddan keldingmi?!» dedilar. U ayol: «Ha», deb javob qaytardi. Abu Hurayra roziyallohu anhu: «Men o'z habibim, Abul Qosim sollallohu alayhi vasallamdan: «Alloh taolo ushbu masjidga xushbo'y atir sepib kelgan ayolning namozini to u ayol junublikdan keyin g'usul qilgandek g'usul qilmagunicha qabul qilmaydi», deganlarini eshitganman, dedilar». Imom Termiziy Abu Muso al-Ash'ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Har bir ko'z zinokordir. Qaysi bir ayol atir sepib olib, bir majlis ahli oldidan o'tsa, bundoqdir, bundoqdir», deb og'ir narsani aytganlar. Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollarning shirali ovoz bilan erkaklar e'tiborini tortishini ham man qilganlar. «Allohga barchangiz tavba qiling, ey, mo'minlar! Shoyadki najot topsangizlar». Ya'ni, ushbu bayon qilingan holatlarda sizdan xato o'tgan bo'lsa, Allohga tavba qiling va bu xatolarni boshqa takrorlamang. Shundagina najot topishingiz mumkin. O'rni kelganda, ushbu hukmlarga bog'liq boshqa masalalarni ham eslab o'tish lozim. Rasululoh sollallohu alayhi vasallam mo'mina-muslima ayollarni begona erkak bilan, hatto erkak qarindoshi bilan ham yolg'iz qolishini man qilganlar. Faqat yonida mahrami bo'lsagina, boshqalar bilan bir joyda tursa bo'ladi. Imom Termiziy Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Eri g'oyib ayollarning oldiga kirmanglar. Chunki shayton har biringizning qoningizda yuradi», deganlar. Imom Ahmad ibn Hanbal Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda esa, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: «Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo'lsa, mahrami yo'q ayol bilan xoli qolmasin, aksinchada, uchinchilari shayton bo'ladi», deganlar. Agar nomahram erkak va ayol birga qolsalar, hech bo'lmaganda, boshqalarda shubha tug'iladi, turli gap-so'zlar ko'payadi. Bu esa, ifk hodisasi kabi musibatlarga olib keladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o'zlari ham bu masalada juda hushyor bo'lganlar. Imom Abu Dovud keltirgan rivoyatda quyidagilar bayon qilingan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda e'tikof o'tirganlarida zavjai mutahharalari Sofiyya onamiz kechasi u zotni ziyorat qilgani keldilar. Suhbatlari tugab, u kishi qaytib ketayotganlarida Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam u kishini kuzatib eshik oldiga bordilar. Ikkovlari gaplashib turganlarida ansoriylardan ikki kishi o'tib qoldilar. Ular Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamni ko'rishlari bilan tez yurib keta boshladilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikkovlariga: «Shoshmanglar! Bu ayol Sofiyya binti Huyaydir», dedilar. Ular: «Subhonalloh! Ey, Allohning Rasuli!» deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, shayton odamlarning qon tomirlarida yuradi. Ikkovingizning qalbingizga biror yomonlik solmasin, deb qo'rqdim», dedilar. Shuningdek, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam erkakning qo'li nomahram ayolning hech bir joyiga tegmasligi lozimligini qattiq tayinlaganlar. O'zlari bay'at olgan vaqtlarida ham ayollarning qo'llaridan tutmaganlar. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam mo'mina-muslima ayolning yolg'iz o'zi yoki nomahram erkak bilan safar qilishini qattiq man etganlar. Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilarki, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam xutba qilayotib: «Hargiz bir erkak bir ayol kishi bilan xoli qolmasin, agar ayolning mahrami bo'lsa, mayli, ayol kishi zinhor safarga mahramsiz chiqmasin», dedilar. Shunda bir kishi o'rnidan turib: «Ey, Allohning Rasuli, mening ayolim hajga chiqdi, men esa falon joyda bo'ladigan g'azotga yozildim», dedi. U zot sollallohu alayhi vasallam unga: «Sen borib ayoling bilan birga haj qil!» dedilar. Ushbu hadisdan ko'rinib turibdiki, ayol kishini hatto hajga ham yolg'iz o'zini yuborib bo'lmas ekan. Hatto Allohning, dinu diyonatning yo'lida qilinadigan jihodni qo'yib bo'lsa ham, ayolning mahrami u bilan birga hajga borishi ta'kidlanmoqda. Chunki safar mashaqqat va xavfdan xoli emas. Mo'mina ayollarni mashaqqat va xavfda yolg'iz qoldirishga uning mahramlarining erkaklik g'ururlari ham yo'l bermasligi kerak. Yo'lda ayolning xizmatini qilib, qiyinchiliklardan, xavf-xatar va turli ko'ngilsizliklardan himoya etib borishi kerak. Shuningdek, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam nomahram erkak-ayollarning bir-biriga aralashib ketishini juda qattiq man qilganlar. Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Abu Usayd al-Ansoriy aytadilarki, «Nabiy sollallohu alayhi vasallam masjid tashqarisida turib, yo'lda erkaklar bilan ayollar aralashib ketganini ko'rdilar va ayollarga: «Sizlar orqada qolinglar, sizlar yo'lning o'rtasidan emas, chekkasidan yuringlar!» dedilar. Ayollar devor tagidan yura boshladilar. Ular devorga juda yaqin yurganlaridan kiyimlari unga tegib ketar edi». Jamoat bo'lib namoz o'qish, juma namozini ado etish naqadar ahamiyatli ekanini har bir musulmon yaxshi biladi. Juma farz. Jamoat namozini esa, ba'zilar vojib, ba'zilar sunnati mu'akkada, derlar. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislaridan birida: «Xohlar edimki, birovni odamlarga jamoat namozini o'qib berishga buyurib qo'yib, o'zim borib jamoat namoziga kelmaganlarning uyiga o't qo'yib yuborsam», deganlar. Bu va bundan ham shiddatliroq ma'noni anglatuvchi hadislar juda ko'p. Juma namozini uzrsiz qoldirgan odamning gunohi haqida gapirib o'tirmasa ham bo'ladi. Lekin erkak-ayol aralashib yurishi yaxshi emasligi e'tiborga olinib, ayol kishiga jumaga bormaslikka ruxsat berilgan. Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Jamoat bilan juma o'qish har bir musulmon uchun haqqu vojibdir. Faqat to'rt kishigagina: qulga, ayol kishiga, yosh bolaga va kasal odamga (vojib emas)», deganlar. Jamoat namoziga ayollarning qatnashmasliklari afzal ekanini ochiq-oydin aytganlar. Imom Ahmad va boshqa muhaddislar rivoyat qilgan hadisda Ummu Humayd as-Sog'idiy ismli ayol kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: «Ey, Allohning Rasuli, men siz bilan birga namoz o'qishni yaxshi ko'raman», debdilar. U zot collallohu alayhi vasallam: «Albatta, men sening men bilan namoz o'qishni yaxshi ko'rishingni bilaman. Sening uyingdagi namozing hujrangdagi namozingdan yaxshiroqdir. Hujrangdagi namozing hovlingdagi namozingdan yaxshiroqdir, hovlingdagi namozing qavming masjididagi namozingdan yaxshiroqdir, qavmingning masjididagi namozing mening masjidimdagi namozingdan yaxshiroqdir», deb javob berganlar. To'g'ri, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollarga masjidga kelib namoz o'qishga ruxsat berganlar. Lekin bu shartli ruxsatdir. Imom Ahmad ibn Hanbal va imom Abu Dovudlar rivoyat qilgan hadisda Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: «Xotinlaringizni masjiddan man qilmanglar. Uylari ular uchun yaxshiroqdir», deganlar. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ayollarni mo''tadil ravishda ziynatlanib, atir-upalar bilan lozim topilgan joylarda xushbo'ylashib yurishga targ'ib qilganlar. Ammo shu bilan birga, zebu ziynat orqasidan quvib, haddan oshishdan, shariatga xilof ish qilishdan qattiq qaytarganlar. Ana shunday man qilingan ishlar qatoriga ayol kishining sochiga boshqa sochni ulash va ulatish, yasama xol qo'yish va qo'ydirish, qoshni ingichka qilib terish va terdirish, tishlarining orasini sun'iy ravishda ochish va ochdirish, yuzining rangini butunlay o'zgartirish uchun turli vositalar bilan yuvish va yuvdirish kabi amallar ham kiradi. Mo'mina-muslima ayollarga bu ishlarni qilishlari ham, boshqalarga bajartirishlari ham mutlaqo mumkin emas. Bularning barchasi jamiyatda behayolik, shahvoniy buzuqlik, fohisha gap-so'zlar, jinsiy axloqsizlik va zino tarqalishining oldini oladigan choralardir. Ushbu ilohiy tadbirlarga bandalar chin ixlos bilan amal qilgan taqdirdagina jamiyat mazkur iflosliklar va ijtimoiy kasalliklardan pok bo'ladi. Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat: «Jilboblarini o'zlariga yaqin qilsinlar» oyati nozil bo'lganidan keyin, ansoriylarning ayollari qora rangli kiyim yopinib, xuddi boshlarida qarg'a o'tirgandek sokinlik bilan chiqdilar». Abu Dovud rivoyat qilgan. Sharh: Ushbu rivoyat ilk Islomiy davrning qahramon ayollari, insoniyat tarixi sahifalariga o'z ismlarini oltin harflar bilan yozishga musharraf bo'lgan, Islom ummatining shonu sharafi bo'lgan, er yuzini Islom nuriga to'ldirgan, birinchi Islomiy davlatni barpo qilishda Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga o'z hissalarini qo'shgan buyuk momolarimizning ko'plab qahramonlik namunalaridan birini vasf qilmoqda. Ushbu rivoyatda sharaflanayotgan ayolllar kechagina o'zlarining avloddan avlodga o'tib kelayotgan ochiq-sochiqlik, turli beodobliklarini qilib yurgan edilar. Bugun esa ular viqorli bo'ldilar. Hijobli bo'ldilar. O'z qadrlarini bildilar. O'zlarining turli behayo va shilqimlarga mo'ljal bo'lishdek sharafsizlikdan himoya qilishni o'rgandilar. Ularni bunchalik oliy darajaga ko'targan narsa ularning iymonlari edi. Allohga bo'lgan iymonlari ularga pastkashlik qilishga izn bermas edi. Ular endi barcha ishni Alloh taoloning ko'rsatmasi ila qilishga o'tgan edilar. Buni esa o'zlariga cheksiz sharaf deb bilardilar. Shuning uchun ham Allohning kalomi sharifida birgina oyatning nozil bo'lishi ularning kiyinish borasidagi dunyoqarashlari, o'zlarini tutishlari va yurish-turishlarini tamoman o'zgartirib yubordi. Xuddi mana shu ruh o'sha momolarimiznig nomlarini insoniyat tarixida oltin harflar bilan yozilishiga sabab bo'ldi. Ularning insonyat tarixidagi eng baxtli avlodni tug'ib tabiyalash baxtiga muyassar qildi. Shuningdek boshqa ko'plab g'alabalarga, muvaffaqiyatlarga sabab bo'ldi. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Birinchi muhojir ayollarga Allohning rahmati bo'lsin. Alloh «Ro'mollarini ko'ksilariga to'sib yursinlar» oyatini nozil qilishi bilan darhol murtlarini yirtib, ro'mol qilib o'radilar». Abu Dovud va Buxoriy rivoyat qilgan. Sharh: «Murt» ayol kishining jismini to'sib turadigan elkadan tashlab yuriladigan kiyim. Bu rivoyat ham o'zidan avvalgisini quvvatlib kelmoqda. Islomdan oldin hozirgiga o'xshab ayollar ro'mol o'rashni, o'zini xiyonatchi ko'zlardan saqlashni yomon ko'rar edilar. Aksincha, hozirgiga o'xshab iloji boricha ekaklarning ko'zini o'ynatishga, badanining ko'proq qismini ochib yurishga harakat qilar edilar. Shuning uchun ham, «Ro'mollarini ko'ksilariga to'sib yursinlar» oyatini nozil qilingan chog'da o'sha oyatga amal qilmoqchi bo'lgan muslima ayollar ham o'ragani ro'mol topa olmay qolganlar va ushbu rivoyatda aytilayotganidek, darhol murtlarini yirtib, ro'mol qilib o'radilar. Bu o'sha ajoyib mo'minalar avlodining qahramonligi va Allohning amriga darhol yurishlarining namunasi edi. Shuning uchun ham Oisha onamiz ularni madh ila eslamoqdalar va haqlariga duo qilmoqdalar. Ushbu rivoyatning boshqa siyg'alarda, murt o'rniga jilbob va izor ham kelgan. Ya'ni, har ayol o'z imkoniga qarab o'zida bor ortiqcha kiyimdan yirtib ro'mol qilib boshiga solgan. Ba'zi muhtarama opa-singillarimiz Allohning ushbu masaladagi amrini bilmay kelayotgan bo'lsalar, bilishlari ila xuddi mazkura sahobiyalarga o'xshash ish qilib, darhol ro'mol o'rab o'zlarini Islomiy kiyimga olsalar ulug' ish bo'ladi. Alhamdulillah hozir biror kiyimni yirtib ro'mol qilish ehtiyoji ham yo'q. Ro'mollar etarli. Faqat istak kerak, xolos. Ayol kishi o'ziga xos kiyinishi o'ziga xos go'zallik kashf etishini ayollarning o'zlari tushunib etmoqlari kerak. Bu haqiqatni ayollar o'zlariga kelgan, ularning haqiqiy insoniy tabiatlari o'zligini namoyon qilgan paytda ko'rish mumkin. O'shandoq paytlardan biri yaqinlarning o'limi. Boshiga o'lim qayg'usi tushgan ayollar o'zlarini o'nglashga harakat qilib qolishadi. Hatto boshqa dindagilar ham. Ana shundoq paytlarda ular boshlariga ro'mol o'rashga birinchi bo'lib shoshiladilar. Ta'ziyaga ketayotgan ayollar boshqalaridan ro'mol so'rab turishlari ham shuni ko'rsatadi. Ammo bir oz o'tib, o'lim, o'limning keltiruvchi Alloh eslaridan chiqqanda ro'mol ham eslaridan chiqadi. Haqiqiy mo'mina-muslima ayollarda esa bu holat mutlaqo bo'lmaydi. Chunki ular Alloh taoloni bir lahza ham unitmaydilar. Allohning amridan bir lahza ham chetga chiqmaydilar. Har bir ishni Alloh taoloning diniga-Islomga moslab qiladilar. Ana o'sha holatning zohiriy ko'rinishi mo'minalarning shariatga muvofiq kiyinishlarda bo'ladi. Ha, ayollar har bir ummatning kuchi yoki zaifligini ko'rsatib turuvchi daqiq belgidirlar. Ha, ayollar har bir ummatning taraqqiyoti yoki qoloqligini o'lchaydigan to'g'ri o'lchovdirlar. Har bir jamiyatning ahli solih bo'lishi undagi oilalarning ahli solih bo'lishiga bog'liqdir. Har bir oilaning ahli solib bo'lishi undagi ayolning ahli solih bo'lishiga bog'liqdir. Har bir ayolning ahli solih bo'lishi iymon-e'tiqodli, ilmli va taqvodor bo'lishiga bog'liqdir. Ayoli yo'ldan chiqqan har bir oilaning o'zi ham yo'ldan chiqadi, ishi orqaga ketadi. Oilalari yo'ldan chiqqan har bir jamiyatning o'zi ham yo'ldan chiqadi, ishi orqaga ketadi. Xalifa Mu'izlidinillah Misrni o'ziga bo'yinsudirolmay uzoq vaqt qiynaldi. U ko'p marta kuch ishlatish rejasini qilar, lekin Misrda hukmni qo'llarida tutib turgan Ixshidiylarning shavkatidan qo'rqib orqaga qaytar edi. Bir kuni unga, Ixshidiylar qasrining ayollari ayshu-ishratga berilibdilar, faziylatlarni unutibdilar, degan xabar keldi. Shunda xalifa engil nafas olib, endi Misr bizniki bo'ldi, dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ummu Salamaning oldiga kirganlarida u ro'mol o'rayotgan edi. Bas, u zot: «Bir marta aylantirish. Ikki marta emas», dedilar. Sharh: Ya'ni, ro'mol o'raganda uni bo'yindan ikki marta aylantirmasdan bir marta aylantirish kerakligini ta'kidlanmoqda. Yana o'sha kishidan rivoyat qilinadi: «Asmaa binti Abu Bakr roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga yupqa kiyim bilan kirdi. Bas, u zot undan yuzlarini o'girib oldilar va: «Ey, Asmaa, ayol kishi hayz ko'radigan bo'lganidan keyin undan mana bu va mana bundan boshqa joyi ko'rinmasligi kerak», deb ikki kaftlari va yuzlariga ishora qildilar». Ikkisini Abu Dovud rivoyat qilgan. Sharh: Ushbu hadisi sharifdan mo'mina ayolning kiyinishi haqidaga masalaga oid bir necha hukmlar olinadi. 1. Mo'mina-muslima ayollarning kiyimlari yupqa bo'lmasligi shart. Tagidan badan ko'rinib turadigan kiyim satri avratga kirmaydi. Ulamolarimiz bunga o'zi qalin bo'lsa ham torligi uchun badanni vasf qilib turadigan kiyimlarni ham qo'shadilar. 2. Musulmon erkaklari ochiq-sochiq, noshar'iy kiyinib yurgan ayollar qarshilaridan chiqsa ularga qaramaslik chorasini qilishlari lozimligi. 3. Shar'iy kiyinish, boshqa shar'iy takliflarga o'xshab qizlar bolg'atga etgandan so'ng farz bo'lishi. 4. Yuz va ikki kaft muslima ayollar uchun avrat emasligi. Muslimalar yuzlari va ikki kaftlari nomahramlarga ko'rinishi tufayli gunohkor bo'lmaydilar. Bu ulamolar jumhuri, jumladan, Hanafiy, Molikiy va Shofe'iy mazhablarining ittifoqidir. Albatta, o'sha paytda yuz va ikki kaft zebu ziynatsiz bo'lishi va fitna xavfi bo'lmasligi shart. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim manmanliklik ila kiyimini sudrab yursa, qiyomat kuni Alloh unga nazar solmas», dedilar. Shunda Ummu Salama: «Ayollar etaklarini qandoq qiladilar?» dedi. «Bir qarich tushirib oladilar», dedilar u zot. «Undoq bo'lsa oyoqlari ochilib qoladi», dedi u. «Bir ziro' tushirib oladilar, undan ziyoda emas», dedilar u zot». Termiziy va uning ikki sohibi rivoyat qilgan.. Sharh: «Ziro'» - o'rtacha ikki qarich uzunligidagi o'lchov birligi. Avval o'rganib o'tganimizdek, musulmonlar manmanlik ila kiyimlarini osiltirib, erga sudrab yurishdan qaytarilganlar. Bu amr ham erkaklar, ham ayollar uchun ekan. Ammo ayollarga satr ishi qattiq ta'kidlanganidan mazkur hukmda ularga xos chegara belgilangan ekan. Ushbu ayolar uchun xos hukmni shariatga kiritilishiga Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalaridan birlari Ummu Salama onamiz sabachi bo'lgan ekanlar. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim manmanliklik ila kiyimini sudrab yursa, qiyomat kuni Alloh unga nazar solmas», dedilar». Avval o'rganib chiqqanimizdek, bu jumlada bayon etilayotgan jazo og'irdir. Qiyomat kuni Alloh taoloning nazaridan benasib qolish deganidir. Ummu Salama onamiz ayollik hislari bilan ayollarning g'amini qildilar. Ular etaklari uzun ko'ylak kiyishlari shartligini o'ylab, u holda hozir aytilgan gaplar nima bo'ladi, degan xayolga borib, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamga: «Ayollar etaklarini qandoq qiladilar?» deb savol berdilar. Ularning etaklari uzun, shundoq bo'lishi kerak ham. Agar manmanliklik ila kiyimini sudrab yursa, qiyomat kuni Alloh unga nazar solmasa, ayollar ham etaklarini boldirning yarimidan kesib tashlashlari kerakmi? Yoki boshqa biror echim bormi? Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam bu savolga boshqa echim borligini bildiruvi javob berdilar: «Bir qarich tushirib oladilar», dedilar u zot». Bu ham ayollarni to'sinib yurishlari muhimligi uchun qilingan istisnodir. Lekin ayollarning vakilasi Ummu Salama onamiz ayollarning o'zlariga xos hassoslik bilan masalani yana oydinlashtirishni iroda qilib: «Undoq bo'lsa oyoqlari ochilib qoladi», dedilar. Ya'ni, ayollar etaklarini bir qarich tushirib yurganlarida ham oyoqlari ochilib qolishi turgan gap. Unda nima bo'ladi? Shunda Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam hal qiluvichi javobni berdilar: «Bir ziro' tushirib oladilar, undan ziyoda emas», dedilar u zot». Bir qarich tushirilgan etaklaridan ham oyoqlari ochilib qoladigan bo'lsa, ayollar etaklarini bir ziro'-ikki qarich tushirib yursinlar. Ammo undan ortig'iga ruxsat yo'q. Ushbudan maqsad avrat hisoblanadigan joyni nomahramlarga ko'rsatmaslik ekani kelib chiqadi. Maqsad qancha uzun yoki qisqa bo'lishida emas ekan. Xulosa qilib aytadigan bo'lsak, muslima ayollarning kiyimlari dunyodagi eng go'zal, eng chiroyli, eng odobli, eng yaxshi, eng muhimi Allohning amriga muvofiq kiyimlardir. Bundan ortiq sharaf bo'lishi mumkin emas. Shuning uchun ham bu kiyimlarga Allohni unutgan, Allohdan qo'rqmaganlargina qarshi chiqadilar. Chunki Islom dushmanlari muslimalar dinlariga amal qilsalar, Islom jamiyati engib bo'lmas kuchga aylanishini yaxshi biladilar. Bu masalani barcha musulmonlar yaxshi anglab etishlari va shunga yarasha harakat qilishlari lozim. Ulamolarimiz muslima ayolning libosi to'g'risidagi barcha hujjat va dalillarni puxta o'rganib chiqib jumladan quyidagi mulohazalarni ta'kidlaganlar; 1. Ayol kishining libosi tagi bilinib turadigan darajada yupqa va tor bo'lmasligi lozim. 2. Ayol kishi tillo va kumush bilan bezalgan, naqshlangan kiyimlarni kiyishi joiz. 3. Ayol kishi erkak kishining kiyimini kiyishi harom. Hadis va Hayot (Taom, sharob va libos kitobi)
|