Allohning go'zal ismlari Allohni yaxshroq tanimoq uchun,
Ismlarin o'qib, ko'zim yoshladim.
Foydasi tegar deb, kimgadir bir kun,
O'qib uqqanlarim yoza boshladim.
Undan naf topsangiz Allohdan bilib,
Nuqsonu xatosin bizdan bilgaysiz.
Umidim sizlardan, bir himmat qilib,
Ota-onam xaqlariga duo qilgaysiz.
--------------------------------------------------------
Sening tanimoqqa mushtoqu zorman,
Yo'q erur Sendan o'zga hech qanday iloh.
Tilim va dilimda bunga iqrorman,
Sen yolg'iz ma'budsan, yagona Alloh!
Angladim men Sensiz bechoradirman,
Faqat dunyo tashvishi-la ovoradirman.
Rahmatingni darig' tutma, ey, ulug' Rahmon,
Men bechora Sendan ketib qay boradurman.
Sening azobinga dosh berolmasman,
Mag'firating ila avf et, ey, Rohiym.
Sensiz xatto ko'zim yuma olmasman,
Shukr, kech bo'lsa ham Seni tanidim!
Bo'ynimda har qancha, gunoh bo'lsa bor,
Xisob qilib jonimga, jabr etma Jabbor.
Ko'zimda yosh bilan so'rayman takror,
Tavbamni qabul et,ey, Parvardigor.
Sensiz mening holim, shubhasiz harob,
Beminnat rizq berding ey, ulug' Razzoq.
Yeganim noz-ne'mat, ichganim sharob,
Shunda ham men g'ofil shukrdan uzoq.
Shukrki ba'zi-bir gumrohlar kabi,
Seni ayblamabman ey, poki Quddus.
Sen butun olamlar, odamlar Robbi,
Har qanday ayb senga tuhmatdir shaksiz.
Xotirjamlik qolmas, qolmagay rohat,
Sokinlik bermasang, ey, ulug' Salom.
Namozu ro'zamda qolmas halovat,
Lazzat topolmasman, o'qib ham Kalom.
Sening roziliging topmoq osonmas,
Bu yo'lda kifoya qilgin ey, Hasiyb.
Bandang xisobinga toqat qilolmas,
Jannatga kirmoqni qil bizga nasib.
Hidoyatdan burib qo'ymagin zinhor,
Iymon va omonlik bergin ey, Mu'min.
Duoda umid-la so'rayman takror,
Chin musulmon qilgin, qilgin chin mo'min.
Yursam ham, tursam ham ko'rib turgansan,
Shohidsan, guvohsan ulug' Muhaymin.
Jamiki borliqni qamrab olgansan,
Na nabotot qolgan va na insu-jin.
Sen shunday ulug' Zot, men xaqir banda,
Kibr Senga xosdir, Sen Mutakabbir.
Sen-la bu sifatni talashgan banda,
Dunyoning o'zida xor bo'ldi axir.
Yaratding maxluqlar, hech o'xshashi yo'q,
Aniq o'lchov bilan barchasin Xoliq.
Sen Xolis, men esa oddiy bir maxluq,
Nafaqat men, balki jamiki borliq.
Yo'q edim, bor qilding, O'zingga shukr,
Yo'qdan bor qilmoqlik Senga xos Bori'.
Bergan ne'matlaring qilmoqqa zikr,
Yetmaydi xattoki umrimning bari.
Bir rassom ishiga bo'lib men hayron,
Seni o'ylamabman ulug' Musovvir.
Angladim qog'ozga chizmoqlik oson,
Sen esa, bir tomchi suvga musavvir.
Gohida o'zimdan or qilaman or,
Gunohlarim kechir ey, Robbim G'affor.
Qabrim meni siqmasin, qilma uni tor,
Mag'firating dengizida cho'milay takror.
Ne'matlar berding menga behisob,
Sen Fattoh, Sen Qaxxor va oliy Vahhob.
Bandai ojizman, to'ymadim so'rab,
Mana yana jamoling turibman tilab.
Avvalu oxir va zoxiru botin,
Barchasin bilguvchi ey, ulug' Aliym.
Tilagim musulmon bandang vafotin,
Go'zal qil, Azroil bo'lsin muloyim.
Jonimni eng go'zal holatlarda ol,
Jonlarni tutguvchi, olguvchi Qobiz.
Kofirlardan qilma, hidoyatga sol,
Xoru-zor qilguvchi ey, ulug' Xofiz.
Sening huzuringdan o'zga joylarda,
Adolat butkulmas, odil hakam kam.
Bandang huzuringda bo'lgan chog'larda,
Tan olgay Adl Sen, Sen oliy Xakam.
Lutfingdan umidvor bir bandadurman,
Lutfingdan bebahra qilmagin Latiyf.
Yo'qsa ikki dunyoda sharmandadurman,
Lutf etgil, bandangman nochor va zaif.
Xar narsadan o'ta xabardordursan,
Buni bildirguvchi sifating Xobiyr.
Diningni holidan xabardordursan,
Bizlarga nusrat ber, ber bizga sabr.
Azobi naqadar dahshatli vayl,
Sifatlaring xaqqi asra ey Jaliyl.
Bizlarni g'aniy qil va qilgin haliym,
Barokating yog'dir bizlarga Kariym.
Sen ulug' Shahiydsan, men esa g'arib,
Duolarim mustajob qilgin ey, Mujiyb.
Gunohlar qopini ko'tarib, xorib,
Huzuringda yolg'iz qoldimku turib.
Bu ismingni tinglaganda yoshlar quyilur,
Bandang osiy gunohkordir, Sen esa G'ofur.
Qaysi sulton oz ish xaqin ziyoda berur,
Faqat Alloh shunday qilur, chunki U Shakur.
Aslida kim xaqdir, kim asli noxaq,
Sen yuzaga chiqarursan ey oliy Haqq.
Men ojiz qulingman so'zida turmas,
Faqat Sen yagona sobit o'zgarmas.
Barcha ishim xatto molu jonim ham,
Bor budimni Senga topshirdim Vakiyl.
Endi dunyo uchun chekmayman alam,
Ey Robbim meni ham do'stlaringdan qil.
Barcha narsalarni xisobi Senda,
Barchasin avvaldan bor qilgan Mubdi'.
Yo'qni bor qilmoqlik qudrati Senda,
Yagona Mu'iydsan, yagona Muxsiy.
Yo'qdan bor qilib tiriltirgansan,
Bunday qudrat faqat Sendadir Muhyiy.
Bizlar o'lgach yana tiriltirgaysan,
Mumiyt sifatingla bu Senga tabiiy.
Sening ibtido-yu, intohiying yo'q,
Maxluqing ustida Qayyumsan, Hayysan.
Hamma yo'q bo'lsa ham Sen bo'lmaysan yo'q,
Chunki Sen Avvalsan, Oxir O'zingsan.
Sen hoxlasang, bas topasan albat,
Hech kimsa yo'lingni to'solmas Vojid.
Mutloq ulug'vorlik, shon-sharaf, shavkat,
Yolg'iz Senga xosdir ey, ulug' Mojid.
Senga iymonsizlar tuhmat qilgandek,
Sherikdan pokdirsan, yagona Voxid.
Sifat va ishingda xuddi Zotingdek,
Yagona bilmoqlik xaqiqiy tavxid.
Faqat Senga sajda qilganlar omon,
Qudrating cheksiz, yo'q unda sarhad.
Maxluqlaring bitib, qolmasa nishon,
Sen boqiy qolursan, ey ulug' Somad.
Qudrating ta'rifiga tilimdir ojiz,
Sen azal-azaldan erursan Qodir.
Yana bir so'z aytay, faqat bir og'iz,
Sen shunday qudratli, tanho Muqtadir.
Sen Zohir, borliging ochiq oydindir,
Sen Botin, ko'rinmas, pinhona, maxfiy.
Nuqsondan yuqori Sen Muta'oliy,
Har narsaga sohib faqat Sen Voliy.
Bandang tavba qilsa berasan savob,
Bandasin tavbaga yo'llovchi Tavvob.
Men ham tavba qildim gunohlarimga,
Tavbamni qabul qil Tavvob sifat Robb.
Senga duo qilib so'rasam agar,
Ulug' yaxshiliklar berarkansan Barr.
Shuni anglamasdan kezib darbadar,
Yuribman necha yil izlab dunyo, zar.
Zolimlarni Senga havola qildim,
Intiqom olmoqqa xaqsan Muntaqim.
Afuvv sifatingla meni qilgil afv,
Ey, o'ta shafqatli, mehribon Ro'uf.
Ey, sharaf sohibi qabul qil tavbam,
Do'zaxing oloviga tanamni qilgil harom.
Sen kamol sohibi, sohibi karam,
Faqat Sen Zul Jalali val Ikrom.
Allohim o'tinchim nolamni eshit,
Zolimga insof ber, mazlumga nusrat.
Faqat Sen Nofi'san, faqat Sen Muqsit,
Bizlarga nasib qil go'zal oqibat.
Barcha xaqiqatni jamlaganing rost,
Qiyomatda basharni jamlovchi Jomi'.
Sening buyrug'ing xaq, qaytarganing xaq,
Istaganin man qilguvchi O'zingsan Moni'.
Foydani ham, zararni ham yaratgan Zot,
Zarar bilan holimni aylama afgor.
Johillikda necha yil bilmadim toat,
O'shalarni zararimga hujjat qilma Zorr.
Mendek nochor bandangni hidoyatga sol,
Xohlaganin hidoyatga yo'llovchi Xodiy.
O'xshashi yo'q ne'matlaring aqlim qilar lol,
Mislsiz narsalarni keltiruvchi Badiy'.
Senga foniy xosmas, borsan doimiy,
Dunyo tugasa ham qolursan Boqiy.
Garchi mavjudotdan qolmasa ham iz,
Sen boqiy qolguvchi ulug' Zot Voris.
Kofirga xor qilma, mo'minga mag'rur,
Qalbimizni tark etsin kibr va g'urur.
Shundagina dillarimiz bo'ladi masrur,
O'zgalarni zohir etding, O'zing zoxir, Nur.
Maxluqlaring Senga hojatmand albat,
Eng oliy behojat Sensan ey, G'aniy.
Kim senga chin dildan qilsa ibodat,
Odamlardan behojat qilasan Mug'niy.
Sening xohishingsiz to'kilmas bir tuk,
Barcha mulklar egasi Sen Malikul-Mulk.
Qazo qadar barchasin Sendan deb bildik,
Shunday ekan bu tashvishlar, isyonlar nechuk.
Xohlaganing oldga sursang birov to'solmas,
Agar ortga sursang Sen, oldga surolmas.
Befoydadir haloyiq urinsa ham betinim,
Faqat Sen Muaxxir, oliy Muqaddim.
Dunyo tashvishidan aslo chekmay g'am,
Bosit sifatingla keng qil rizqim ham.
Martabam baland qil, xor qilma hargiz,
Sen Rofi', Sen Muzill, faqat Sen Mu'izz.
Ne qilsam, ne desam ko'rib eshitasan,
Shivirlab so'zlasam bilasan baribir.
Sendan maxfiy qolmas birorta ham sir,
Sen shunchalik Sami', shunchalik Basiyr.
Tavba uchun imkon berding biz ojizlarga,
Azoblashga shoshilmading Sen axir Haliym.
Ulug'liging aslo sig'mas tasavvurlarga,
Azamating shunday yuksak, Sen ulug' Aziym.
Har narsadan kattadursan, faqat Sen Kabiyr.
Shuning uchun bandalarga yarashmas kibr.
Martabang ham benihoya oliydir Aliy,
Da'vo qilma oliylikni, banda, tiling tiy.
Panohingga keldik bizni, qilgil xifz,
Ey, komil muxofaza qilguvchi Hafiyz.
Moddiy, ruhiy qutlarni yaratgan kim? Ayt,
Shak-shubhasiz Udir, chunki U Muqiyt.
Keng rahmating ila qilgil mag'firat,
Sening har ishingda sanoqsiz hikmat.
Sen Vosi', Sen Roqiyb, faqat Sen Vadud,
Sen Bo'is, Sen Xakiym, tanho Sen Majiyd.
Hidoyating topganlarga qilmaysan taxdid,
To'g'ri yo'lga irshod qilib boshlaysan Roshiyd.
Osiy qavmlar tug'yon qilib qilsa ham g'urur,
Azoblashga shoshilmaysan sabrli Sobur.
Jamolingni ko'rmoq istar mendek bandai g'arib,
Gunohlardan qaddim dol, bormoqdaman munkayib.
Jamolingni ishqi birla nusrat bergil ey, Valiy,
Jannatingga solib bir bor qilsang tajalliy.
Robbim muhabbatingdan nasiba bergil menga,
Shu sevgi sababindan menga han kun bo'lar iyd.
Bu sevgidan mast bo'lib, maqtovlar aytay Senga,
Barcha maqtovlar bilan maqtalgan ulug' Hamiyd.
Son-sanoqsiz lashkar ila kelsalar hamki yog'iy,
Sendan ojiz bo'larlar quvvati cheksiz Qoviy.
Xoh yerlik bo'lsin ular, xoh bo'lsinlar samoviy,
Sendan o'zga quvvatli yo'q, yo'q Sendan o'zga oliy.
Matonatim cheksiz deydi kerilib bir betayin,
Uning bu da'vosiga hayf ekan-ku bir tiyin.
Taniyapman Seni xaqqiy, isming bilganim sayin,
Faqat Sen ulug' Robbim eng matonatli Matiyn.
Ismlaring o'qidim, uqdim oz muncha,
Sifatlaring bildim bildirganingcha.
So'zlarim so'nggida qilibon duo,
Yolvorib so'rayman Ya Robb, Robbano.
Mening o'zimga mos munosabatla,
Muomala qilmagil ey, mehribon Zot.
Meni O'zingga xos sifatlaringla,
Afv qilgil, rahm qil, qilgil mag'firat.
Chunki men shundayin gunohkor banda,
Meni o'zimdanda yaxshi bilasan.
Umidim shul erur u Ulug' Kunda,
Menga fazling ila shafqat qilasan.
Yo'qsa holim bo'lgay albatta harob,
Fazlingga olmasang savob ham sarob.
Muhammadni Rasul, Seni dedim Robb,
Bor yo'g'im shu erur qilmagil iqob.
Iloho Rasuling birla bizni hamdam qil,
Ul sirotdan o'tar vaqtda sobit qadam qil!
Allohning quli Abdulloh!