Amal - Amal nima? - Bandaning hayotda qilgan ishlari. - Islomda bandaning amali necha qismga bo’linadi? - Hammasi sakkiz qismga bo’linadi: Birinchisi – farz. Ikkinchisi – vojib. Uchinchisi – sunnat. To’rtinchisi – mustahab. Beshinchisi – muboh. Oltinchisi – harom. Yettinchisi – makruh. Sakkizinchisi – mustakrah. Ushbu sakkiz qism amalning ba’zilarini bajarish shart, ba’zilarini bajarmaslik shart. Yana ayrimlarini qilish-qilmaslik ixtiyoriy. - Farz qanday amal? - Farz Alloh taolo buyurgan amaldir. Uni qilgan kishi savob topadi. Uzrsiz bajarmagan kishi gunohkor bo’ladi. Uning zarurligiga ishonmagan kishi esa kofir va imonsiz sanaladi. - Farz amali qaysi holatlarda ko’rinadi? - Alloh taologa imon keltirish, Islom dinidagi besh vaqt namozni o’qish, ramazon oyida har kuni ro’za tutish, zakot berish va haj qilish. - Vojib qanday amal? - Vojib – Islom dinida bajarilishi shart bo’lgan amal. Uni bajargan kishi savob oladi, bajarmaganlar gunohkor bo’ladi. Vojib amalga ishonmagan kishi kofir va imonsiz bo’lmasa ham, katta gunohga botadi. - Qanday amallar vojib amalga kiradi? - Vitr namozini o’qish, hayit namozlarini o’qish, sadaqa va fitr berish, qurbonlik so’yish, Qur’ondan sajda oyatlari o’qilgan paytda sajda qilish kabilar. - Sunnat qanday amal? - Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalomning qilgan amallari. Sunnat amalini qilgan kishi savob topadi. Qilmagan kishi gunohkor bo’lmasa-da, qiyomat kuni malomatga qoladi, Payg’ambarimiz shafoatlariga loyiq bo’lmaydi. - Sunnat amali nimalarda ko’rinadi? - Yaxshi ishlarni «Bismillahir rohmanir rohim», deya boshlash, mo’min kishilarga salom berish, Qur’on o’qishni «A’uzu billahi minash shaytonir rojim» so’zlari bilan boshlash singari amallardir. - Mustahab qanday amal? - Mustahab Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalom ba’zan bajargan va ba’zan bajarishni lozim ko’rmagan amaldir. Uni qilgan kishi savob topadi. Ammo qilmasa, gunohkor bo’lmaydi. Qiyomat kuni azob va malomatga ham qolmaydi. - Mustahab amaliga qanday yumushlar kiradi? - Nafl namoz o’qish va nafl ro’za tutish, nafl sadaqa berish va doim tahoratli yurish kabilar. - Muboh qanday amal? - Muboh shunday amalki, qilinsa ham, qilinmasa ham durust bo’laveradi. Undan kishi savob ham, gunoh ham topmaydi. Qilish-qilmaslik bandaning ixtiyoridadir. - Qanaqa amallar mubohga misol bo’ladi? - Halol taomlarni yeyish, halol ichimliklarni ichish, o’tirish, turish, yurish va zararsiz so’zlarni so’zlash. - Harom qanday amaldir? - Harom Islom dinida qat’iy ta’qiqlangan amaldir. Uni qilgan kishi qattiq gunohga botadi, uni halol, deguvchilar kofir va imonsiz hisoblanadi. - Qanday ishlar harom qilingan? - Nohaq odam o’ldirish, odamzotga va hayvonotga zulm qilish, g’iybat qilish, o’g’irlik, yolg’onchilik, aroqxo’rlik va zinokorlik kabi ishlar. - Makruh qanday amal? - Makruh Islom dini ta’qiqlagan amal. Makruhni qilmagan kishi savobga qoladi, qilgan kishi esa azoblanishi mumkin. Uni qilgan kishi kofir bo’lmasa-da, gunohga botadi. - Makruh amali nimalarda ko’rinadi? - Masjidga tuflash, (fahsh) nag’malarga quloq solish, odobsiz she’rlarni kuylab hofizlik qilish, odamlar ichida masxarabozlik qilish, uyatsiz she’rlarni bitish kabilar makruh amallardir. - Mustakrah qanday amal? - Mustakrah shunday amalki, uni qilgandan ko’ra qilmagan yaxshiroqdir. Qilgan kishi gunohkor sanalmasa-da, odobsiz bo’ladi. Qiyomatda azobga qolishi mumkin. - Mustakrahga qanday amallar kiradi? - Taomni katta-katta yeyish, bozorda, ko’chada ovqatlanish, baland ovoz bilan kekirish va hayqirib esnash kabilar.
|